Oxirgi 150 yil davomidagi shiddatli jarayonlar ongimizni, dunyoqarashimizni oʻzgartirdi, turmush tarzimizni yaxshiladi. Ammo, afsuski, bu vaqt orasida bizning millat dunyo miqyosida faqat isteʼmolchiga aylanib qoldi. Natijada jahonda boʻlayotgan ijtimoiy, madaniy trendlarni qabul qilish bilan birga, ularga oʻz soʻzimizni ham aytishimiz zarur boʻlgan bir vaqtda jim qoldik. Buning sabablari koʻp. Shulardan biri kechmish va ayni kundagi eng bahsli mavzulardan biri hisoblanuvchi gender tengligi masalasidir.
Rossiya imperiyasi davrida gender masalasi va Turkistondagi vaziyat
Rossiya imperiyasida gender masalasi Yevropadagi singari XIX asr yarmida tilga olina boshlandi. Bu mamlakatda urbanizatsiya jarayonlari kuchayganidan dalolat berardi. Ammo rus qishloqlarida masalaga muammo sifatida qaralmas, asosan, shaharliklar va ziyolilar bu mavzuni koʻtarishardi. Ayniqsa, Lev Tolstoyning “Kreyser sonatasi” asari koʻp bahslarga sabab boʻldi. Yozuvchi gender masalasini sevgi-muhabbat va oila qurish bilan bogʻlaydi. Uning fikricha, zamonaviy oila muhabbat va oʻzaro hurmat asosida qurilishi zarur edi. Albatta, Tolstoyning fikrlari aksar jamoatchilik tomonidan qabul qilinmadi.
Rossiya imperiyasi Turkistonni zabt etganidan soʻng, mustamlakachilarning yerli aholi turmush tarziga qiziqishi ortdi. Olimlar va sayyohlar turkistonlik xotin-qizlar haqida koʻproq bilishni istashar, ularni suratga olishar va maxsus albomlar yaratishardi. Ilmiy jihatdan turkistonlik ayollar haqida birinchi bor er-xotin Nalivkinlar kitob yozadi va bu asar Parijda ham eʼtirof etiladi. Shu tariqa Nalivkinlar Fargʻona ayollari turmush tarzi bilan yevropaliklarni ilk bor tanishtirgandi. Ammo mualliflar yerlik ayollarni ozod qilish fikridan yiroq boʻlib, ular shunchaki xotin-qizlarning Turkiston hayotidagi rolini koʻrsatib berishadi, xolos. Chor Rossiyasi uchun ham turkistonlik ayollarni ozod qilish va gender tenglikni oʻrnatish zarurati yoʻq edi. Bu davrda oʻlkadagi barcha turmush jarayonlari islomiy mezonlardan kelib chiqib talqin qilinardi. Chunki imperiya yerlik aholi madaniyatiga aralashmaslik siyosatini afzal bilgandi.
Sovetlar, jadidlar va oʻzbek ayoli
1917-yil voqealari Turkiston ijtimoiy vaziyatiga ham taʼsir qiladi. Jadidlar, sotsialistlar, bolsheviklar ayollar boʻyicha oʻz qarashlarini olgʻa sura boshlaydi. Ular ichida eng moʻtadil yondashuv jadidlarniki edi. Millat oydinlari oʻzbek ayoliga avval taʼlim berish, soʻngra millat rivojidagi rolini oshirish haqida yozishar, chiqishlar qilardi. Bolsheviklar esa Turkiston ayollarini paranjidan, “uy zindonidan ozod qilish”ga va jamiyatda faol boʻlishga chaqirar va hatto kuch bilan undardi. Yaʼni, 1917-yildan boshlab ayol siymosi va shaxsi siyosiylashadi, har bir siyosatchi ayollar masalasida oʻz fikrini bildira boshlaydi.
XX asrning 20 yillarida Turkiston ayollari ustidan eng katta siyosiy va ijtimoiy eksperiment oʻtkazildi. Xotin-qizlarning “manfaati” yoʻlida ular majburiy ijtimoiy hayotga tortildi. Bu davrda ojizalarni “ozod qilish” siyosati nafaqat Sovet davlatida, balki Turkiya, Eronda ham kuzatildi. Yaʼni jarayon Yaqin Sharqda va musulmon jamiyatlarda ketayotgan umumjahon tarixiy voqelikka aylandi.
1927-yilda boshlangan “Hujum” harakati esa ayollarning hayotini tubdan oʻzgartirib yubordi. Men bu jarayonni butunlay qoralamoqchi emasman. Chunki, har bir tarixiy voqelikning ijobiy va salbiy natijalari mavjud. Masalan, “Hujum”ning ijobiy tomoni – mamlakatda xotin-qizlar uchun maxsus pedagogika oʻquv yurtlari tuzildi, oʻzbek qizlari fabrika va tikuv atellarida ish boshladi. Albatta, bu jarayonlar aholining islomiy turmush tarzini oʻzgartirdi, yangi ijtimoiy munosabatlarni yuzaga keltirdi. Koʻp oʻtmay, ishlab chiqarishning barcha sohalarida ayollar mehnat qila boshladi. Lekin bu degani ayollar oila yumushlaridan ozod boʻlishdi, degani emasdi. Shu holat voqelikning salbiy tomoni edi – endi oʻzbek ayollarining turmushdagi yumushlari yanada koʻpaygandi. Ayniqsa, ikkinchi jahon urushi davrida oʻzbek ayolining ishlab chiqarish va ijtimoiy hayotdagi roli nihoyatda katta boʻldi. Urushdan soʻng ham kommunistik partiya tomonidan oʻzbek xotin-qizlarini jamiyatdagi rolini yana-da oshirishga kirishildi. Buning uchun kinematografiyadan keng va unumli foydalanildi. Birgina misol, “Mahallada duv-duv gap” filmini eslaylik. Kartina XX asrning 60 yillaridagi oʻzbek xotin-qizlari va ular oʻzlarini qanday tasavvur qilishlari haqida edi. Asarda arxitektor, quruvchi va konserva zavodidagi ishchi qizlarning obrazlari namoyon boʻlgan. Shuningdek, ular bilan bir qatorda yosh va ilgʻor avlodni “tushunmaydigan” katta avlod ayollari koʻrsatilgan. Filmning maqsadi zamonaviy sovet ayoli obrazini shakllantirish va uni oʻzbek xotin-qizlari uchun yashash modeliga aylantirish edi. Albatta, bu “namuna” oʻzini oqlaydi. Tarixiy nuqtayi nazardan qarasak, XX asrning 60-80-yillari Sovet davlati gender masalasini ishlab chiqarishga bogʻlab qoʻydi va ayollar mamlakatning yaxshi fuqarolariga aylandi-qoʻydi. Ammo ittifoqda baribir erkak kishi ustun, ayol siyosiy jihatdan bir pogʻona pastda edi. Buning isboti sifatida, 1965-yildan boshlab, 8-martning rasmiy ravishda umumbayram sifatida nishonlana boshlanganini aytish mumkin. Yaʼni, bu bayram ittifoqning ayollarga gʻamxoʻrligi va ishonchi timsoliga aylangandi.
XX asrning 80 yillarda oʻlka boʻylab tarqalgan inqiroz ayollar holatiga ham bevosita taʼsir qildi. Ushbu davr Sharof Boshbekovning “Temir xotin”ida bor boʻyi bilan koʻringan. Sovet hukumati asosan shaharlik ayollarga eʼtibor qaratgani sababli oddiy qishloq ayoli qismati yaxshilanmadi, ijtimoiy inqiroz avj oldi. Lekin shunga qaramay, Sovet imperiyasida, ayniqsa, Oʻzbekistonda pedagogika va tibbiyotda mehnat qilayotgan ayollar soni erkaklarnikidan oʻzib ketdi. Qiziqarli jihati, ushbu ustunlik mamlakatimizda hamon saqlanib kelyapti. Bu nomutanosiblik, albatta, sovet davlatining maxsus siyosati natijasi edi.
Mustaqil Oʻzbekistonda gender masalasi
Afsuski, bugungi kunda ham Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 46-moddasida gender tenglik oʻrnatilganiga qaramasdan, muammolar talaygina. Qogʻozda, hujjatda hammasi joyida, biroq haqiqiy hayotimizda ayollar gender tengligi muammosi bor. Har qadamda, misol uchun oddiygina, seriallarimizda, filmlarimizda gender tenglik buzilyapti. “Milliy mentalitet” pesh qilinib, Konstitutsiya prinsiplari mensilmayapti. Jamiyatimizda hali ham ayollarni kamsitish hollari mavjud, oilaviy zoʻravonlik ham kam emas, ularning taʼlim olishi va rivojlanishi uchun toʻsiqlar mavjud. Toʻgʻri, hukumat tomonidan, ziyoli jamoatchilik tomonidan gender tenglik oʻrnatish uchun saʼy-harakatlar mavjud, lekin nazariy jihatdan ishlar juda oz. Yozilayotgan ilmiy ishlarda ham hatto oʻzbek ayoli oila instituti orqali talqin qilinyapti. Hech boʻlmasa, jahon durdonalariga aylangan Virjiniya Vulf, Simona Bovuar, Yuliya Kristeva asarlari oʻrganilib, tarjima qilinmayapti. Milliy ziyolilarimiz ayollar haqida yoki ziyoli xotin-qizlarimiz oʻzbek gender tengligi qanday boʻlishi kerakligini yozishayotgani yoʻq. Bir soʻz bilan aytganda, bu masalada bizda ilmiy asoslangan va zamonaviy model mavjud emas. Afsuski, oʻzbek jamiyatida gender tenglik jinsiy biologik farqlar yoki radikal feminizm bilan aralashtirib yuborilyapti. Gender tenglik bu – ijtimoiy munosabat ekanini juda kamchilik anglayapti. Universitetlarimizda gender va jins masalasi haqida maxsus kurslar oʻqilmayotgani ham kamchilik aslida. Bu barcha muammolar yechilmas ekan, biz fuqarolik jamiyati va rivojlangan iqtisodiyot yaratishimiz dargumon boʻlib qoladi. Shuningdek, zamonaviy dunyo madaniyatiga oʻz hissamizni qoʻshish va siyosiy jarayonlarda oʻz soʻzimizni aytish qiyinlashadi.
Baxtiyor ALIMJONOV,
tarix fanlari nomzodi
Ta’lim-tarbiya
Til
Til
Tarix
Tarix
Falsafa
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
1 Izoh
Xojiakbar
06:01 / 01.01.1970
Assalomu alaykum! Zòr yozibsiz, qoyil! Nega bugunga qadar shu masalani xech kim anglab yetmagan ekana? Virjiniya Vulf, Simona Bovuar, Yuliya Kristeva asarlari. Xa tezda bularni tarjima qilish kerak. Shoshiling, siz Dahosiz!!! Zamonaviy dunyo madaniyatiga oʻz hissangizni qoʻshing.