Nega Yusuf Xos Hojib o‘z asarida “Alloh” so‘zini qo‘llamagan?


Saqlash
16:01 / 18.01.2023 1358 1

Shubhasiz, ulug‘ mutafakkir adib Yusuf Xos Hojib o‘z davrining eng e’tiqodli kishilaridan edi. Ammo “Qutadg‘u bilig”da adib biror marta ham “Alloh” so‘zini qo‘llamaydi (Firdavsiy ham “Shahnoma”da asosan “Yazdon” ismini ishlatgan). Asar ushbu jumla bilan boshlanadi: “Hamd-u sepasu minnatu өgdi Teңri ‘azza va jallaqa...” (Tangri azza va jallaga hamd, sipos, minnatdorchilik va maqtov...). Asar davomida “Alloh”, “Xudo” ma’nosida asosan “Bayat”, “Tangri” qo‘llanilgan (Ma’lumki, Islomdan oldin ba’zi sharqiy turkiy qavmlar buddaviylikka e’tiqod qilgan. “Xudo” ma’nosidagi “bayat” so‘zi o‘sha davrlarda sanskritdan turk tillariga o‘zlashgan deb qaraladi). Adib Allohning sifatlarini ham ko‘p o‘rinlarda turkcha so‘zlar bilan berishga harakat qilgan. Xususan, asarda “ug‘an” (“qodir”), “ulug‘lug‘ iḋisi” (“ulug‘lik egasi”), “erklig bayat”, “bag‘irsaq iḋi” (mehribon egam), “tөrүtgәn” (“yaratgan”), “igiḋgәn” (“parvarish etgan”), “iḋim” (“egam”) kabi sifatlar uchraydi. Payg‘ambar esa asarda ba’zan “rasul”, ko‘p o‘rinlarda: “Muhammad yalavach” (“Muhammad elchi”), “sevүg savchi” (“suyukli elchi”) kabi sifatlar bilan atalgan. Asarda, shuningdek, “jannat”, “do‘zax” so‘zlari ham uchramaydi, ular o‘rnida adib “uchmaq” (“jannat”), “tamug‘” (“do‘zax”) so‘zlarini qo‘llaydi.

 

Insoniyat Odam Ato va Moma Havvodan tarqagan degan ma’noda bashariyatga nisbatan “bani odam”, “odam bolasi” deb aytiladi. Bu ibora “Qutadg‘u bilig”da faqat “apa og‘lani” shaklida uchraydi. Qadimgi turkiyda “apa” (“aba”) hozirgi o‘zbek tilidagi “opa”ni emas, balki “ota”, “bobo” va umuman “odam” ma’nolarini anglatgan. Shu kabi asarda: “toat-ibodat” o‘rnida “tapug‘”, “gunoh” – “yazuq”, “rizq” – “tirilgu”, “banda” – “qul”, “bandalik” – “qulluq”, “Allohning hukmi” – “bayat yarlig‘i”, “dunya” bilan birga “ajun”, “qiyomat kuni” – “kөnilik kuni” kabi so‘z va iboralar ishlatiladi.

 

Barcha dinlar, diniy, falsafiy ta’limotlarda “vujud” va “ruh” tushunchalari muhim ahamiyatga ega. Bu anglamlar Islomdan oldin ham o‘z din, inonchlariga ega bo‘lgan, shuningdek, ma’lum davrlarda moniylik, buddaviylik, zardushtiylik, nasroniylik kabi din va ta’limotlar ta’sirida bo‘lgan turkiy xalqlar uchun ham begona emas edi. O‘rta asrlarda moniylik, buddaviylikka oid ko‘pgina manbalar qadimgi turk tiliga tarjima qilingan va shular asosida qadimgi turkiyda ham diniy-falsafiy atamalar shakllana boshlagan edi.

 

Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asari ana shu zaminda paydo bo‘ldi va shu bois adib uchun arabcha “vujud” yoki “ruh” so‘zlarini emas, balki shu anglamdagi turkiy so‘zlarni qo‘llash tabiiyroq edi. “Vujud” ma’nosida asarda adib hamma o‘rinlarda – “etөz” atamasini qo‘llaydi. “Et” va “өz” (“o‘z”) so‘zlari qo‘shib yasalgan bu atama – “tana”, “vujud”, “jism” ma’nolarini bildiradi va u boshqa ba’zi qadimgi turkiy yodgorliklarda ham uchraydi. Yusuf Xos Hojib “tana”, “jasad” ma’nolarida ba’zan “kelbat” so‘zini ham qo‘llaydi. “Ruh” ma’nosida esa asarda hamma o‘rinlarda – “jan”, “nafs” ma’nosida – “bog‘uz” so‘zlari kelgan (forscha “jon” so‘zi turk tillariga diniy-falsafiy atama sifatida oldinroq o‘zlashgan):

 

“Etөz үlgi barcha bog‘uzdin kirүr

Bu jan үlgi chin sөz qulaqdin kirүr”.

 

Ma’nosi: “Vujudning hissasi bo‘g‘izdan kiradi, jon (ruh)ning hissasi chin so‘z bo‘lib, quloqdan kiradi” (QB. T.: “Fan”. 1971. 200-bet).

 

Shuningdek, “Qutadg‘u bilig”da Qur’on oyatlari ma’nosi singdirilgan baytlar ham bor. Alqissa, Alloh so'zini tilga olmasdan, uni Yaratgan, Tangri deb o‘ziga yaqin o‘z ona tilida atab ham iymon egasi bo‘lish mumkin ekan.

 

Afsuski, o‘rta asrlarda shakllana boshlagan bu adabiy, falsafiy-diniy turkiy til keyingi davrlarda rivojlantirilmadi, chin turkiy atamalar o‘rnini arabiy, forsiy istilohlar egalladi va oqibatda minglab so‘zlar o‘limga mahkum etildi. Afsuski, bu illat hozir ham davom etmoqda.

 

Abduvohid HAYIT

1 Izoh

Mahfuzaxon Jaloldinova

06:01 / 01.01.1970

Oxirgi jumla ilmiy etika qoidalariga ham, eʼtiqodga putur yetishi mumkin holatda ifodalangan. Qaysi asos bilan illat deb baholayapti? Nega ingiliz rus tilidan kirib qolgan soʻzlarga bunday munosabat yoʻq arab tilidan kirib kelgan soʻzlarga bunday munosabat bildirmoqda? Nega aynan Alloh soʻzini tanlab bu fikr bilan tugatyapti? Maqola muallifi modomiki ilmiy maqola yozdimi obyektiv yondashishi kerak edi ilmiy etika qoidalariga binoan! Maqolani nomi jalb etuvchi ammo unga javob mantiqsiz. Bunga doir koʻplab qarashlarni keltirishi lozim edi. Va ilmiy asosga ega boʻlgan fikrni bildirishi kerak edi. Asarning oʻzi toʻla islomni oʻzida aks ettirgan boʻlsa xulosa umuman uning aksi aql mantigʻiga ham toʻgʻri kelmaydi.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:04 / 18.04.2024 0 207
Ey qarindoshlar!





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19178
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 16010
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi