Sariosiyoda vafot etgan askar, chovgumga oyogʻi tiqilgan qizaloq – harbiylar hayotidagi xatarli vaziyatlar


Saqlash
02:12 / 14.01.2023 1852 0

Vatan himoyasiga otlangan har bir yigit oʻz umrini, hayotini xavf-xatarga tikib, xizmat vazifasini bajarishga kirishadi. Bu vaqt davomida yigitlar nafaqat Vatan tuprogʻini himoya qiladi, balki vatandoshlarimizni turli ofat-balolardan asrashadi ham. "Oyina.uz” xuddi shunday yurt tinchligini asrashga hissa qoʻshayotgan, kezi kelsa hayotini xavfga qoʻyib boʻlsada vazifasini sidqidildan bajarib kelayotgan jasoratli Vatan himoyachilarining hikoyalarini taqdim qiladi.

 

Muhiddin Qoʻldoshev, Shayxontohur tumani Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish boʻlimi oʻrinbosari, podpolkovnik:

 

 

2014-yil, 8-oktyabr kuni ertalab smena boshligʻi vazifasini bajaruvchisi sifatida navbatchilikni qabul qilib oldim. Kun tinch oʻtdi. Ammo kechki 22:30 da dispetcher oʻrnida turgan yigitlarimizdan biri bong chaldi. Bu qayerdadir yongʻin boshlanganidan darak edi. Bizga Yashnobod tumani Toshkent yuk tushirish boʻlinmasidagi mollarni saqlash omborxonasida boshlangan yongʻin sabab chaqiruv kelib tushgandi. Qanchalik tezlik bilan harakat qilmaylik, manzilga yetib borganimizda olov katta maydonni egallab olgandi. Bor imkoniyatni ishga solib, olovni oʻchirishni boshladik. Ammo, aytganimdek, yongʻin juda katta edi, yolgʻiz shaxsiy tarkib bilan bu yongʻinga qarshi chiqib boʻlmasligini anglab, yordamga yana ikkita guruhni chaqirdim.

Ichkarida uch vagon yuk yonayotgandi, ular orasida velosiped qismlari, gugurt choʻpi va moy bor edi. Moy oqib chiqib, yongʻinni oʻchirishga xalaqit berar, yigitlar nimani ushlasa, xuddi baliqdek sirpanib ketardi, bir-ikkitasi yiqildi ham. Bu vaziyatda narvondan ham foydalanib boʻlmasdi. Yongʻinni oʻchirish rahbari bilan binoning orqa tomoniga oʻtib qaraganimizda esa bir vagon – oltmish tonna benzin turganini koʻrdik. Yongʻin boʻlayotgan joydan atigi besh-olti metr narida. Katta talofatni oldini olish maqsadida zudlik bilan sisternani parvozga ulab uzoqlatdik.

Bu masalani hal qilib yana oʻz oʻrnimizga qaytayotganimizda, kiraverish joyida ishlayotgan oʻt oʻchiruvchilarimiz ustiga tom qulabdi. Baqir-chaqir, qoch-qoch... Yugurib borsak, Bahrom Ergashev degan yigit tomni parchalari ostida qolib ketgan, boʻlinma komandiri esa devorga siqilib qolgan. Besh kishi boʻlib tomni koʻtarib, yigitimizni tortib oldik. Shu orada PPX xodimlari ham bizga yordam berayotgan edi, mashinasida Ergashevni yaqin shifoxonaga olib ketishdi. Boʻlinma komandiri devorga siqilib qolgan, ustiga gʻisht toʻkilgandi. Biz uni qutqarguncha tez yordam yetib keldi. Uni ham tan jarohatlari, kuyish tufayli shifoxonaga olib ketishdi.

Soat tonggi uch boʻlgan, oʻt esa hali ham oʻchgani yoʻq.shu vaqt shifoxonadan telefon boʻldi: “Ergashev sizning xodimingizmi? Ming afsus, uni asrab qolishni iloji boʻlmadi” dedi goʻshakni narisidan shifokor. Bir zumda muzlab qoldim, boyagina yonma-yon olov bilan kurashayotgan yigit endi dunyoda yoʻq edi... Olovni esa ertalabki 9-10 lar atrofida boshqa talofatlarsiz oʻchirdik. Ammo Bahromning xotirasi doim biz bilan qolaverdi, chunki mardlar hech qachon unutilmaydi!

 

Bobomurod NURATOV, shartnomadagi harbiy xizmatchi, uchinchi darajali serjant:

 

 

2000-yili Sariosiyo va Uzun tumanlarida janglarda qatnashdim, ulardan hanuz ogʻrituvchi xotiralar qolgan. Tasavvur qiling, togʻli hudud, baland togʻ qoyalari, archazor, butazorlar. Ular shunchalik qalin ediki, yarim chaqirim narini koʻrishning imkoni yoʻq. Biz aviatsiya yordamida tepaga koʻtarilib borar, yigitlar bilan bir tanu bir jon boʻlib, mamlakatimiz tuprogʻini bulgʻamoqchi boʻlgan quzgʻunlarga qarshi janglar olib borardik. Oʻshanda yuz bergan bir voqeani hech unutolmadim, koʻzim oldidan hech ketmadi, ketmasa ham kerak.

Guruhda boshlovchi, yetaklovchi hisoblanuvchi dozor qism boʻladi. Bunda 20-30 kishidan iborat guruhni uchta-toʻrtta odam boshlab boradi va oldindagi pistirmalardan xabar beradi. Shu qismimizda harakatlanayotganlar ichida Elomon (Otajonov) va Doniyor ismli yigitlar bizni boshlab ketishardi. Bir butazorga yaqinlashib, pastga enib borayotganimizda, birdaniga oʻq ovozi yangradi. Tabiiyki barchamiz zudlik bilan yashirinishga harakat qildik. Tahlika ichida mendan 60-70 metr uzoqda yaralanib yotgan Elomon va Doniyorga koʻzim tushdi. Elomon oʻng koʻkrak qismidan oʻq yegan va qurolini qoʻlida tutolmaydigan holatda edi. Ammo u yotgan joyida, aloqa vositasi orqali butun guruhimizni asrab qolgandi. Yaʼni ratsiya orqali u bizga qaysi tomonga oʻq otishimizni aytar, oʻrgatib turgandi, chunki unga yov tomon yaxshiroq koʻrinardi. Biz Elomonning koʻrsatmalari bilan dushman pistirmasini yakson qilgandik, ammo ularni omon saqlab qola olmaganmiz. Ular Vatanning chinakam mardlari edi, hayotining oxirigacha chin farzandlik burchini bajarishdi, ular bilan butun millat faxrlansa arziydi.

 

Mirkomil MIRKARIMOV, Toshkent shahar FMM qutqaruv otryadi komandiri:

 


Qutqaruvchilik kasbida odam koʻp narsaning guvohi boʻladi, toʻgʻri, odatda hayotimiz har doim xavf ostida boʻlavermaydi. Ammo bu sohada ishlarkansiz, hayotda har qanday holatga tayyor boʻlib qolarkansiz. Muhimi, boshiga biron falokat tushgan, yomon ahvolda qolgan odamni oʻz vaqtida qutqarish, bunda arzimagan 5-10 daqiqa ham hisobli boʻladi. Shuning uchun ham bizga chaqiruv xabari kelsa, oyogʻimizni qoʻlimizga olib chopamiz.

Kattalar oʻz yoʻliga, ular duch keladigan vaziyatlarda koʻngilni toʻq qilishimiz mumkin, ammo bolalar bilan sodir boʻladigan voqealar borki, ularni asrash, avaylash va qutqarish uchun koʻp harakat qilishimizga toʻgʻri keladi.

Eslayman, 2019-yilning boshlari edi, hali qishning qahri tugamagan. Oʻsha kuni tushga yaqin Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi navbatchilik dispetcheriga Yakkasaroy tumani Boshliq koʻchasida turadigan oiladan qoʻngʻiroq boʻldi. Xonadonning ikki yashar qizalogʻi uyda oʻyin oʻynab, kattaroq chovgumning ichiga oyogʻini tiqqan. Keyin oʻtirgan va oʻsha holicha chiqa olmagan. Chovgum ichida bolaning oyogʻi tizzasigacha boʻlgan qismi qotib qolgandi, qizaloqni oʻzi esa ham ogʻriq, ham qoʻrquvdan rosa qichqirib yigʻlardi. Oʻshanda bir guruh qutqaruvchilar otryadi bilan voqea joyiga tezlik bilan yetib bordik. Holatni koʻrib, darhol temirni qirqishi mumkin boʻlgan asbob-uskunani ishlatib, qizaloqning oyogʻini chiqarib oldik. Bu nazdingizda kichik bir holatdek koʻrinar, ammo men kasbimni odamlarga kichik boʻlsada yaxshilik qila olganim uchun ham yaxshi koʻraman!

 

Bahodir Gaziyev, DAN inspektori:

 

 

2021-yildan 2022-yilga oʻtar kechasi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻidagi bayramda xizmat vazifamni bajarardim. Bogʻ shahardan uzoqroq joylashgan boʻlsada, odam koʻp, biz bu holatda hududda mashinalar tiqilinchini oldini olishga masʼul edik.

Ammo qancha harakat qilmaylik, baʼzi oʻpkasiz haydovchilarni eplab qiyin boʻladi doim. Shundaylardan biri oʻzini nazorat qila olmadi va bogʻga yaqin joyda yoʻl chetiga toʻxtab odam tushirayotgan mashina ortidan katta tezlikda kelib urdi. Old oʻrindiqda oʻtirgan onasi zarb natijasida mashina oynasini teshib chiqib ketgan, hamma joyi qonga belangandi. Nuqul «ogʻriyapti» deb qichqirardi.

Ayolga birinchi yordam koʻrsatib, patrul mashinamizda yaqin oradagi shifoxonaga olib bordik. Ahvoli yaxshilanganiga amin boʻlgach, ortga qaytib, sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisasini rasmiylashtirish bilan shugʻullandik. Bu voqeani xizmatimizni minnat qilish uchun emas, balki yurtdoshlarimiz salomat boʻlishlarini istashimiz sabab aytdim. Chunki xalqimizning xotirjamligi uchun biz tunu kun, bayram, hayit demay xizmatdamiz va bu bizga sharaf bagʻishlaydi.

Alisher FAYZULLAYEV,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 129
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22034
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//