Yangi ma’naviy makon yaratish, ma’rifatli jamiyat qurish sari


Saqlash
23:25 / 28.12.2022 1898 0

Deydilarki, inson tog‘lar o‘sishini sezmaydi. Lekin har qanday fikrat sohibi mamlakat, jamiyatdagi o‘zgarishu yuksalishlarni aqlu idrok ko‘zi ila ko‘ra biladi.

 

Sohibqiron Amir Temur o‘z “Tuzuklari”da buyuk davlat barpo etish haqida so‘zlarkan, “Eng baland minora ham yerdan ko‘tarilgay”, degan hikmatni aytadi. Shu ma’noda, ulug‘ maqsad yo‘liga chiqqan O‘zbekiston taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yganini nafaqat barchamiz qalban, ruhan his qilib turibmiz, balki bu jarayonlarda ishtirok etyapmiz ham. Bugun mamlakatimizdagi keng ko‘lamli islohotlar, yangilanishlar natijasida jamiyatimiz hayoti, odamlarning ongu tafakkuri o‘zgarmoqda.

 

Prezidentimizning bu galgi Murojaatnomasidagi “Biz qadimiy va boy tariximizni, ayniqsa, g‘oyat og‘ir sharoitda ilm-ma’rifat, inson erkinligi, xalq ozodligi, Vatanga, milliy qadriyatlarga mehr va sadoqat g‘oyalarini dadil ko‘tarib chiqqan jadid bobolarimiz faoliyatini yanada chuqur o‘rganishimiz lozim. Ularning ulug‘ maqsadlar yo‘lidagi mardona kurashi va fidoyiligi Yangi O‘zbekistonni qurishda barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun chinakam ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishi zarur”, degan so‘zlar barchamizni ham to‘lqinlantirdi, ham o‘ylantirdi.

 

Nega davlatimiz rahbari bizni jadidlarning hayoti va ijodini chuqurroq o‘rganishga da’vat etmoqda? Chunki jadidlar yangi davr yaratuvchilari, fidoyilari edi. Har qancha qiyinchilik va mushkulotlarga qaramay, borini, kerak bo‘lsa, jonini tikib, Vatan hurriyatiga erishish yo‘lida chinakam shijoat bilan mardona kurashdilar. Inson haq-huquqlarini o‘zida ifoda etgan milliy konstitusiya yaratishga kirishdi. Ilm-ma’rifat yo‘lida xalqni uqubat va jaholat botqog‘idan olib chiqish uchun yangi usul maktablari, teatrlar, nashriyotlar, millatni uyg‘otishga chorlovchi, ma’rifat sari yetaklovchi gazeta va jurnallar ochdilar. Iste’dodli yoshlarni Yevropaning nufuzli universitetlarida o‘qitishga intildilar. Jamiyatga yangi ozodlik va ma’rifat ruhini olib kirdilar. Millatni uning taraqqiyoti yo‘lida birlashtirishga, har bir qalbda Vatan uchun fidoyilik tuyg‘usini kamol toptirishga, milliy nafsoniyatni uyg‘otishga intildilar.

 

 

 

Vatanning buyuk sha’nu shavkatini tiklash jadid ta’limotining o‘zak g‘oyasi hisoblanadi. Abdurauf Fitrat “Yurt qayg‘usi”ni bejiz “Onam! Seni qutqarmoq uchun jonmi kerakdir?” degan so‘zlar bilan boshlamagan. XX asr boshida, bir yonda mustamlakachilik, bir yonda mutaassiblik hukm surgan davr muhitida milliy ruhni saqlagan holda, ilg‘or Gʻarb ilm-fani va texnikasi yutuqlarini o‘zlashtirish g‘oyasini ilgari surish, ma’rifatparvarlik harakatini vujudga keltirish va amalga oshirish chinakam ma’naviy jasorat edi.

 

Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Haq olinur, berilmas”, “Zamona ilmu fanidan bebahra millat o‘zgalarga poymol bo‘lur”, Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, Munavvarqori Abdurashidxonovning “Bu jaholat xohishidurki, millat foydasi uchun jonin qurbon qilmoqqa loyiq arslon kabi yigitlarimiz bugun millatni yodlaridin chiqorib, iste’dod va g‘ayratlarini choyxona va pivaxonalarg‘a sarf etmakdadurlar”, degan so‘zlari bugun ham millatni uyg‘otuvchi, uni befarqlik va ortiqcha maishatlardan asrovchi da’vatdek jaranglab turibdi.

 

Bugungi kunda ma’naviy yetuk, har jihatdan barkamol avlodni tarbiyalash, sifatli ta’limni kafolatlovchi ta’lim-tarbiya tizimini yaratish, rivojlantirish, ma’rifatli jamiyatni barpo etishga kirishdik. Bu borada ulug‘ maqsadlarni ro‘yobga chiqaradigan, erkin va yangicha fikrlaydigan, tahlikali dunyoda turli g‘oyaviy tahdidlarga nisbatan kuchli immunitetga hamda jamoada ishlash va muloqot ko‘nikmalariga ega, islohotlarga yanada shiddat baxsh etadigan vatanparvar shaxslarni voyaga yetkazish eng muhim vazifaga aylandi.

 

Biz dunyoga buxoriylar, xorazmiylar, samarqandiylar, termiziylar, marg‘inoniylar, nasafiyu farg‘oniylarni bergan xalqmiz. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bugun ana shu silsilaning bardavomligi uchun zamin tayyorlanmoqda. Shunday ulug‘ zotlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoit yaratilmoqda. Bu borada jamiyat hayotimizdagi ma’naviyatga bo‘lgan ehtiyojni, uning qudratli kuchini tobora yorqinroq anglab bormoqda. Negaki, ma’naviyat, birinchi navbatda, xalqimiz o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, hurmat va e’tibor, ulug‘ orzu va maqsadlarga yetish, kelajakni bunyod etish yo‘lidagi ezgu intilishlar, ibratli fazilatlar majmuasidir.

 

Har qanday voqelik aynan ma’naviyat asosida shakllanadi. Prezidentimiz “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobida qayd etganidek, “Ma’naviyat jamiyatdagi barcha siyosiy-ijtimoiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevordir. Bu poydevor qancha mustahkam bo‘lsa, xalq ham, davlat ham shuncha mustahkam bo‘ladi”. Davlatimiz rahbari Murojaatnomada “Jamiyatimizning ma’naviy asoslarini mustahkamlash, madaniyat sohasini rivojlantirish, ilmiy-ijodiy tashkilotlar, muhtaram ziyolilarimiz faoliyatini qo‘llab-quvvatlash ham biz uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘ladi”, dedi. Bir narsa ayonki, ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan barkamol insonni tarbiyalash jismoniy jihatdan baquvvat insonni tarbiyalashdan ko‘ra, g‘oyat murakkab vazifadir. Ayniqsa, bugungi globallashuv davrida, inson ongi va qalbi uchun kurashlar kuchaygan, g‘oyaviy tahdidlar va xurujlar jamiyatimizning ma’naviy hayotiga ta’sir ko‘rsatishning kuchli quroli sifatida namoyon bo‘layotgan bir davrda bu ish jamiyatning ziyoli qatlamidan o‘sha o‘ktam jadidlarga izdoshlik maqomida yanada katta mas’uliyat va fidoyilik bilan mehnat qilishni talab etmoqda.

 

 

Hazrat Alisher Navoiy bunday yozadi:

 

Bu chaman o‘lmog‘ida mavjud anga,

Bor edi inson guli maqsud anga.

 

Tangri taoloning bu bo‘ston, bu zamin, bu gullagan olamni yaratishdan bosh maqsadi, murodi uning guli bo‘lgan inson uchundir. Kimki mana shu ezgu yo‘lda insonni bu olamni gulga burkaydigan, ya’ni uni farovon qiladigan bunyodkor, yaratuvchi kuch deb bilar ekan, shaksiz o‘sha yerda obodlik bo‘ladi. Kimki o‘z xalqi qudratini jamlab, umumxalq murodu maqsadiga eltuvchi yo‘lga boshlay olsa, millat qudrati to‘g‘ri yo‘naltira olinsa, u har bir davlatning kuch-qudrat, ishonch manbai hisoblanib, tengsiz bunyodkor to‘lqinga aylanadi. Bunda ma’naviy-ruhiy qudratning o‘rni betimsoldir.

 

Ana shunday ezgu maqsadlarni ko‘zlagan holda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan Prezidentimizning 2021-yil 26-martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan o‘tib borayotgan yilda qator ishlar amalga oshirildi.

 

Xususan, buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash, allomalarning hayoti va faoliyatini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish, “Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat” konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha milliy dasturni yaratish borasida huquqiy-me’yoriy hujjatlar ishlab chiqildi.

 

Shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy sohadagi keng ko‘lamdagi ishlarni muvofiqlashtirib borish maqsadida markaz tuzilmasi bilan vazirlik va markaziy muassasalar, tashkilot va idoralar o‘rtasida hamkorlikdagi “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqilib, ijroga yo‘naltirildi. Ularga ma’naviy-ma’rifiy faoliyatni samarali tashkil etish borasida nazariy va amaliy yordam ko‘rsatildi. Bu boradagi intilishlarni rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

 

2022-yilda o‘tkazilgan “Eng namunali tuman va shahar” tanlovida 14 ta tuman va shahar hamda “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovida 21 ta vazirlik va idora ishtirok etdi. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular orasida milliy armiyamiz erishgan yutuqlarni yanada keng tatbiq etish maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Milliy gvardiya o‘rtasida “Temurbeklar maktablari”da Sohibqiron Amir Temurning mardona ruhi, jasorati, sarkardalik mahorati, Vatanga buyuk sadoqati, yuksak ma’naviy fazilatlarini yoshlar ongi va qalbiga singdirishga qaratilgan turkum tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha qo‘shma dastur imzolanib, hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yildi.

 

Xalqimizga yangi islohotlar nafasini yetkazish, yoshlar qalbida islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish, shu yo‘nalishda ma’naviy-ma’rifiy ishlar ta’sirchanligini oshirish muhim vazifaga aylandi. Shu bilan birga, ma’naviyat sohasidagi ichki va tashqi tahdid va xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, jamiyat a’zolari qalbida mehr-oqibat, tinchlikni qadrlash, hamjihatlik, shukronalik hissini uyg‘otish, oilada ma’naviy barqarorlikni mustahkamlash, zo‘ravonlik, ajralishlarning oldini olish, bemorlardan hol so‘rash, ularga moddiy ko‘mak va ma’naviy dalda berish, yoshlarni zamonamizning fidoyi vakillari, qahramonlari bilan tanishtirish, ular qalbida ulug‘ maqsadlarni uyg‘otish borasida ham qator ishlar qilindi. “Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat” shiori ostidagi “Ma’naviyat festivali” doirasida 18 ta ijtimoiy loyiha amalga oshirildi. “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyatining ilm-fan, madaniyat, san’at, adabiyot va badiiy ijod kabi soha vakillaridan iborat 500 dan ortiq a’zosi jalb etilib, tadbirlarga aholi va yoshlar qamrab olindi. Mazkur festival doirasidagi “O‘zbekiston qahramonlari” kitobi taqdimoti, “Milliy qadriyatlar haftaligi”, “Mehr-muruvvat va saxovat”, “Ayolga ehtirom”, “Zukko bolajon”, “Mening farzandim – O‘zbekiston faxri!” loyihalari, “Ziyolilar forumi”, “Uchinchi Renessans – ma’rifatli jamiyat sari”, “Oila – ma’naviyat qo‘rg‘oni”, “Vatan uchun yashaylik!” mavzularida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, “Ma’rifat soatlari”, ayniqsa, ko‘tarinki kayfiyatda qabul qilindi.

 

Festival doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida o‘tkazilgan “Ma’rifat ulashib” va “Kitob karvoni” aksiyalarida milliy adabiyotimiz durdonalaridan iborat 17 ming 640 nusxa kitob aholiga bepul tarqatildi. Bu tadbirlarga “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar, ularning farzandlari ishtirokiga alohida e’tibor qaratildi.

 

Ajdodlarimizning ilmiy, adabiy merosi hamda ularning jasoratini yanada keng targ‘ib etish yuzasidan markaz tomonidan bir qancha amaliy ishlar yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidlash lozim. Jumladan, joriy yilda buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdining jasorati, yurt ozodligi yo‘lidagi kurashlari tarixini keng tadqiq etish maqsadida “Jaloliddin Manguberdi izidan” ilmiy ekspedisiyasi tashkil qilindi. O‘rganishlar asosida Shvesiya, Turkiya, Pokiston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistonning yetuk tarixchi olimlari ishtirokida “Jaloliddin Manguberdi tarixining yangi sahifalari” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. Ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etishda samaradorlik o‘ta muhim o‘rin tutadi. Ijtimoiy-ma’naviy muhit sog‘lomligini ta’minlashda esa mavjud holatni to‘g‘ri baholash, ta’bir joiz bo‘lsa, tashxis qo‘yish amaliy ishlar natijadorligini ko‘rsatishga xizmat qiladi. Ana shu maqsadda markaz huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tomonidan Chirchiq shahri, Bo‘ka, Yangiyo‘l va Uchtepa tumanlaridagi 60 ta mahallada “Hududlarning ijtimoiy-ma’naviy muhitini o‘rganish va sog‘lomlashtirish texnologiyasi” loyihasi doirasida sosiologik tadqiqot o‘tkazildi.

 

 

Bugun mamlakatimizda har bir sohaning istiqboli ilm bilan bog‘liqligiga alohida e’tibor berilmoqda. Jumladan, markaz tomonidan “Jadid ma’rifatparvarlari g‘oyalaridan yosh avlod tarbiyasida foydalanish” mavzusida innovasion tadqiqotlar doirasida jadid ma’rifatparvarlarining 5 ta kitobi va ularning audiovariantlari tayyorlanib, “Oyina.uz” elektron portaliga joylashtirildi.

 

“Buyuklar merosi” loyihasi doirasida buyuk allomalar, mutafakkir olimlar, jadidchilik namoyondalarining tarbiya, odob-axloq, ezgu fazilatlar hamda ilm egallashga chorlaydigan 58 ta ezgu da’vati ovozlashtirildi va shu asosda videorolik tayyorlanib, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ hamda “Toshkent metropoliteni” DUK bilan hamkorlikda metro, temir yo‘l vokzallaridagi LED ekranlar va vagon ichidagi monitorlar orqali keng yoritildi.

 

Imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, foydali mehnat bilan shug‘ullanib, jamiyatda munosib o‘rin topayotgan va yosh avlodga o‘rnak bo‘layotgan yurtdoshlarimiz erishgan yutuqlarni targ‘ib etishga qaratilgan “Inson qadri” loyihasi doirasida 3 ta qisqa metrajli film tayyorlandi.

 

Yoshlarni Vatanimizga sadoqat, fidoyilik ruhida tarbiyalashda mustaqillik, Navro‘z kabi milliy bayramlarimiz, davlat ramzlarining katta o‘rni bor. Ana shu maqsadda “Vatanim taraqqiyotiga mening hissam!” loyihasi, davlat gerbi, bayrog‘i, madhiyasi qabul qilingan kunlar munosabati bilan o‘tkazilgan ommaviy tadbirlar nafaqat mamlakatimiz aholisi va yoshlari, balki xorijlik vatandoshlarimiz, chet ellarda ta’lim olayotgan ko‘p ming sonli yoshlarimizni ham qamrab olgani quvonarli, albatta.

 

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 oktyabrdagi “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarorida sohalarni rivojlantirishda o‘z mehnati, ilmiy, jamoat ishi, mehnatsevarligi va vatanparvarligi bilan jamoatchilikning hurmatiga sazovor bo‘lgan, fidokorona mehnat qilgan va samarali natijalarga erishgan fuqarolarni “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash vazifasi yuklatilgan. Joriy yilda hududiy davlat organlari, tashkilotlar va jamoat birlashmalari tomonidan 500 ga yaqin nomzod taqdim etildi. Nomzodlardan eng munosib ko‘rilgan 96 nafari “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tasarrufidagi “Ma’naviyat” nashriyoti faoliyatida ham juda ko‘p o‘zgarishlar yuz berdi. Bir qator uskunalar kapital ta’mirlanib, ishchi holatga keltirildi. Shuningdek, muassasada tayyor kitob va boshqa matbaa mahsulotlari ishlab chiqarishning to‘liq jarayonini tashkil etish, hamkor matbaa korxonalariga sarflanadigan mablag‘larni tejash maqsadida qo‘shimcha texnika xarid qilindi. Korxonada kitoblarni qattiq muqovada tayyorlash sexi ish boshladi. 2022 yilda 60 ming nusxaga yaqin kitob-albom, kitoblar tayyorlandi. Nashriyot matbaa bazasida “Tafakkur”, “Ma’naviy hayot”, “Mushtum” jurnallari muntazam chop etilmoqda.

 

Albatta, qilingan ishlar ko‘p, lekin hali qilishimiz zarur bo‘lgan muhim ishlar oldinda. Davlatimiz rahbari Murojaatnomada ma’naviy tarbiya, ijtimoiy-ma’naviy muhitni mustahkamlash borasida qator muhim vazifalarga e’tibor qaratdi. Bu bevosita “jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish” masalasidir. Dunyo tobora tahlikali tus olmoqda. Ta’kidlanganidek, “Butun dunyoda kuchayib borayotgan radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi xatarlar, afsuski, bizni ham chetlab o‘tmayapti”. Musulmon ummatiga saboq bergan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi buyuk ulamolar yetishib chiqqan diyorimizda radikalizm va ekstremizm g‘oyalariga berilganlarning bo‘lishi haqiqatda ham biz uchun uyat. Bir qator davlatlarda jamiyatning turli ko‘rinishlarda radikallashuvi, yoshlar ongini buzg‘unchi yot g‘oyalar bilan zaharlash, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanish borasidagi harakatlar qanday fojialarga olib kelayotganini ko‘rib turibmiz. Qancha-qancha mamlakatlar jaholat, o‘zaro nizolar, qirg‘inlar oqibatida vayronaga aylanib, taraqqiyotdan orqada qolayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Buyuk ajdodlarimiz dunyoni ma’rifat bilan zabt etganlar, dunyo ma’rifat dorilfununi maqomini egallaganlar.

 

Geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlarni muntazam o‘rganish, terrorizm, ekstremizm, aqidaparastlik, odam savdosi, narkobiznes va boshqa tahdidlarga qarshi samarali kurashish, ayniqsa, muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyatini ochib berish, farzandlarimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash bo‘yicha oila, mahalla va ta’lim maskanlari hamkorligini mustahkamlash, bu borada “ma’naviy qalqon” vazifasini o‘tovchi dasturlar qabul qilish, natijadorlikka erishish ham oldimizda turgan muhim vazifalardan biridir. Aholining internetdan foydalanish madaniyatini muttasil oshirib borish, adabiyot, kino, teatr, musiqa va san’atning barcha turlari, noshirlik-matbaa mahsulotlari, ommaviy axborot vositalarida ma’naviy-axloqiy mezonlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ustuvorligiga erishish borasidagi ishlarni ham yangi bosqichga olib chiqishimiz zarur.

 

Ajdodlarimiz hamisha ulug‘ bir shukronalik bilan tinchlik, ilmu ma’rifat, poklik, halollik, mehr-oqibat va saxovatu muruvvat, bag‘rikenglik va hamjihatlikni, bir so‘z bilan aytganda, insoniy fazilatlar, axloqiy sifatlarni bebaho ne’mat deya qadrlagan. Ular ana shunday insoniy fazilatlar asosida ulug‘ allomalar, ma’rifatparvar olimlar, insonparvar shoirlar, halol va vijdonli, o‘zgalar haqqiga hiyonat qilmaydigan kasb-kor egalari, oilasi va Vatanining tinchligi, sha’nini iymon qadar asrovchi qalqon mardlarni, ibo-hayoni eng katta qadriyat deb bilgan nafosat sohibalarini tarbiyalaydigan ma’naviy makonni yaratgan. Shu ma’noda, davlatimiz rahbarining eng yuksak insoniy fazilatlar va ilmu irfon, ma’rifat asosida yangi ma’naviy makonni yaratish borasidagi da’vati aynan buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ma’naviy-axloqiy ta’limotlar bilan uyg‘undir.

 

“Yangi ma’naviy makon nima? Mening nazarimda, u – biz orzu qilayotgan Yangi O‘zbekistonning ma’naviy qiyofasi yaqqol aks etadigan, xalqimiz intilayotgan va el-yurtimiz baxtiyor yashaydigan ma’rifatli jamiyatdir”. O‘ylaymizki, “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobidagi bu ulug‘ niyatni amalga oshirish borasida 2023 yilda olib boradigan ishlarimiz yanada zalvarli va samarali bo‘ladi. Prezidentimizning Murojaatnomasi kirib kelayotgan “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da barchamizga muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qiladi.

 

Minhojiddin MIRZO,

Respublika ma’naviyat va

ma’rifat markazi rahbari

 

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2022-yil 27-dekabr soni.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:12 / 03.12.2024 0 293
Buyuklarning “maydalik”lari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22621
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//