Yangi imkoniyatlari eskicha ish tutumini yoʻqqa chiqarayotgan Yangiqoʻrgʻon


Saqlash
16:12 / 16.12.2022 897 0

Bugungi yangilanishlar oʻz-oʻzidan paydo boʻlayotgani yoʻq, balki izchil izlanishlar, yangicha dunyoqarash va ish tutumi bilan chambarchas bogʻliqdir. Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PQ-5040-sonli qaroriga asosan, hududlarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tizimli yoʻlga qoʻyish va samaradorligini oshirish maqsadida har yili anʼanaviy tarzda “Eng namunali tuman va shahar” va “Eng namunali vazirlik va idora” respublika koʻrik-tanlovi oʻtkazib kelinmoqda. Joriy yildagi “Eng namunali tuman va shahar” respublika koʻrik-tanlovida Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumani faxrli birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi va oliy sovrin – “Damas” rusumli avtomashina hamda 15 million soʻmlik kitoblar toʻplamiga ega boʻldi. Mamlakat miqyosidagi bunday ulkan salohiyatli yutuqqa tuman ahli qanday erishdi? Mulohazalarimiz shu haqda.

 

Yangiqoʻrgʻon tumani Namangan viloyatining shimoliy qismida joylashgan boʻlib, umumiy yer maydoni 54,0 kvadrat kilometr: kengligi gʻarbdan sharqqa tomon 8-16, uzunligi shimoldan janubga 65 kilometrni tashkil etadi. Tuman jugʻrofiy jihatdan Qirgʻiziston Respublikasining Jalolobod viloyati Aksu va Olabuqa tumanlari bilan 88,53 kilometr masofada chegaralangan. Maʼmuriy markazi Yangiqoʻrgʻon shaharchasi viloyat markazidan 22 kilometr olislikda joylashgan. Bugungi kunda tuman hududidagi 44 ming xonadonda 218 mingdan ortiq 14 millat vakillari istiqomat qiladi.

 

Tumanda poliz, meva va sabzavotlarni qayta ishlash kombinatlari, qurilish-taʼmirlash korxonalari, tikuv-trikotaj fabrikasi, 10 dan ortiq gʻisht zavodlari, xalq xoʻjaligi yuklarini va yoʻlovchilarini tashish boʻyicha 6 ta xususiy transport avtoxoʻjaligi, 20 ga yaqin xususiy qurilish tashkilotlari va 500 dan ortiq kichik xizmat koʻrsatish korxonalari mavjud. Shuningdek, bugungi kunda tuman hududida yiliga 40 ming tonna mevani qayta ishlash quvvatiga ega boʻlgan 2 ta qoʻshma korxona faoliyat koʻrsatib turibdi. Yil davomida sanoat sohasida 11 ta, xizmat koʻrsatish yoʻnalishida 54 ta yangi loyiha amalga oshirildi. Bu maqsadlar uchun jami 11,4 milliard soʻm investitsiya mablagʻlari oʻzlashtirilib, 204 ta yangi ishchi oʻrni yaratildi.

 

Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida tuman Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining 9 ta yigʻilishi oʻtkazilib, ularda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar holatini muntazam ravishda oʻrganish va monitoring natijalari muhokama etib borilmoqda. Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida 2021-yilda 23 ta tashkilot va idoralar bilan ikki tomonlama hamkorlik dasturlari va Yoʻl xaritalari tuzilgan boʻlsa, joriy yilda ularning soni 30 taga yetkazildi.

 

Sohadagi ishlarni namunali tartibda yoʻlga qoʻyishda PQ-5040-sonli qarorning 8-bandi ijrosi doirasida joriy yilda Yangiqoʻrgʻonda “Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari” barpo etilgani juda qoʻl kelayotganini tuman mutasaddilari faxr bilan tilga olishadi. Shuningdek, bugungi kunda tumandagi 65 ta umumtaʼlim maktablarining barchasida ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilar oʻquvchi-yoshlar oʻrtasida maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlarni namunali tashkil etib, koʻpchilikka oʻrnak boʻlmoqda, yutuqlarga erishmoqda. Jumladan, “Ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha eng faol targʻibotchi” koʻrik-tanlovining Respublika bosqichida faol qatnashgan Gulchehra Murodova “Tashabbuskor targʻibotchi” nominatsiyasi gʻolibi boʻldi.

“Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosi yuzasidan tumandagi 71 ta mahallada “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat”, “Yangi Oʻzbekiston – yangicha dunyoqarash”, “Inson qadri har narsadan ulugʻ” kabi mavzularda aholining keng qatlamlari oʻrtasida turkum targʻibot tadbirlari oʻtkazildi. 130 dan ortiq ushbu tadbirlar davomida 12 mingdan ziyod aholi vakillari qamrab olindi.

 

Ismoil Mamajonov, RMMM Yangiqoʻrgʻon tuman boʻlinmasi rahbari:

– Zamonaviy uslubda bunyod etilgan “Maʼnaviyat va maʼrifat maskani” bugungi kunda tumandagi barcha tabaqadagi fuqarolarning sevimli goʻshasiga aylanib ulgurdi. Ayniqsa, bu yerdagi ham bosma, ham elektron nashrlardan iborat katta kitob fondiga ega boʻlgan kutubxona hamisha gavjum. Shuningdek, maskan qoshidagi faollar oʻquv zalida adabiyot va sanʼat toʻgaraklari faoliyat koʻrsatmoqda. Ijodiy madaniy ishlar boʻyicha targʻibotchilar, taʼlim muassasalarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari, davlat va jamoat tashkilotlarining maʼnaviyat boʻyicha masʼullari uchun oʻquv mashgʻulotlari, siyosiy maʼrifat soatlarini muntazam oʻtkazib borish yoʻlga qoʻyildi. Shu bilan birga, doimiy ravishda tumandagi ijodkorlarning koʻrgazmalari, kitob taqdimotlari oʻtkazib borilmoqda. Tuman maʼnaviyat va maʼrifat kengashi hamda RMMM tuman boʻlinmasi tomonidan maʼnaviyat targʻibotchilari uchun 10 dan ortiq uslubiy qoʻllanmalar tayyorlanib, ularga xizmatda foydalanish uchun yetkazib berildi.

 

Tuman faoliyatini oʻrganarkanmiz, chindan ham eng yaxshi deyilishga arzirli ishlar qilinganiga amin boʻldik. Oʻylaymizki, mutasaddilar shu bilan toʻxtab qolishmaydi va biz bu tuman haqida yana koʻplab maqolalar tayyorlaymiz.

Safar OLLOYOR

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19316
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16393
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi