Olim, shoir va jurnalist To‘g‘on Ernazarov 100 yoshda


Saqlash
14:04 / 13.12.2022 1168 0

Qisqa tarjimai holi

Olim va shoir To‘g‘on Ernazarov 1922-yil 15-dekabrda (hijriy hisobda 1341-yil Robi’us-soniy oyining 26-kuni, muborak juma kunida) Toshkentda, oddiy dehqon oilasida tavallud topdi. Oilada, maktabda, o‘quvchilar saroyida ilk hayot darslarini oldi. U bolaligidan she’rlar, kichik sahna asarlari yozib, turli ko‘rik-tanlovlarda qatnasha boshladi. Bo‘lajak jurnalist xilma-xil mavzudagi ixcham xabar va lavhalari bilan bolalar, yoshlar va kattalarga mo‘ljallangan gazetalarda ko‘rinish berar edi.

 

1983-yilning 15-yanvarida (hijriy hisobda 1403-yil robi’us-soniy oyining 1-kuni, shanba ayyomida) vafot etdi. Tavallud va vafot kuni ham robi’us-soniy kuniga to‘g‘ri keldi.

 

Ikkinchi jahon urushi 

1941-yilda Ikkinchi jahon urushi boshlanib, necha minglab yosh tengdoshlari qatorida o‘n to‘qqiz yashar To‘g‘on ham urushga olindi. 1942-yilda esa jangovar aloqachi bo‘lib frontga jo‘nadi. U qo‘lida qurol va qalam tutgan holda Stalingraddan Pragaga qadar bo‘lgan jangovar yo‘lni bosib o‘tdi. Ikkkinchi Ukraina frontida chop etilib turgan o‘zbekcha gazetalarning harbiy muxbiri sifatida jang maydonlaridan xabar, reportaj, ocherk, she’r, balladalar jo‘natib, urush mavzusida hikoyalar yozib, jangchilarni jasoratga undadi.

 

Yozuvchi, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Adham Rahmat “Tog‘lar orasida” kitobida adib haqida quyidagi so‘zlarni yozgan: “To‘g‘on Ernazarov frontga jangchi aloqachi bo‘lib borgan. Stalingrad okoplarida yovga qarshi qo‘liga qurol olib jang qilgan, oldingi marralarda o‘t-olov ichida aloqa simlarini ulagan. 

 

U marshal R.Malinovskiy qo‘mondonlik qilgan qo‘shin safida Chexoslovakiya, Vengriya va Ruminiyani fashistlardan ozod qilishda ishtirok etdi. Ikkinchi Ukraina frontida chiqib turgan “Qizil askarlar” gazetasining harbiy muxbiri sifatida jangchilarimiz jasoratini abadiylashtirishga hissa qo‘shdi. Jangovar xizmatlari uchun orden va medallar bilan mukofotlangan...”.

 

Urushdan keyingi yillar

Olimning sadoqatli shogirdi, tarix fanlari nomzodi Anvar Karimovning ustoz haqida keltirgan ma’lumotlariga ko‘ra, harbiy jurnalist bo‘lib shakllangan To‘g‘on Ernazarov urush tugagach, frontda chiqib turgan o‘zbekcha gazetalar taxlamini bag‘riga bosib, Toshkentga salomat qaytib keladi. Urushdan keyingi yillarda To‘g‘on og‘a respublika yoshlar gazetasida adabiy xodim, bo‘lim mudiri, muharrir o‘rinbosari, “Bilim” jamiyatida muharrir bo‘lib xizmat qildi. 

 

Tarix fanlari doktori

Toshkentdagi Pedagogika institutining kechki bo‘limida ta’lim oldi. Yana Moskva shahridagi oliy yoshlar maktabining tinglovchisi bo‘ldi. O‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagach, ilmiy ishni yoqlab, tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi. O‘sha paytdagi “Sovet O‘zbekistoni” (hozirgi “O‘zbekiston ovozi”) gazetasida mas’ul kotib bo‘lib, ayni vaqtda Toshkent davlat universitetining jurnalistika kafedrasida o‘qituvchilik qildi. O‘n yil davomida Toshkent oliy kadrlar tayyorlash maktabida kafedra mudiri vazifasida ishladi. 1965-yilda O‘zbekiston matbuoti tarixi sohasida doktorlik ilmiy ishini yoqladi.

 

Jurnalistik va muallimlik faoliyati

1967-yilda Toshkent davlat universitetiga ishga o‘tib, jurnalistika fakultetini tashkil etdi. Fakultet dekani lavozimiga saylandi, “Matbuot nazariyasi va amaliyoti” hamda “Matbuot tarixi” kafedralarini boshqardi. Jurnalistika sohasiga oid ilmiy-tadqiqot ishlarida yangi yo‘nalishlarni boshlab berdi.

 

O‘ttizdan ortiq yosh, iste’dodli olimlar u kishining rahbarligida nomzodlik ilmiy ishlarini himoya kildi. Ustoz bir necha ilmiy tadqiqotlarga yo‘riqchi bo‘ldi. Professor To‘g‘on Ernazarov barpo etgan ilmiy maktab o‘z vaqtida keng miqyosda e’tirof etildi. 

 

Olimning shoirligi

Kamina To‘g‘on Ernazarovning shoirligini Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetida o‘qib yurgan vaqtimda (taxminan 1975–1976-yillarda) bilganman. U vaqtlarda jo‘shqin mushoiralar, shoirlar bilan samimiy uchrashuvlar ko‘p bo‘lar edi. Bir gal fakultet sinfxonasida otashin shoirlar Usmon Azim, Xurshid Davron, dilkash yozuvchilar Erkin A’zam, Nodir Normatovlar bilan adabiy uchrashuv bo‘ldi. Tadbirni darsdoshimiz Sirojiddin Sayyid tashkil etgan edi. O‘shanda anjumanni doktor, professor To‘g‘on Ernazarov boshqargan va Usmon Azim u kishining shoir ekanini e’lon qilib, she’r o‘qib berishini so‘ragandi. Keyinroq men Chorsudagi kitob do‘konidan ustozning “Okop satrlari” kitobini topib, xarid qildim. 

 

Asarlari

To‘g‘on Ernazarovdan “Turkistonda vaqtli matbuot”, “O‘zbekistonda xalq matbuotining ravnaqi”, “Jangchi qalbi”, “Okop satrlari”, “Yevropa bo‘ylab”, “Taniqli matbuot darg‘alari”, 3iyod Yesenboyev, Ubaydulla Ibrohimov bilan hamkorlikda yozilgan “O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari” kabi kitoblari, shogirdi Adham Akbarov bilan hammualliflikdagi “Turkiston matbuoti tarixi”, “O‘zbekiston matbuoti tarixi” darsliklari xalqimizga yodgor bo‘lib koldi.

 

Turkistonda matbuot tarixi

To‘g‘on Ernazarov fikriga ko‘ra, 1870-yil 28-aprel (yangi hisobda 10-may) Turkiston o‘lkasida vaqtli matbuotning dunyoga kelgan kuni hisoblanadi. Bu kunda «Turkestanskiye vedomosti» (“Turkiston xabarlari”) rasmiy gazetasining birinchi soni chiqqan.

 

«Turkestanskiye vedomosti» gazetasi o‘sha davrda chop etilib turgan guberniya va viloyat xabarnomalaridan sezilarli darajada farq qilgan. U davrda, xuddi Rossiyada bo‘lganidek, mahalliy gazetalarning muharrirligi qoidaga ko‘ra gazeta ishlari viloyat boshqaruvchilari tomonidan idora etilgan. Turkistonda esa gazetaga general-gubernator tasarrufida belgilab berilgan harbiy shaxslar muharrirlik qilishgan. Dalil-isbot taqozosiga ko‘ra, amalda birinchi besh yillikda gazeta shaxsan general-gubernator Kaufmanning o‘zi tomonidan boshqarilib, tahrir etib borilgan.

 

«Turkestanskiye vedomosti» (“Turkiston xabarlari”) gazetasining birinchi rasmiy muharriri O‘rta Osiyoni birinchi tadqiq etgan shaxslardan biri, o‘lkadagi geografik va etnografik holatlar haqidagi ko‘plab ilmiy ishlar muallifi, piyoda askarlar ofitseri N.Mayev bo‘lgan.

 

1892-yilning 20-noyabridan boshlab to 1899-yil 17-dekabrigacha «Turkestanskiye vedomosti» gazetasiga A.Romanovich muharrirlik qilgan. Uning o‘limidan keyin gazetaga piyoda askarlar ofiseri S.Gappener (1890-yilning 20-aprelidan to 1901-yilning 29-may kunigacha) muharrir bo‘lgan. Uning izidan gazetaga muharrirlik qilgan shaxs kasban pedagog bo‘lgan N.Maliskiy deb qayd etish mumkin. U 1901-yilning 5-noyabridan to 1907-yilning 9-yanvarigacha muharrirlik qilgan” (T.Ernazarov va A.Akbarovning “Istoriya pechati Turkestana” (“Turkistonda matbuot tarixi”) kitobidan).

 

Bu ma’lumotdan ravshan bo‘ladiki, Turkiston o‘lkasida vaqtli matbuot ishlari mustamlakachi zobitlar tomonidan boshqarilgan.

 

Jurnalistlar sulolasi

Domlaning oilasi O‘zbekistonda jurnalistlar sulolasini tashkil etgan xonadondir. Ustozning to‘ng‘ich farzandi Qudrat Ernazarov Leningrad (hozirgi Sank-Peterburg) universitetining jurnalistika fakultetini tamomlab, Moskva davlat universitetida jurnalistika sohasida ilmiy ish yoqladi, keyinchalik tarix fanlari doktori ilmiy darajasini olib, Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakultetida ko‘p yillar turli lavozim va vazifalarda xizmat qildi.

 

Qizi Shohistaxon Ernazarova mazkur universitetning sharqshunoslik fakultetini bitirib, ko‘p yillar O‘zbekiston teleradio qo‘mitasi qoshidagi “Vatandosh” tahririyatida chet eldagi yurtdoshlar uchun eshittirishlar tayyorlab, jurnalistik faoliyat yuritdi.

 

Kenja farzandi Aziz Ernazarov ham ota izidan borib, Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetida shoir Sirojiddin Sayyid, taniqli sport sharhlovchisi Rixsitilla Umarov, buyuk adib Abdulla Qodiriyning nabirasi Xondamir Qodiriy, marhum jurnalist Ma’murjon Nazarov, kamina kabilar bilan birga ta’lim oldi. Ko‘p yillar Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmatining boshlig‘i hamda o‘zbek va rus tillarida chop etiladigan “Postda” va “Na postu” gazetalarining bosh muhariri sifatida qizg‘in jurnalistik faoliyat bilan shug‘ullandi. U Ichki ishlar vazirligi tarixida polkovnik unvoniga erishgan ilk jurnalistdir.

 

Aziz Ernazarovning jufti haloli Gulchehraxon Ernazarova ham ToshDUning jurnalistika fakultetida ta’lim olib, O‘zbekiston teleradiokompaniyasida qirq yil muharrir bo‘lib xizmat qildi. Ustozning nabirasi, Aziz Ernazarovning qizi Shahnozaxon Kenjayeva O‘zbekiston televideniyasida boshlovchi muharrir vazifasida xizmat qilmoqda. Azizning yana bir qizi Shahloxon ham jurnalistika sohasida ta’lim olgan. Yurtimizda bunday sulola kam bo‘lsa kerak.

 

Ustozning yuzlab shogirdlari faqat O‘zbekistonda emas, balki yaqin va uzoq xorijiy mamlakatlarda, xalqaro tashkilotlarda samarali xizmat qilganlar.

 

Xonadon do‘stlari

To‘g‘on Ernazarovning xonadoniga O‘zbekistonning atoqli olim, shoir va arboblari tez-tez tashrif buyurib turishardi. Darsdosh do‘stimiz Aziz Ernazarovning eslashicha, uylariga taniqli olim Asil Rashidov ham kelib suhbatlashib turarkan. U kishi o‘sha mahaldagi davlat va jamoat arbobi, yozuvchi, Sharof Rashidovning ukasi bo‘lib, akasiga juda o‘xshar edi. Asil og‘aga ko‘zi tushgan qo‘ni-qo‘shnilar: “Uylaringizga Sharof Rashidov keldimi?” deb hayratlanishar ekan.

 

Shoir Tursun Ali yana bir xotirani so‘zlaydi. Atoqli shoir Abdulla Oripov  bir kuni (ijodi gurkirab, shuhrati butun mamlakatni tutgan mahalda) To‘g‘on Ernazarovni eslab: “U kishi ulug‘ odam” deydi va ular ustozning “Jiguli”sida domlaning uylariga borishadi. To‘g‘on aka va xonadon ahli buyuk shoirni izzat-ehtirom bilan kutib olishadi... Abdulla Oripovning farzandlari ham ustozning: “To‘g‘on aka buyuk inson edilar, mening ustozim bo‘lganlar”, deb aytganini eslashadi. 

 

Abdulla Oripovning hayoti Amerikada tugagani xalqimizga ma’lum. Aziz hojining eslashicha, u kishi vafotlaridan bir necha kun oldin Azizbekka qo‘ng‘iroq qilib: “Domlamizni tushimda ko‘ribman, ikkalamiz ijod haqida suhbatlashayotgan ekanmiz”, deb aytadi... Bu eslamalardan shoir va olim o‘rtalarida muayyan ma’naviy yaqinlik borligi ayon bo‘ladi.

 

Olimning g‘oyasi – Turkiston yodi

Olim va shoir To‘g‘on Ernazarov sho‘ro mustamlakasi davrida “Turkistonda vaqtli matbuot” mavzusida ilmiy ish yoqlab, fan doktori, professor maqomiga erishgan. Aynan shu mavzuda rus va o‘zbek tillarida ilmiy-tadqiqiy kitoblari nashr etilgan. Asorat davrida ulug‘ Vatanni Turkiston deb yod etish har kimning qo‘lidan keladigan ish emas edi.

 

Muallifning sodda, lekin jo‘shqin she’rlarida jasorat va g‘alabaga bo‘lgan ishonch tuyg‘ulari gupurib turadi. Bu she’rlar – tarixga aylangan kunlardan xotira...

 

Domlaning “Jangchi qalbi” (1975), “Okop satrlari” (1980) kabi she’riy to‘plamlaridan she’rlari hamda “Tog‘lar orasida” majmusidan hikoyalari tanlanib, “Go‘zal bog‘lar” nomli kitobi nashrga tayyorlandi. Bu she’r va hikoyalar jangchi shoirning g‘alaba ishonchi bilan yongan qalbi nidolaridir. Adibning she’r va hikoyalarida davr mafkurasiga tobelik holati ko‘zga tashlansa ham, samimiy insoniy tuyg‘ular ustunlik qiladi. Urush – hamma davrda ham manfur narsa, tinchlik hamma davrda ham oliy ne’matdir. Nohaqlik, adolatsizlik, zo‘ravonlik hamma zamonlarda ham qabih narsa, adolat, insof va to‘g‘rilik hamma zamonlarda ham hayotbaxsh ne’matdir. Marhum ustozning samimiy yozmalaridan mana shu ma’nolarni uqish mumkin. 

 

Mirzo KENJABEK,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi,

xalqaro Bobur mukofoti sohibi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20454
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//