Saxiy Bill Geyts, juma tabriklari, pandemiyadagi infodemiya – virtual farosat sizni nimalardan saqlab qoladi?


Saqlash
21:09 / 28.11.2022 1680 0

Menimcha, hammaning shunday “mehribon” tanishlari bor: ular qandaydir shovqinli, shov-shuvli yoki salomatlik uchun “foydali” xabarlar, deylik Braziliyada vaksina olgan odamlar til tortmay o‘layotgani yoki Bill Geyts o‘zbekistonliklarga ming dollardan tarqatayotgani haqida o‘qib qolsa, jon talvasasida (telegramdagi) qarindoshlari, sinfdoshlarini ogohlantirishga oshiqadi.

 

Aslida, ularning zig‘ircha yomon niyati yo‘q, aksincha maqsadlari ezgu: yaqinlarim vaksina olib, bekorga juvonmarg bo‘lmasin yoxud Bill og‘aning saxiyligidan foydalanib qolsin, deydi. Xullas, ho‘kiz tug‘ibdi desa, darrov suyunchi olishga shoshiladi. Ammo hech qachon, to‘xta, ho‘kiz degani bichilgan qoramol erkagi bo‘lsa, hech zamonda tug‘ishi mumkinmi, deb o‘ylab ko‘rmaydi.

 

Bugun hayotimizga (afsuski) shiddat bilan kirib kelgan virtual farosatsizlikning ilmiy nomi ham bor: mizinformatsiya!

 

Dezinformatsiya nimaligini bilasiz. Kimga yoki kimlargadir moddiy-ma’naviy zarar yetkazish, obunachilar sonini oshirish, ijtimoiy ongni chalg‘itish – manipulyatsiya qilish, oson pul topish va boshqa maqsadlarda (ba’zan shunchaki hazillashib) qasddan tarqatilgan yolg‘on, g‘irrom, noxolis axborot. Mizinformatsiya esa mana shu axborotga laqqa tushib uni boshqalarga ulashish. Soddaroq aytganda, birinchisi aldash, ikkinchisi aldanishdir.

 

Masalan, bitta yulg‘ich qo‘yning qumalog‘ini ko‘rsatib, tarmoqlarda “O‘lik dengizda yashaydigan urg‘ochi qisqichbaqaning chap buyragidan tayyorlangan tabiiy toza mahsulot, 10 kunda saratondan qutulasiz” degan e’lon joylashtirdi – dezinformatsiya. Siz esa “zora kimdir shifo topsa” degan oliyjanob maqsadda xabarni telegram guruhlarga tarqatib chiqdingiz – mizinformatsiya.

 

Deylik, firibgarlar  “Omad-shou” degan soxta sayt yaratib, “O‘yinda ishtirok eting va sovg‘alarni yutib oling” mazmunida xabar tayyorlaydi (dezinformatsiya). Saytga kirsangiz, shubhasiz “Iphone 14” yutgan bo‘lasiz. Faqat “yutuq”ni olish uchun xabarni 20 ta odamga ulashing, deydi. Darrov, tilla topgan tentakdek uni telegramdagi “Jigarlar”ga “pereslat” qilasiz (mizinformatsiya). “Dostavka” uchun falon so‘m o‘tkazishingiz bilan aldanganingizni bilasiz. Kamiga, siz kabi chuv tushgan jigarlaringizning ham qarg‘ishiga qolasiz.

 

Albatta, sizga bu misollar go‘yo bo‘rttirilganday tuyulayotgan bo‘lishi mumkin, ammo, bundan ham aqlga sig‘maydiganroqlari bor va ularga sizu biz yoki tanishlarimiz ishonyapti.

 

Farosatsizlik fojiasi

 

Soxta ma’lumotga ishonib, uni mamnuniyat bilan ulashayotgan (repost qilayotgan) odamning qilg‘ilig‘i nafaqat boshqalarning vaqti yoki cho‘ntagiga ziyon yetkazadi, balki kishilarning o‘limiga, jamiyatda parokandalik, nizo, qon to‘kilishiga olib keladi.

 

Pandemiya cho‘qqiga chiqqan davr esingizdami? Begona o‘latdan vahima va xavotirga tushgan olomon bir-birini chin ma’noda davolashga, turli xatarlardan ogohlantirishga kirishgandi. Archilgan piyoz, sarimsoq yoki aspirin kovidni tag-tugi bilan yo‘q qilishi, vertolyotdan virusni o‘ldiruvchi kukun purkalishi haqida sizga, siz a’zo bo‘lgan virtual guruhlarga ham xabar yuborishgan-ku, to‘g‘rimi? Hindistonda ayrimlar hatto, sigirning tappisi koronavirusga qarshi yagona chora ekaniga ishongan va aslida feyk xabarni bir-biriga tarqatgan.

 

“Odamlar pandemiyadan ko‘ra, infodemiya – virus to‘g‘risidagi turli soxta yangiliklardan o‘layapti”, – degan edi o‘shanda Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Gebreisus. Ya’ni, hamma bemorlar ham kasallikdan halok bo‘lmagan, ba’zilarning boshini, yumshoq qilib aytganda, siz bilan mening virtual farosatsizligimiz yegan.

 

Hindiston bilan bog‘liq yana bir keys. 2018-yilda mamlakat janubidagi Tamilnad shtatidagi chekka qishloqlarning birida olomon ko‘chada bolalarga shirinlik tarqatayotgan juvonni tosh va bambukbo‘ron qilib o‘ldiradi. Shunga o‘xshash voqea Bangalorda ham yuz beradi. Shaharga ish izlab borgan 26 yoshli Kalu Ramni mahalliy aholi arqonga bog‘lab, jonini oladi.

 

Nega deysizmi? Chunki, o‘sha yili “WatsApp”da mototsikl mingan ikki erkak yo‘l yoqasida kriket o‘ynayotgan bolajonlardan birini “o‘g‘irlab” ketgani aks etgan 1 daqiqalik video virusdek tarqaladi. Avom bir-birini ogohlantirishga tushadi. Ayrim shok kontent egalari rolik fonida “Dahshat! Tarqating! Bangalorda 200 ga yaqin bola o‘g‘rilari yuribdi. Xushyor bo‘ling” qabilidagi soxta chaqiriqlar joylashtiradi. Oqibatda 2018-yilda mamlakatning turli shtatlarida 20 dan ziyod odam “bola o‘g‘risi” sifatida “samosud” qurboni bo‘ladi.

 

Eng achinarlisi nima, bilasizmi? Biroz virtual farosati bor odam o‘sha qurib ketgur rolik aslida ijtimoiy eksperiment ekani, haligi mototsikldagilar bolani yana qaytarib olib kelgani hamda “Karachi ko‘chalarida bolangizni bir lahzada yo‘qotib qo‘yishingiz mumkin” yozuvli plakat ko‘tarishganini darrov payqaydi.

 

Xo‘sh, nega aldanamiz?

 

Nima uchun ijtimoiy tarmoqlarda o‘zimiz bilmagan holda dezinformatsiya zanjirining halqasiga aylanib qolamiz? Nega yolg‘onning tarvaqaylashiga xissa qo‘shamiz? Bizni nima jin uradi?

 

1. O‘ta primitiv/sodda kontent. O‘rta asrlarda Yevropada kitob bosish uskunasi ixtiro qilingach, ko‘pchilik intellektual qatlam “O-o, ana endi ilmiy revolyutsiya bo‘ladi,  Bruno va Kopernik asarlari qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketadi” – deb o‘ylaydi. Qayerda! Gʻirt uydirmadan iborat “Jodugarlar bolg‘asi” kitobi davrning bestselleriga aylanadi.

 

Dezinformatorlar, firibgarlar bugun ham ushbu texnologiyadan faol foydalanadi. Qalbaki axborot mualliflari yaxshi biladiki, aksar odamlar ijtimoiy tarmoqlarga “kallani ishlatish” emas, balki yangi ma’lumotlarni ko‘zdan kechirish, vaqt o‘tkazish yoki ko‘ngilxushlik maqsadida kiradi.

 

Shuning uchun ular soxta kontentni miyada qayta ishlashga ehtiyoj qoldirmaydigan darajada soddalashtirishga harakat qiladi. Bundan miya faqat yayraydi, yolg‘on yanada jozibador va haqqoniy ko‘rinadi, ma’lumotni do‘stlar va/yoki yaqinlarga ulashish ehtimoli oshadi. Nima uchun virtual yulg‘ichlar Lloyd Blankfeyn yoki Devid Tepper emas, balki hamma taniydigan Alisher Usmonov, Ilon Mask yoki Bill Geyts “xayriya qilayotgani” haqida bong urishini endi tushunyapsizmi?

 

2. Hissiy-emotsional kontent. Virtual farosatsizlik – faqat oq-qorani ajratolmaydigan g‘o‘r-sho‘r yoshlar, turli kibernayranglardan xabarsiz, tanqidiy fikrlash ko‘nikmasiga ega bo‘lmagan avomga taalluqli fenomen emas. Ba’zan oliy ma’lumotli, ko‘pni ko‘rgan ziyolilar ham aldanadi. Quyichirchiqlik blogerning “qo‘llari o‘ta vahshiylarcha chopib tashlangani” haqidagi feyk xabar yodingizdami? Aldanganlar (ulashganlar) orasida ko‘pni ko‘rgan blogerlar, deputatlar ham bor edi.

 

Shunday haqiqat bor, hissiyot junbushga kelsa, mantiq bir chekkada yum-yum yig‘laydi. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, qalbaki ma’lumot yaratuvchilar sizni ishontirish uchun ayni formulani ustalik bilan qo‘llaydi. Ya’ni, mahsulotni taqdim etishda albatta hislaringizni hisobga oladi, sizda nafrat, achinish, hadik, hayajon, aybdorlik tuyg‘ularini uyg‘otishga harakat qiladi.

 

Istirohat bog‘ida bir maromda aylanadigan oddiy arg‘imchoqqa ko‘pchilik qayrilib ham qaramaydi, aksincha, oyoqni osmondan qiladigan, qo‘rqitadigan, yurakni shuvillatadigan attraksionlarga talpinadi hamma. Axborot maydoni ham xuddi shunday va buni g‘alamislar yaxshi biladi.

 

3. E’tiqod manipulyatsiyasi. Keyingi paytlarda media makonda juda xunuk tendensiya ko‘zga tashlanyapti. Ya’ni, dezinformatorlar odamlarning ishonchiga kirish uchun ularning e’tiqodidan foydalanayotir.

 

Masalan, Telegramda “GoldenCash” yoki shunga o‘xshagan, qaysidir mahsulotga investitsiya kiritib, pulingizni olti baravar qilib qaytarishni taklif etayotgan firibgarlarning kanal yoki guruhlarida har jumada “gif” formatida tabrik, ezgu tilak joylayotgan “virtual ahmadboylar”ning maqsadi aslida iymonlashish emas – bor-budingizni shilib olish.

 

Yoki, deylik “Germaniyada ish bor” degan guruhdan juma yo ramazon tabrigi kelsa, ora-sirada ibratli hadislar joylab tursa, darrov “ha-a, demak ishonchli ekan” deb bir xalta peshana teringizni qo‘sh-qo‘llab topshirmang. Ular shunchaki “pistoncha xususiy bandlik agentligi” nomidagi ashaddiy jinoyatchi ham bo‘lishi mumkin.

 

Nima qilish kerak?

 

Ovqatga o‘tirishdan oldin qo‘lni sovunlab yuvish, odamga qarab aksirmaslik, kattalarga ulardan avval salom berish kabi elementar farosat qoidalari bolalikdan singdiriladi-ku, xuddi shunday, axborotdan foydalanish madaniyati ham go‘dak aqlini tanishi bilan o‘rgatilishi, o‘qitilishi, uqtirilishi kerak.

 

Eng muhimi, ularda tanqidiy fikrlash ko‘nikmasi shakllantirilishi, rag‘batlantirilishi, virtual makonda qalbaki axborotlarni aniqlash, farqlash bo‘yicha mobil dasturlar, o‘yinli ilovalar ishlab chiqilishi, o‘quv-mashg‘ulotlariga tatbiq etilishi, maktab davridan boshlash lozim manipulyatsion nayranglardan ogoh etishni.

 

Keyin, zamonaviy infomuhit ko‘rsatmoqdaki, jamiyatda umumiy savodsizlikning ijtimoiy normal hodisa sifatida namoyon bo‘lishi ham virtual farosatsizlik sindromini paydo qilayapti. Ya’ni, odamlar hech ikkilanmay bitta gapda ikkita xato bilan yozilgan “rasmiy” axborotlarga ishonib qolayapti.

 

Ayniqsa, jamiyatning elit-intellektual vakillari, fikr liderlari, jamoatchilik faollari axborotga, axborot tarqatishga vazminlik bilan yondashishi juda muhim bugun. Olomon oldi-qochdi resurslar emas, fikr liderlariga ko‘proq ergashishini inobatga olsak, mas’uliyatni avvalo ular his qilishi shart. Qalbaki-vijdonsiz axborot muhitidan – moʻtadil infomakonga o‘tish yoki o‘tmaslikni aynan mana shu qatlam belgilab beradi.

 

Umuman, tanqid ob’yekti dezinformatsiya emas, o‘zimiz, insonlar bo‘lishi kerak. Chunki, yolg‘onning o‘zi alohida olganda hech qanday ijtimoiy xavf tug‘dirmaydi. Unga siz bilan biz jon-ruh kiritamiz. To‘g‘ri, botlar ham bor. Ammo ular o‘z nomi bilan robot, hissiz. Hissiyot bilan chiqarilgan xulosalar qanday oqibatlarga olib kelishini esa bildingiz.

 

Firdavs NURULLOH

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:12 / 03.12.2024 0 262
Buyuklarning “maydalik”lari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22609
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//