Taqiqlangan, yerdan kavlab olib isteʼmol qilinayotgan, falajlovchi sintetik zahar – psixotrop moddalar yangi asr vabosi boʻlishi mumkin


Saqlash
16:11 / 22.11.2022 2544 0

Doriga oʻtirib qolganimni, hayotim barbod boʻlganini bilgach, otam uydan haydab yuborgan. Holbuki uning oʻzi aybdor edi barchasiga. Onam ketib qolgandan soʻng uyga deyarli kelmas, menga eʼtibor berish tugul, kamdan-kam vaqtlarda pul berardi. Uyda yeyishga hech vaqo qolmagach, kafeda ishlay boshladim. Oʻn besh yoshli qizga ofitsiantlik qilish osonmasdi, kechga borib, oyoqlarimda jon qolmas, uyga sudralgancha qaytardim. Shunday kunlarning birida madorsiz yurganimni koʻrgan ishchilarimizdan biri “ol, tetiklashtiradi”, deya dori uzatdi. Hech nimani oʻylamay ichib yubordim. Birozdan soʻng rostdan koʻzlarim ochildi, kayfiyatim koʻtarilib, hammaga tabassum bilan qaray boshladim. Ertasi kuni Gulidan bu “sehrli mehrigiyo”ni oʻzim soʻrab oldim. Bora-bora, kuniga ikkita, keyinroq beshta-oʻntagacha ichdim. Kafeda ish vaqti sarxush yurishimizni payqab qolishgach, ikkimiz ham haydaldik. Shundan keyin duch kelgan ishni qildim, lekin endi men oldingi esli, tortinchoq, qoʻrqoq “men” emasdim. Dori uchun hamma narsaga tayyor edim, yigitlar bilan yurar, bozorda oʻgʻrilik qilar, koʻchada odamlardan uyga yetvolay deb, aldab pul soʻrardim. Chunki tabletkalarni ichmasam, butun tanam qaqshab ogʻrir, miyam ishlamay qolardi. Hech kim, hech narsa yoqmas, kichik shovqin ham tanamga yuzlab igna sanchgandek ogʻriq berardi. Bir kuni tanishlarim bilan toqqa yoʻl oldik. Yoʻl-yoʻlakay dori ichib ketardik, ruldagi yigitning kayfi oshib, oldinda kelayotgan mashinani koʻrmay qoldi. Nimaningdir qattiq qarsillagan ovozidan soʻng esimda qolgani – olov va oʻzimning isib ketayotganim, kimningdir yordam soʻrab baqirayotgan ovozi edi. Keyinroq bildimki, avariyadan birgina men tirik qolibman, na yolgʻiz oʻgʻil boʻlgan boyvachcha tanishim, na uning oʻrtoqlari va na Guli. Shundan soʻng davolanishga qaror qildim. Hozir ancha yaxshiman, lekin baribir doriga yana qaytishdan qoʻrqaman, chunki ortda qolgan kunlarim doʻzaxdek tuyiladi bugun...

 

Zilola kabi dunyo yoshlarini falajlantirib, chiqitga aylantirayotgan bu “sehrli mehrigiyo”ning paydo boʻlganiga koʻp boʻlmadi. Nari borsa 3-4 yil. Ammo shu “arzimagan” vaqt ichida minglab, balki millionlab yoshlar uning qurboniga aylanib ulgurishdi. Eng qizigʻi, uning domiga boyning ham, gadoning ham bolasi birdek tushib qolmoqda. Goʻyo kimgadir yoshlarning quvvati keragu, tanlamay, saralamay, hammasini bir chekkadan yamlamay yutyapti. 20 asrda giyohvandlik changalidan qutilgan avlod bugun bolalarini yangi bir balo – psixotrop tabletkalardan himoya qilishga majbur. Garchi ularning aytilishi juda oddiy, quloqqa yengil eshitilsada, taʼsir qilish doirasi, asorati, oqibatlari narkotik moddalar bilan bir xil – talvasa, qaramlik, ogʻriq, oʻlim!

 

Maʼlumotlarga koʻra, 2011-yildan boshlab Oʻzbekistonda opiy giyohvandligi bilan bogʻliq holatlar deyarli yoʻqolib ketgan. Tomirdan yuboriladigan narkotiklar isteʼmoldan chiqib, 2020-yilga qadar ularning isteʼmolidan oʻlim holati kuzatilmagan. Biroq 2018-2020-yillardan boshlab kayf beruvchi yangi psixoaktiv moddalar – kuchli taʼsir etuvchi tabletkalar paydo boʻldi. Yaqin yillargacha ularni har bir dorixonadan topish mumkin edi. Shuning uchun ham ularning zarari aniqlanib, sotish taqiqlanganiga qadar yuzlab yoshlar zaharlanishga ulgurdi, zaharlanyapti hamon...

 

Oyina.uz muxbiri ushbu moddalarning keng tarqalishiga sabablar, ularning asoratlari haqida Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori oʻrinbosari Furqat Baxromov bilan suhbatlashdi.

 

Soʻnggi yillarda yoshlar oʻrtasida psixotrop moddalarga qaramlik ortib borayotganini turli sabablarga bogʻlashadi. Mutaxassis sifatida kuzatuvlaringizdan kelib chiqib, eng asosiy omillarni sanay olasizmi?

 

- Siz nazarda tutgan dorilardan uzoq yillardan buyon tibbiy maqsadlarda foydalanib kelinardi. Yaqin-yaqingacha bu preparatlarning oʻziga tobelik chaqirish xususiyati aniqlanmagan, hatto. Jamiyatda ularga qaramlikning paydo boʻlishida esa bir nechta sabablar koʻproq kuzatiladi.

 

Birinchisi bu – biologik omillar. Inson organizmida maʼlum moddalar almashinuvi bilan bogʻliq xastaliklar nasldan-naslga oʻtadi. Toʻgʻri, narkologik kasalliklar irsiy oʻtmaydi, ammo yaqin qarindoshlar, ota-onalarda ruhiy xastalik yoki biror bir moddaga tobelik kuzatilgan boʻlsa, bolada bunday moddalarga qaramlikning paydo boʻlish xavfi yuqori boʻladi. Shuningdek, biologik omilda jins ham ahamiyatli. Yaʼni bu kasallik koʻproq erkaklarda uchraydi.

 

Ammo kuzatuvlarga koʻra, kasallik soʻnggi vaqtlarda xotin-qizlarimiz ichida koʻp uchrayotgan ekan?

 

Unday emas. Masalan, hozir bizda davolanayotgan bemorlarning soni 60 tacha boʻlsa, ularning 3 yoki 4 tasi ayollar, qizlar. Umumiy statistikaga murojaat qilsak, kasallanganlarning 1-1,5 foizni ayol bemorlar tashkil etadi. Shunday ekan, bu gaplarda asos yoʻq, deya olaman.

 

Yuqoridagi savolingizga javobni davom ettirsam, ikkinchi sabab ijtimoiy omillar boʻlib, bu mikro va makroijtimoiy sabablarga boʻlinadi.

 

Baʼzi odamlar farzandiga haddan tashqari eʼtiborli boʻlib, keragidan ortiq gʻamxoʻrlik koʻrsatadi. Bunday muhitda katta boʻlgan farzand ota-onasiz biror mustaqil ish qila olmaydi. Natijada hayotidagi qiyin vaziyatlarda kerakli qarorni qabul qila olmaslik yoki stressli holatlardan ijtimoiy maqbul yoʻl bilan chiqa olmaslik turli xil dorilarning isteʼmoliga olib kelishi mumkin. Shuningdek, bu holatning aksi oʻlaroq, ota-onalarning farzandga oʻta talabchanligi, qattiqqoʻlligi ham sabab boʻladi.

 

Bundan tashqari ota-onalar tirikchilik bilan boʻlib farzandlarini oʻz holiga tashlab qoʻyadi. Bunday bolalar koʻchada sangʻib yuradi, notoʻgʻri yoʻlga boshlovchi shaxslarning taʼsiriga tushib qoladi. Ota-onalari boʻlsa bolaga oʻzi berolmagan mehr, vaqtning oʻrnini moddiy ragʻbatlantirish bilan toʻldirmoqchi boʻladi. Oqibat farzandda atrofdagilarga, birinchi navbatda oʻz ota-onasiga nisbatan isteʼmolchilik munosabati shakllanadi, ota-onasining buyurgan ishini bajarishi uchun ulardan nimadir talab qila boshlaydi, toʻqlikka shoʻxlik qiladi, yangi va yangi narsalarga qiziqish paydo boʻladi.

 

Giyohvand vositalar va psixotrop moddalar isteʼmoli tarqalishining oldini olish borasida davlatning siyosati ham muhim ahamiyatga ega. Masalan, Gollandiyada baʼzi narkotik moddalari legallashtirilgan, sotuviga rasmiy ruxsat berilgan. Ular shirinliklar, ichimliklar, oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida ham bemalol ishlatiladi. Aholi, yoshlar oʻrtasida bu moddalarning zararlari haqida umuman maʼlumot berilmaydi, yaʼni tanlov uchun erkinlik berilgan. Natijada shu kabi yoʻl tutuvchi bir qancha Yevropa va AQSHning baʼzi shtatlarida giyohvandlik, psixotrop dorilarga qaramlik keng tarqalgan. Shuningdek, jamiyatda shu moddalarning zarari haqidagi maʼlumotlarga, profilaktika tizimiga ham koʻp narsa bogʻliq.

 

Surishtiruvlarimizda psixotrop dorilarga qaramlik maktab yoshidagi bolalarda ham uchrayotganini aytishdi. Bemorlaringiz orasida ham shu yoshdagilari bormi? Oʻzi, umuman, bu qaramlik odatda necha yosh oraligʻida kuzatiladi?

 

- Oxirigi yillarda qaramlik yoshlar oʻrtasida uchrashi koʻpaymoqda. Bizda zaharvandlikdan davolanayotgan bemorlarning eng kichigi 20-23 yosh atrofida. Aytganingizdek, baʼzi tegishli idoralarning maktablardagi soʻrovnoma, surishtiruvlariga koʻra, 14-15 yoshli oʻspirinlar, oʻsmirlar orasida bu hol kuzatilgan. Lekin bizga boʻlgan murojaatlar ichida bu yoshdagilar yoʻq. Toʻgʻri, ota-onalar farzandlaridan shubhalanib, shifoxonaga olib kelishadi bolalarni. Tekshiruvlar natijasida ularning qonida tamaki, alkogol qoldiqlari topiladi, ammo shu vaqtga qadar ularda psixotrop moddalar aniqlanmagan.

 

Balki bu holat bordiru, ota-onalar jamiyatdan yashirishar, “oʻzbekchilik” degandek?

 

Bilasizmi, men sohada 1988-yildan buyon ishlayman. Va aytishim kerakki, kasallikni qanchalik yashirmang, alal-oqibat, albatta, oshkor boʻladi. Avvallari ota-onalar bu holni berkitgan, lekin bugun bu boradagi maʼlumotlar yetarlichaligi, tushuntirish ishlari olib borilgani sabab, ular ham kasallik qancha tez davolansa, shuncha yaxshi boʻlishini bilishadi. Shuningdek, bizga oʻzlari istab murojaat qilishsa, roʻyxatga olinmaydi, shaxsiy maʼlumotlar sir saqlanishi kafolatlanadi.

 

Psixotrop moddalarni doimiy qabul qilish inson umrining qisqarishiga olib kelishi mumkinmi? Kasallik qancha vaqt davom etadi?

 

Bu surunkali kasallik boʻlgani uchun davolanmasdan tuzalishning imkoni yoʻq. Qolaversa, inson organizmining oʻzi davo izlashga majbur qiladi. Chunki isteʼmol boshlanganda kishiga avvaliga kayf, lazzat bagʻishlaydi. Keyinchalik qaramlikka chalingan inson dorilarni huzurlanish uchun emas, oʻzini sogʻlom inson deb his qilish uchun isteʼmol qila boshlaydi. Chunki sogʻ odamning moddalar almashinuvida begona element boʻlmaydi. Surunkali dori isteʼmolidan keyin esa bemor organizmi psixotrop moddalarni “oʻziniki” qilib oladi. Yaʼni moddalar almashinuvi qaytadan psixoaktiv moddani kiritgan holda “dasturlanadi”. Agar tabletkalar isteʼmoli toʻxtatilsa, organizmda turli “nosozliklar”, “kasalliklar” yuz beradi. Dorilarsiz qolgan bemor oʻzini boshqara olmaydi. Natijada qaramlikka chalingan inson ovqat yeyish, fiziologik ehtiyojlarini qondirish va hatto shunchaki kayfiyati yaxshi boʻlishi uchun ham ularni isteʼmol qilishga majbur boʻladi.

Qolaversa, psixotrop preparatlar koʻp oʻtmay, inson ruhiyatiga taʼsir qila boshlaydi. Ikki yil ichida bemor avvalgi insoniylik qiyofasini yoʻqotadi, shaxs sifatida tubanlikka uchraydi. Endi u narkoman, dangasa, egoist odamga aylanadi. Parazitar hayot kechirishga oʻtadi. Birovni mulkiga koʻz olaytiradi, oʻgʻrilik sodir etadi. Bemorda oʻz-oʻzidan yolgʻonchilik boshlanadi. Chunki endi unga faqat pul va dori kerak. Mana shunday hayot tarzi bora-bora bemorning oʻzini ham bezdiradi. Pulsizlik, doimiy stress, ogʻriqlar sabab kasallikdan tezroq qutilishni oʻylab qoladi. Chunki bu yoʻlning oxiri ogʻriqlar, ozodlikdan mahrum boʻlish, yolgʻizlik yoki hatto oʻlimdan boshqa narsa emas...

 

Bu moddalarga sotuv taʼqiqlangan, ammo yoshlar isteʼmoldan toʻxtamayapti. Bemorlaringiz ularni qanday topishlari haqida ham aytishadimi? Soʻrayotganimning sababi, ota-onalar bu moddalar dorixonalarda yoʻqku, deya xotirjam boʻlib yurishlarini bilaman.

 

Chindan ham koʻpchilik ota-onalar dorixonalarda faqat insonni davolaydigan dorilargina sotiladi, psixotrop tabletkalar sotuvda yoʻq degan oʻyda ancha xotirjam. Ammo hozir bizda sintetik narkotiklar tarqalyapti. Ularni ishlab chiqarish oson, arzon, uy sharoitida bir nechta kimyoviy modda aralashmasidan tayyorlash mumkin. Ularni yaratadiganlar – “kimyogarlar” sintetik narkotiklar formulasini juda tezlik bilan oʻzgartirishadi. Agar biror sintetik narkotiklar qoʻlga tushib, uni noqonuniy aylanishiga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilansa, uning oʻrniga boshqa modda qoʻshib boshqacha formulaga ega boʻlganini yaratishyapti. Bu esa sintetik narkotiklarni tabletkalarni toʻxtovsiz tarqatishga, qonunlarni aylanib oʻtishga yordam beradi, afsuski. Sintetik narkotiklar va preparatlarni aksar hollarda ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatishyapti. Masalan, dorilarni biror simyogʻoch, daraxtlar yaqinidagi yerga koʻmib, eʼlon berishadi. Pul toʻlangach, mijozga oʻsha yerning manzili yuboriladi. Bu holatda siz tarqatuvchini ushlay olmaysiz, faqat dorilarni kovlab olayotgan narkotik isteʼmolchigina qoʻlga tushadi. Shuning natijasida olib borilayotgan profilaktik tadbirlar, qidiruv ishlarida ancha qiyinchiliklar yuzaga keladi.

Ammo buni toʻxtatishni imkoni bor, farzandlarimiz, yaqinlarimizga eʼtiborli boʻlishimiz, ularni nimalar bilan shugʻullanayotganiga qiziqishimiz, vaqtini foydali mashgʻulotlarga sarflashga yoʻl koʻrsatishimiz kerak. Chunki, xavf biz yaqin, jips boʻlgandagina yoʻqoladi.


Feruza Xayrullayeva
Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19276
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16341
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi