Jahonda o‘smirlar madaniyati keyingi yillarda keskin o‘zgardi. G‘arb mamlakatlari yoshlari orasida ildiz otgan “istaganingdek yasha”, “barchasiga ruxsat bor” tamoyili zamonaviy yoshlar fe’l-atvorida salbiy jihatlarni orttirdi. Zo‘ravonlik, aysh-ishrat, giyohvandlik inson ruhiyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Liboslarda keskin noan’anaviylik, isyonkorlik belgilari namoyon bo‘ldi. Yarimyalang‘ochlik, atir-upaga me’yordan ortiq ruju qo‘yish, kerak-nokerak ozaman deb, o‘zini o‘zi och qoldirish o‘smirlar orasida urfga aylandi.
To‘g‘ri, o‘smirlar fe’l-atvori, yeb-ichishi o‘zgaruvchan tabiatga egadir. Kechagina ommabop bo‘lgan narsa bugun eskirishi mumkin. Libos tanlash ixtiyoriy bo‘lsa-da, bunga ta’sir etuvchi talay omillar bor.
Xo‘sh, bu jarayonga mashhur kishilar qanday ta’sir ko‘rsatadi? Mashhur aktyor va xonandalar – “moda olami” yetakchilaridir, ko‘plab o‘smirlar shu “yulduz”lar kiyinishiga taqlid qiladi. Ko‘plab mashhur yulduzlarning o‘z moda yo‘nalishlari bor va o‘smirlar libos tanlashda ularga bilib-bilmay ergashadi.
Endi tengqurlarning kiyinishda bir-biriga ta’siri masalasiga diqqatni qaratsak. O‘smir libos tanlashda tengdoshlari qanday kiyinishiga qarab ham namuna oladi. O‘smirlar bir necha ijtimoiy guruhlarga ajralgani sabab, liboslar ularning qaysi guruhga mansubligini ko‘rsatib beradi. Yirtiq jinsilar, qimmatbaho ko‘ylaklar yoki soch turmaklari – ularning barchasida o‘smirlar modasining roli bor. O‘smir muhitga moslashishga intilsa, bu – normal holat, albatta, biroq uning bu borada qiyinchiliklarga duch kelishini ham e’tiborda tutish darkor. Boz ustiga, ota-onaning g‘ashini keltiradigan yurish-turishi uning kattalar talabiga qarshi isyoni natijasi bo‘lishi ham mumkin. Odatda, bu holat o‘zgalardan yaqqol ajralib turuvchi libos yoki yuzga niqtalgan pirsing holatida kuzatiladi.
Bundan bir necha yil muqaddam mamlakatimizda “o‘smirlar modasi” degan tushuncha hatto mavjud emas edi. Barcha sohalarni qamrab olgan “total defitsit” davrida o‘smirlar “tasodifiy” kiyimlarda yurishga majbur edi. Biroq ota-onalar o‘z farzandlarini imkon qadar po‘rimroq kiyintirishga urinar edi. O‘smirlarning o‘zi ham bu jarayonda faol ishtirokchiga aylandi. Ular kattalarning keng paltosini qayta bichtirib toraytirar, oddiy bichimli shimlarning pochasiga “klyosh”larni ulab, jinsilarni tog‘oralarda qaynatar yoki g‘isht bilan ishqalab o‘sha davrda modabop bo‘lgan fakturalarni hosil qilar edi.
Bozor iqtisodiyotiga o‘tilgan ilk yillarda kiyim do‘konlari yorqin va zamonaviy ko‘rinsa-da, sifatsiz va didsiz liboslarga to‘lib ketdi. Ularning birgina afzalligi narxi arzonligi edi.
Birmuncha vaqt o‘tgach, dunyoning ilg‘or zamonaviy modasi respublikamizda iste’mol madaniyati rivojiga o‘zgacha ta’sir qildi. Ota-onalarda did bilan kiyinish istagi kuchayishi barobarida o‘g‘il-qizlarini o‘zidan-da chiroyli kiyintirishga intilish ham kuchaydi. Bu esa aholi orasida yangicha kiyinish madaniyatini shakllantira boshladi.
Oxirgi yigirma yildagi moda ko‘proq tavsiyaviy xarakter kasb etmoqda. Sifatli kiyimlar ishlab chiqarish jiddiy muammolardan biri – libosning vizual va konstruktiv belgilari modaning asosiy tendsiyalariga, inson qad-qomatiga yarashib turishidir. Detallarning tuzilishi va o‘lchami, chok-u bezaklarning joylashuvi va konfiguratsiyasi, libosning matosi modaning vizual belgilariga mutanosib bo‘lishi lozim.
O‘g‘il-qizlar ulg‘aygan sari ularda moda tendensiyalaridan ta’sirlanish tobora yaqqol namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, o‘spirinlar ust-boshida bu ta’sirlanish muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda nafaqat kattalar modasidagi yo‘nalish va tendensiyalarni, balki yoshlar submadaniyatlariga xos unsurlarni ham hisobga olish zarur.
Yoshlar modasiga ko‘proq estetik omillar ta’sir ko‘rsatadi. Yoshlar uchun libos, avvalo, estetik talablarga javob berishi, moda yo‘nalishiga mos kelishi muhimdir.
Yana bir o‘ziga xoslik yoshlar liboslarining uslubiy yechimlari bilan bog‘liqdir. Moda yo‘nalishiga hamohang holda bir vaqtda bir necha uslub hukmronlik qilishi mumkin. Zamonaviy yoshlar liboslariga turli-tuman, hatto usluban zid eklektik mozaika xosdir.
Yoshlar liboslarini loyihalashda, odatda, bezaklarga alohida etibor qaratiladi. Bezak mahsulot turiga va libosning uslubiga bog‘liq. Masalan, sport liboslari alohida chiziqlar, kantlar, tugmalar, parchinlar, shuningdek, ramzlar ko‘rinishidagi kashta va applekatsiyalarsiz bo‘lmaydi.
Yoshlar o‘z liboslarida ifodaviylik, dinamika bo‘lishini talab etadi. Bu esa, o‘zgalardan ajralib turish, o‘ziga diqqat qaratish istagi bilan bog‘liq. Shuning uchun yoshlar liboslarini turfa ranglar va matolarni uyg‘unlashtirish, dekorativ chiziq va bezaklarda ifoda etilgan ritm, simmetriya hamda assimmetriya vobastaligi talabini qondirish lozim.
Modaga munosabat yoshlar orasida ham turlichadir. Bu ruhiyat turfaligi bilan izohlanadi. Insonlarda temperament, fe’l-atvor – turlicha. Shunday ekan, ularda idrok etish ham farqli. Shu sabab kishilar kiyinish madaniyatiga ko‘ra, o‘rtachalar, avangardchilar va konservatorlar guruhiga ajratiladi. Biroq oxirgi guruhga yoshlar kirmaydi.
Yigit-qizlar libosini loyihalashda modaning bugungi va ertangi holatini inobatga olish lozim. Avangard uslubdagi liboslar yaratish muayyan murakkabliklarni keltirib chiqaradi. Bular mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati, liboslarning obrazli yechimi, yuqori mahorat talablari bilan bog‘liqdir. Odatda, avangard liboslar ko‘rgazmalardagi namoyishlar uchun tayyorlanadi. Ommaviy ishlab chiqariluvchi liboslar esa tez o‘zgaruvchan bo‘lmaydi.
Yoshlar liboslarini loyihalashda ularning qulayligiga alohida e’tibor berish lozim. Yoshlar faol hayot kechiruvchi qatlam bo‘lgani bois libosga qo‘yiladigan asosiy talablardan biri – uning qulayligidir. Biroq ba’zi yoshlar eng so‘nggi urfda kiyinish va chiroyli ko‘rinish uchun noqulayliklarga ham ko‘nikishga rozi. Ular tor yubka, shim va jinsilarni kiyib yuradilar. Mazkur holatda konstruktorning vazifasi – urfdagi siluyet va shaklni saqlab qolgan holda uning qulayligini imkon qadar ta’minlashdir. Bunga konstruktiv vositalar, elastik materiallardan foydalanish yo‘li bilan erishish mumkin.
Psixofiziologik omil insonning jismoniy rivojlanishi hamda yosh xususiyatini o‘z ichiga oladi. O‘smirlar va kattaroqlar liboslarida konstruktiv-kompozitsion jihatdan muayyan farqlar bor. O‘smirlar ko‘proq sport uslubidagi liboslarni, erkin siluyetlarni, fuksional, qulay va universal liboslarni afzal ko‘radilar. O‘smir qizlar ko‘pincha yubka va ko‘ylak kabi ayollar libosidan voz kechib, shim, shortik, jinsi va kombenzon kiyib yuradi. O‘smir bolalar esa liboslarida yorqin ranglar va turli yozuv va ramzlar bo‘lishini yoqtiradi.
Yoshlar liboslarini loyihalashga iqtisodiy omil – mahsulot narxi ham ta’sir o‘tkazadi. Mazkur omil ishlab chiqarish imkoniyati va sharoiti bilan bevosita bog‘liqdir.
Xulosa qilib aytganda, o‘smirlar modasiga ta’sir etuvchi asosiy omillar quyidagilardir: 1) taqlid; 2) tengqurlar ta’siri; 3) submadaniyatlar ta’siri; 4) ommaviy madaniyat; 5) oilada shakllangan kiyinish madaniyati; 6) reklama va turli brendlar; 7) bozorning holati.
Feruza OTAXONOVA,
Kamoliddin Behzod nomidagi MRDI
libos dizayni kafedrasi mudiri
“Tafakkur” jurnali, 2016-yil 1-son.
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q