Oliy ta’limdan keyingi PhD va DSc’ga kirish talablarida o‘zgarishlar bo‘lganini aytib qolishdi. Qarorlar chiqibdi. O‘qib chiqmadim. Hamkasblarning noroziligidan tushundim.
Biz hamma narsada originallikka, o‘ziga xoslikka intilamiz. Bu safargi o‘zgarishlardan ham ajablanmadim.
DSc’ga kirish uchun talabgor – u endi rosmana olim, ilmiy darajali, xorijda uni doktor deb chaqirishadi – ingliz tilidan imtihon topshirishi kerak ekan. Imtihon Davlat Test Markazida olinarkan. 400 ming so‘mdan ziyodroq to‘lovi bor ekan...
Bu safar ham originallikka harakat qilishganmi, degan o‘y ko‘nglimdan o‘tdi. Bu narsa, tajribamdan kelib chiqib aytsam, xorijda yo‘q.
DSc xorijda Postdoctoral bosqich hisoblanadi va PhD ilmiy darajasi borlar qabul qilinadi. Bizdagi PhD va DSc esa, mohiyatan, sobiq Ittifoqdan qolgan, OAK isloh qildim degan, amalda mohiyat saqlangan, nomi o‘zgargan bir tizim. Sobiq Ittifoq davridagi fan nomzodi (PhD) va fan doktori (DSc), aslida, boshqa nomlarda saqlanib qolgan.
Xorijda Postdoctoral bosqichini davom ettirish – postdok qilish uchun hech qanday til sertifikati so‘ralmaydi. O‘zim ikki marta postdok bo‘lganman. 2015-2016, 2017-2018-yillarda. Xorijlik bo‘lganim uchun talab qilishsa, haqli bo‘lishardi. Ammo birortasida til sertifikati talab qilingan emas. Bu amaliyot butun dunyoda amalda. Hatto, ingliz tili ustuvor bo‘lgan AQSh yoki Britaniyada, keng qo‘llaniladigan Yevropada... va hatto, Xitoyda ham.
Xo‘sh, bizda qaysi sabablar bilan xorijiy til sertifikati talab etilyapti?
Faraz qiling, fan nomzodi – domla ingliz yoki nemis tilidan DTMga imtihon topshirgani boryapti. Balki u talabgor bir necha yil xorijda faoliyat yuritgan yoki universitetlarda ma’ruzalar o‘qigandir, zo‘r-zo‘r maqolalar e’lon qilgan, monografiyalar, kitoblar yozgan (shundaylarni bilaman). Endi o‘sha olimlarga talab qo‘yilyapti-da: “boring, domla, imtihon topshirib keling!”
Xo‘sh, bu talab izzat-nafsi bor, g‘ururi o‘lmagan olimga qanday ta’sir qiladi?
Agar menga shunday deganlarida bunday “postdoktorantura”dan voz kechardim. Nega?
Doktoranturada o‘qiyotgan vaqtimizda yana o‘zimizga xos talablar paydo bo‘ldi. Doktorlik dissertatsiyasi himoyasidan oldin chet tili, O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi... yana allaqanday fanlardan imtihonlar topshirish talab etildi. Faraz qiling-a, katta-katta domlalar hali u institutga, hali bu institutga borib imtihon topshirganmiz. Agar o‘sha vaqtda chet eldan biror kishi bilib qolsa, kulardi, sharmandamiz chiqardi. Lekin ilojimiz qancha, doktorlik dissertatsiyalar yozilgan, himoya qilishimiz kerak. Mikrobiolog yoki neyroxirurg, aytaylik, demokratik jarayonlar, yana allaqanday siyosiy jarayonlarni o‘qishimiz kerak edi. O‘qiganmiz ham. Faqat vaqtimiz va naqdimiz ketgan.
O‘shanda bir xarakterli suhbat bo‘lgandi. Yoshi kattaroq aka biz bilan imtihon topshirardi. Undan keyin mening navbatim. O‘shandagi tortishuv e’tiborimni tortgandi:
– Bu yog‘i endi 3 baho, hafa bo‘lmaysiz!
– Nega uch?!
– Bu narsalarni bilishingiz kerak. Mana, aytyapsiz, Germaniyada ishlayman, deb. Germaniyada so‘rab qolishsa, “O‘zbekistonda davlat boshqaruvi qanday?” deb. Siz nima javob berasiz?
– Domla, Germaniyada bunaqa narsalarni so‘ramaydi. Men neyroxirurgman! Neyroxirurgiyadan doktorlik qilyapman. Mendan nemislar demokratik jarayonlardan emas, neyroxirurgiyadan ma’ruza o‘qishimni so‘raydi, chunki men neyroxirurgiya bo‘yicha mutaxassisman!
Shu bilan bahs uzilgandi. Aniqrog‘i, bahsga nuqta qo‘yilgandi. To‘g‘rida, neyroxirurgdan neyroxirurgiyani, matematikdan matematikani talab qilish kerak.
Eng achinarlisi, yana qandaydir qaror chiqdi, talablar o‘zgardi, imtihonlarni topshirib bo‘lganimizda bular bekor bo‘ldi. Olgan sertifikatlarimiz kerak bo‘lmay qoldi.
Xullas, bu safargi o‘zgarish va talabni umuman yoqlamayman. Bu ham kelib, men o‘tgan bosqichdagi o‘zgarishlar kabi bekor bo‘ladi. Bu ishlarda mantiq ko‘rmayman.
Qat’iy fikrim shuki, jamiyatning ziyoli elitasi ustidagi tajribalarda ehtiyotkorlik lozim. Masalaga mantiqan yondashish kerak. Yangilik qilaman deb, boshqalarni ovora qilmaslik kerak, hurmatli mutasaddilar. Xorij tajribasini olaylik, sayqallanib bu kungi holatiga keldi. Ilm-fan rivojiga qanday qilib xalaqit bermasak bo‘ladi, degan masalani bir necha o‘n yillar avval yechib qo‘yishgan. Dunyodan ayri yashay olmaymiz. Dunyo fani va o‘zbek fani degan narsa yo‘q. Hammasi bir qozonda qaynaydi.
Mendan hech kim ingliz tilini talab qilmagan. Lekin Scopus bazasidagi 11 maqolamning hammasi inglizchada. Chunki, olim bo‘lish va inglizcha bilish, aslida, parallel kechadigan tabiiy holat.
Baxtiyor ABDUG‘AFUR
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Munavvar
12:01 / 01.01.1970
eh, ta'lim, senga achinaman....