To‘g‘irlash emas – to‘g‘rilash
Ijtimoiy tarmoqlarda shunday yozishmalarga ko‘p duch kelaman: “Falon joyda xato ketibdi”. – “Rahmat, to‘g‘irlab qo‘yaman”. Avval “to‘g‘irlash”ni to‘g‘rilang, birodar (deging keladi). “To‘g‘ri” o‘zagidan “to‘g‘rilamoq” fe’li yasaladi. Ehtimol, biror shevada “to‘g‘irlamoq” shakli ham bo‘lishi mumkin, ammo mumtoz adabiyotimizda bu shakl uchramaydi.
O‘g‘rilash emas – o‘g‘irlash
Yaqinda tarmoqda kimdir “o‘g‘rilash” deb yozibdi, “to‘g‘ri”dan farqli, “o‘g‘ri”ning fe’l shakli – “o‘g‘irlamoq”, lekin adabiy tilda mazkur o‘zakdan yasalgan otlar “o‘g‘rilik” ham, “o‘g‘irlik” ham to‘g‘ri hisoblanadi. “O‘g‘ri” ba’zi shevalarda “o‘g‘iri” shaklida ham talaffuz qilinadi. Bu xususiyatga bir paytlar Koshg‘ariy bobomiz ham e’tibor qilgan va “Devonu lug‘otit-turk”da “o‘g‘ri”ga shunday izoh beriladi: “Og‘rї – o‘g‘ri. Aslida غ kasrali bo‘lishi kerak edi; yengillatib sukun holida talaffuz qilinadi” (DLT. I tom. T 1960. 147-bet). “O‘g‘ri” deganda “g‘” (غ) tovushi kasrali, ya’ni “g‘”dan keyin qisqa “i” tovushi ham eshitilib, aslida “o‘g‘iri” bo‘lishi kerak ekan, lekin yengillik uchun bu unli qisqarib “o‘g‘ri” shakliga kelgan.
Onson emas – oson
Fors tilidan o‘zlashgan bu so‘z fors tilida ham – OSON, Navoiy bobomiz ham “Emas oson bu maydon ichra turmoq”, deb yozgan. Meningcha, sheva ta’sirida ba’zan “oson” o‘rnida “onson” deb yozish va aytish hollari uchraydi. “Onson”dan “OSON” deyish oson emasmi?
Ta’qiq emas – taqiq
O‘zbek tilida ayirish (ъ) yoki tutuq belgisi, odatda, arab tilidan o‘zlashgan, “‘ayn” (“ع”) tovushi, “hamza” (“ء”) va “sukun” kabi belgilar ishtirok etgan so‘zlarda qo‘yiladi. Misol: qat’iy قَطْعىٌّ, mas’ul مسؤول, “ta’qib” تَعْقِيب...
1981-yili chop etilgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “TAQIQ” so‘zi arabcha yoki boshqa tildan o‘zlashgan deb aytilmagan. Bu esa so‘zning boshqa tildan o‘zlashmagan, sof o‘zbekcha ekanligini yoki, kamdan-kam holatda, olimlar so‘z etimologiyasini aniqlay olmaganini bildiradi. Ammo yangi 5 jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ning 2008-yili chop etilgan to‘rtinchi jildida bunga aniqlik kiritilgan. Unda “TAQIQ” arab tilidan o‘zlashgan so‘z sifatida izohlanib, arabcha تعقيق shakli keltiriladi. Agar shunday bo‘lsa, “TAQIQ” ham “TA’QIB” (تَعْقِيب) singari arab tilida sukunli “ayn” harfi bilan yozilar ekan va bu so‘zni ham “taqiq” emas, “ta’qiq” deb yozsak to‘g‘riroq bo‘ladi. 2008-yil izohli lug‘atida “taqiq” – “uzish, to‘xtatish, quloq solmaslik, bo‘ysunmaslik” kabi ma’nolarga ega arabcha fe’ldan yasalganligi aytiladi (qarang: o‘sha jild, 37-bet). Arabcha lug‘atlarda bunday fe’lning infinitiv shakli – عَقَّ (“‘aqqa”) va u, aytilganidek, “uzish, to‘xtatish, quloq solmaslik, bo‘ysunmaslik” kabi ma’nolarga ega. Ammo birorta arabcha lug‘atda bu fe’lning masdari sifatida “ta’qiq” (تَعْقيق) shakli keltirilmagan. Arab va fors tillarida “taqiq” ma’nosida boshqa so‘zlar ishlatiladi.
Qizig‘i shundaki, “taqiq” so‘zi Navoiy yoki boshqa mumtoz adabiyotimiz vakillari asarlarida ham uchramaydi. Taxminimcha, “taqiq” so‘zi arabcha etimologiyaga ega emas, balki yaqin o‘tmishda o‘zbekcha “taqmoq” fe’lidan “taq+iq” shaklida yasalgan va keyinchalik bu so‘z tojik tiliga ham o‘zlashgan bo‘lishi mumkin. Shu bois bu so‘z o‘tgan asr boshidan buyon o‘zbek va tojik tillarida “ta’qiq” emas, balki “taqiq” shaklida qo‘llanib keladi. Agar bu so‘z o‘tgan asr boshida arab yozuvida, izohli lug‘atda keltirilgani kabi, “ta’qiq” (تَعْقيق) shaklida yozilganida, kirill yozuvida ham bu xususiyat saqlangan bo‘lardi (Bu borada mutaxassislar, ayniqsa, arab tili mutaxassislari aniqlik kiritib berishsa, minnatdor bo‘lardim). “Taqmoq” fe’lining “bog‘lamoq” ma’nosi ham bor. Deylik, “taqiq qo‘yildi” – “bog‘lab qo‘yildi”...
Xullas, bu so‘z yuz yildan buyon o‘zbek adabiy tilida “ta’qiq” emas, “TAQIQ” shaklida yoziladi va shunday yozish to‘g‘ri deb qabul qilingan.
Abduvohid HAYIT
Adabiyot
San’at
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
2 Izohlar
Muslima
05:07 / 04.07.2023
Manfaatli maqola uchun rahmat :)
Zulfiya
12:01 / 01.01.1970
Ajoyib! Juda zo'r maqola bo'libdi, o'qish juda maroqli bo'ldi 👍