Adabiyot
Dunyo shiddat bilan o‘zgarayotgan hozirgi murakkab vaziyatda davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik yanada pragmatik va dinamik tusga kirib bormoqda. Universal tusga ega xalqaro tashkilotlar o‘rnini tobora ko‘proq mintaqaviy tashkilotlar egallamoqda. So‘nggi yillarda ko‘plab mamlakatlar mintaqaviy tashkilotlar doirasida hamkorlikni afzal ko‘rmoqda. Aksariyat mintaqaviy tashkilotlar milliy manfaatlarni hisobga olgan holda davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning eng samarali platformasini yaratmoqda. Ana shunday mintaqaviy tashkilotlardan biri Turkiy davlatlar tashkilotidir.
Mazkur tashkilot faoliyati tarixida uchta katta o‘zgarish sodir bo‘ldi. 1992-yili Turkiy tilli mamlakatlar sammiti chaqirildi, bu Turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasidagi integratsiya uchun birinchi qadam edi. 1992-yildan 2009-yilgacha to‘qqizta sammit o‘tkazilgan bo‘lib, so‘nggi sammit natijasida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini (Turkiy kengash) tuzish to‘g‘risida Naxichevan bitimi imzolandi. 2021-yili esa Kengash Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) deb o‘zgartirildi. Samarqand shahrida o‘tadigan bu yilgi sammit TDTning birinchi sammiti bo‘lib, ushbu tadbirga qiziqish har doimgidan ko‘ra yuqoridir.
Bugun TDT beshta mamlakatni – Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, O‘zbekistonni birlashtiradi. Yana ikki mamlakat – Turkmaniston va Vengriya kuzatuvchi maqomiga ega. Ushbu mamlakatlarda taxminan 160 millionga yaqin aholi yashaydi, bu dunyo aholisining 2 foizdan ko‘prog‘ini tashkil qiladi. Ushbu mamlakatlar hissasiga sotib olish qobiliyati pariteti bilan hisoblangan dunyo YaIMning 3 foizdan ortig‘i to‘g‘ri keladi.
TDTning o‘ziga xosligi ushbu tashkilotning hamkorlik uchun ko‘p qirrali yo‘nalishlari mavjudligida ifodalanadi. Xususan, Naxichevan bitimining 2-moddasiga binoan, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlash masalalari, shuningdek, siyosiy, savdo-iqtisodiy, huquqni muhofaza qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish, madaniy, ilmiy-texnik, harbiy-texnik, ta’lim, energetika, transport, kredit sohalarida samarali mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari tashkilotning muhim maqsad va vazifalari orasidan o‘rin olgan. TDT doirasidagi hamkorlik savdo va investitsiya uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, bojxona va tranzit tartibini yanada soddalashtirish, shuningdek, fan va texnika, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, yoshlar, sport va turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, turkiy xalqlarning buyuk madaniy va tarixiy merosini ommalashtirishga qaratilgan.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun TDT qoshida 6 ta tuzilma – Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti, Turkiy davlatlar parlament assambleyasi, Xalqaro turkiy akademiya, Turkiy madaniyat va meros fondi, Turkiy savdo-sanoat palatasi, TDTning Vengriyadagi vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bunday tashkiliy tuzilma TDT oldiga qo‘yilgan vazifalarni samarali amalga oshirishga qaratilgan.
TDT doirasidagi hamkorlikning iqtisodiy samarasini O‘zbekiston misolida ko‘rish mumkin. 2021-yili O‘zbekiston TDT davlatlari bilan 9,3 milliard AQSh dollari miqdorida savdo operatsiyalarini amalga oshirdi. Ularning O‘zbekiston tashqi savdosidagi ulushi 22 foizdan ziyodni tashkil etdi. Umuman olganda, 2016-yilga nisbatan 2021-yili O‘zbekiston va TDT mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi qariyb 3 barobar oshdi.
Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida qo‘yidagilarni belgilash maqsadga muvofiq.
Birinchi yo‘nalish – iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va o‘zaro savdo hajmini oshirish. Iqtisodiyotni mustahkamlash qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, infratuzilmani takomillashtirish va boshqa muhim choralarni o‘z ichiga olishi kerak. Bu maqsad o‘tgan yili 8-sammitda qabul qilingan “Turk dunyosi nigohi – 2040” strategik hujjatiga ham mos keladi. Ushbu hujjat TDT davlatlarida iqtisodiy integratsiyani hisobga olgan holda farovon jamiyatlarni yaratish muhimligini ko‘rsatadi. Mazkur yo‘nalish doirasida Tashkilot huzurida Investitsiya fondi va Taraqqiyot bankini yaratish g‘oyalari ham istiqbolli sanaladi. Bunday loyihalar mamlakatlarga o‘z sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish va investitsiyalarni yanada samarali boshqarish imkonini beradi.
Savdo hamkorligi nuqtai nazaridan Kaspiy dengizi orqali Sharq-G‘arb yo‘laklari bo‘ylab savdo qilishdagi iqtisodiy to‘siqlarni olib tashlashga e’tibor qaratish lozim. Bizningcha, “Turkiston yo‘lagi”ning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi muhim bo‘lib, bojxona tartiblari soddalashtirilishi va uyg‘unlashtirilishi maqsadga muvofiq. Bu yo‘nalishda ishlar boshlangan. 2021-yil noyabr oyida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida “Raqamli TIR” pilot loyihasi ishga tushirildi va mart oyida ushbu loyiha Qirg‘izistonni ham qamrab oldi.
Tashkilot dunyoda birinchi marta O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida “ePermit” loyihasini test rejimida ishga tushirishga muvaffaq bo‘ldi, keyingi bosqichda esa Qozog‘iston bilan ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuv mavjud. Bundan tashqari, TDT mamlakatlarida BMTning Yevropa bo‘yicha iqtisodiy komissiyasi bilan birgalikda eCMR vositasini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Mazkur yo‘nalishda investitsiya loyihalarini kengaytirish muhim ahamiyatga ega. Xususan, o‘zaro manfaatli investitsiya faoliyatini amalga oshirish Tashkilotga a’zo mamlakatlar, jumladan, O‘zbekistonning manfaatlari uchun ham mos keladi. TDTga a’zo mamlakatlar 2017–2021-yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotiga 2,5 milliard AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritdi (bu tegishli davrdagi xorijiy investitsiyalar umumiy hajmining 10 foizini tashkil etadi). Shundan bir milliard AQSh dollardan ortig‘i yoki 41 foizi 2021-yili investitsiya qilingan. 2017-yildan boshlab TDT mamlakatlaridan O‘zbekistonga investitsiyalarning o‘sishi 30 foizga teng.
Ikkinchi yo‘nalish – raqamli transformatsiya. Bugungi kunda raqamlashtirish har qanday davlat uchun rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Shuning uchun bu masala TDT uchun eng dolzarbdir. Mazkur yo‘nalishdagi maqsadlar 2021-yili “Turk dunyosi nigohi – 2040” strategik hujjatida ko‘rsatilgan edi. Jumladan, hujjatda telekommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilashga imkon beradigan mintaqalararo raqamli aloqani o‘rnatish nazarda tutilgan.
Sun’iy intellekt borasida ham hamkorlikni kuchaytirish kerak. Xususan, bunday texnologiyalardan iqtisodiyot va sanoatni rivojlantirish uchun ham, shahar infratuzilmasini yaxshilash uchun ham foydalanish mumkin. Ko‘pgina mutaxassislarning fikricha, sun’iy intellekt texnologiyalari trafikni boshqarish, logistika va jamoat tartibi masalasini hal qilishi mumkin.
Uchinchi yo‘nalish – madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash. Turkiy davlatlar aholisi tarixan mushtarak ildizlarga ega. Shu bois madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish TDT mamlakatlari uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Xususan, ta’lim va ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlik, akademik almashinuv, qo‘shma madaniy tadbirlar. Shu munosabat bilan Turkiy madaniyat va san’atni birgalikda rivojlantirish tashkiloti doirasidagi hamkorlik nuqtalarini kengaytirish maqsadga muvofiq.
Xulosa qilib aytish mumkinki, TDT turkiy tilli mamlakatlarni birlashtirgan, ko‘plab sohalarda rivojlanish istiqbollariga ega mintaqaviy tashkilotdir. Barcha a’zo davlatlar, shu jumladan, O‘zbekiston uchun TDT doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash har tomonlama rivojlanish va barqarorlikni ta’minlashga, iqtisodiy o‘sishni oshirishga va mamlakatlar taraqqiyotini rag‘batlantirishga xizmat qilishi mumkin.
Abdulaziz RASULEV,
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat
tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari,
yuridik fanlar doktori, professor
Shohjahon XO‘JAYEV,
Toshkent davlat yuridik universitetining
Intellektual mulk huquqi kafedrasi mudiri,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q