Eskirgan etnik ayirmachilik, amaldagi siyosiy millatchilik, tanazzulga ketayotgan davlatchilik... – insoniyat kelajakda qanday o‘zliklar asosida yashaydi? Bloger Eldar Asanov bilan suhbat


Saqlash
22:45 / 07.11.2022 2043 0

– Olamni o‘zinikilar va begonalarga bo‘lib tasavvur etish inson tiynatida bor. Odamzod yayrab yashash uchun qulay sharoit yaratish, boyliklarni qo‘lga kiritish... kabi maqsadlarda turli guruhlarga bo‘linadi. Ushbu asl sababni xaspo‘shlash vajidan to‘qib-bichilgan millatchilik kabi mafkuralar esa zamonlar osha evrilib kelgan. Xo‘sh, millatchilik tarixan turli hududlarda qay tarzda shakllangan?

 

– “Millat” istilohini turli ma’no-mazmunda ishlataverib o‘rganib qolganmiz, ammo sof ilmiy nuqtai nazardan qaraganda, uning qo‘llanadigan o‘z ijtimoiy makoni va zamoni bor. Olimlar XVII asrdan oldingi tarix haqida gap ketganda mazkur atamani tilga olishdan tiyiladilar. Negaki, bugungi ma’nodagi millat tushunchasi XVII-XVIII asrlardan shakllana boshlagan.

 

Millatchilik, aslida, ayirmachilik ideologiyasi bo‘lmagan. Bizda hozir bu atama salbiy ma’no kasb etadi, lekin ilmiy jihatdan u shunchaki bir siyosiy qarash, dunyoni idrok etish shakli edi. Ilk millatchiliklar o‘z davri uchun progressiv ahamiyatga ega bo‘lgan. Unga qadar esa odamlar boshqacha o‘zlik ta’limotlari asosida yashagan. Yevropada XIV asrda boshlangan ulkan o‘zgarishlar milliy qarashlarning shakllanishiga turtki berdi. Bu evrilishlar ijtimoiy hayotning barcha jabhalarini qamragan edi. Jumladan, iqtisodiy jabhada: savdo yo‘llari o‘zgardi, Yangi dunyo kashf etildi, dengizchilik rivojlandi, keyinroq sanoatlashuv va kapitalizmga o‘tish boshlandi; madaniyat yo‘nalishida: Uyg‘onish davri yuz berdi, yangicha dunyoqarashga asoslangan san’at kurtak yozdi; diniy sohada: protestantizm vujudga keldi; ilmda: akademik metodologiya shakllanib, fan diniy qarashlar va mifologiyadan mustaqil dissiplinaga aylandi; siyosatda: liberalizm, shuningdek, turli so‘l qarashlar kuchaya bordi. Ana shunday tig‘iz jarayonlar asnosida millatchilik bo‘y ko‘rsatdi. Yangi dunyoqarashga ega ziyolilar hamda zamona zayli bilan boyib ketib, imkoniyatlari kengaygan, lekin eski toifa nuqtai nazaricha hali ham jamiyatning quyi qatlami sanalgan burjuaziya bu harakat boshida turdi. Ular tartib-qoidalar eskirganini anglab, o‘zgarishlarni talab qildi. Dastlab Niderlandiya va Angliyada inqilob ro‘y berdi. Keyin Fransuz inqilobi va AQSh ozodlik kurashi sodir bo‘ldi. Shu tariqa tarix sahnasiga millatlar chiqdi.

 

Millat – kishilik jamiyatining yangi bosqichi edi. Oldingi tartibotlardan farqli ravishda mazkur birlashma teng huquqli a’zolardan iborat bo‘lishi kerak edi. Millat vakillari toifaga qarab ajratilmas, har bir fuqaroning tabiiy huquqlari tan olinar edi. Millatning o‘z ramzlari, birlashtirib turuvchi umumiy tarixi, mushtarak qadriyatlari bo‘lishi kerak edi. Shu kabi talablarga javob beradigan birlashmagina millat deb tan olinardi.

 

Barcha siyosiy ta’limotlarda bo‘lgani kabi, millatchilik ham sekin-asta rivojlanib, uning turli maktablari vujudga keldi. Ba’zilarida millat defakto fuqarolikka tenglashtirilgan bo‘lsa, ayrimlarida etnik mansublik, til va irq kabi jihatlarga kuchli e’tibor qaratildi. Qisqa muddatda jadal taraqqiyotga erishgan Yevropa dunyoni egallab, yirik imperiyalar qit’asiga aylangach esa gegemon millatlarda irqiy yoki aqliy jihatdan boshqalardan ustunlik kayfiyati ildiz otdi. Yevropaliklar tarixiy omillarga ko‘ra o‘zini va dunyo tartibini isloh etib, yangicha jamiyatlar qurgani uchun emas, balki irqiy jihatdan oliyroq, tabiatan aqlliroq bo‘lgani bois ulkan natijalarga erishdi, degan soxta g‘oya urchidi. Bu esa shovinizm va irqchilik tegirmoniga suv quydi. Millatchilikning bunday tadriji oxir-oqibat insoniyat tarixidagi mudhish fojia – Ikkinchi jahon urushiga zamin hozirladi. Alhol, bir vaqtlar kishilik jamiyatining rivojlanishiga turtki bergan millatchilik tushunchasi yomonotliq bo‘ldi, salbiy ma’no kasb eta boshladi.

 

Osiyo va Afrika o‘lkalariga milliy harakat nisbatan keyin kirib kelgan. Metropoliya ta’sirida mustamlaka o‘lkalarda yetishib chiqqan yangi avlod ziyolilar Yevropaning ilg‘or qarashlarini o‘zlashtirishga intilgan. Shu asnoda ular o‘z jamiyatini millat deb tasavvur eta boshlagan. Biroq qayd etish joizki, ko‘pincha bu g‘oya-qarashlar keng tarqalmay, oxirigacha ishlanmay, aro yo‘lda qolib ketgan. Yoki tushunchaning o‘zigina qabul qilinib, uni tashkil etuvchi jihatlar yetarli darajada shakllanib ulgurmagan. Sirasini aytganda, qaramlikdagi xalqlar millat deb atalsa-da, eski etnik va qabilaviy tasavvurlar deyarli o‘zgarishsiz saqlangan. Buni Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekiston misolida ham ko‘rishimiz mumkin.

 

Mustaqillikka erishish davrida sobiq mustamlaka mamlakatlarda o‘z millatchiligini qayta qurish uchun imkoniyat tug‘ildi. Taassufki, ko‘pgina yosh mustaqil davlatlar bundan unumli foydalana olmadi. Birinchidan, ular turli tarzda ozodlikka erishgan edi: ba’zilari ulug‘ maqsad sari jiddi jahd qilib, qon va jon berib qullikdan qutulgan bo‘lsa (Hindiston va Pokiston), ayrim mamlakatlar mustaqillikka tayyor emas, bundan manfaatdor ham emas edi. Ikkinchidan, qay bir o‘lkada hurlik harakatida butun xalq qatnashib, mamlakat kelajagini barpo etishda ko‘pchilik faollik ko‘rsatgan bo‘lsa, boshqa diyorlarda keng omma siyosatdan necha tosh narida edi. Bunday mamlakatlarda hokimiyat ajnabiy hukmdorlardan mahalliy xo‘jayinlarga o‘tdi, xolos. Xalqning uyg‘onishi esa ularning manfaatiga to‘g‘ri kelmas edi. Uchinchidan, sobiq mustamlaka o‘lkalar muayyan tarixiy davrga cho‘zilgan jarayondan ortda qolgan edi. G‘arb davlatlari millatchilikning eng fojiali bosqichidan o‘tib, endi isloh etish yoxud undan butunlay voz kechish haqida o‘ylamoqda edi. Bunday sharoitda sobiq mustamlakalar Yevropa kabi hammasini boshdan boshlashi kerakmidi yoki umumiy oqimga qo‘shilib, birdaniga zamonaviy millatchilik ideologiyasiga hatlagani ma’qulmidi? Dunyo davlatlari bu borada turli yo‘llardan borib, turfa natijalarga erishdi.

 

Xullas, postkolonial mamlakatlarda millatchilikning yo‘li boshqacharoq kechdi. Mustamlakachilik siyosati ularni tarixan rivojlanib kelgan o‘zanidan chiqarib, Yevropadan “eksport” qilingan mutlaqo boshqa oqimga solib yubordi. Ya’ni millatchilik tarixan kutilgan hosila o‘laroq shakllanmadi, balki shakllantirildi. Buning ham ijobiy, ham salbiy jihatlari bor. Ijobiy tomoni, sobiq mustamlakalarga mutaraqqiy dunyoning ilg‘or tajribasi kirib keldi. Zotan, Yevropaning yordamisiz ko‘p narsalarga erishish qiyin kechar yoki uzoqroq muddat talab qilar edi. Salbiy jihat shundaki, jamiyatning ijtimoiy evolyutsiyasi tashqi ta’sir tufayli boshqa yo‘nalishga burilgani bois ko‘plab mamlakatlar haligacha o‘z yo‘li va o‘rnini topa olmagan.

 

– Mintaqamizda o‘rta asrlarda ma’naviy sarhadlarni belgilashda din omili kuchli ta’sir ko‘rsatgani, mafkura ham musulmonlar va g‘ayridinlar ziddiyatiga qurilgani ma’lum. Xonliklar zamonida esa bir muddat boshqa mazhabdagi qizilboshlarga qarshi kayfiyatdan xalqning boshini qovushtiruvchi g‘oya sifatida foydalanilgan. Markaziy Osiyoda etnik ayirmakashlikning ildizi qaysi davrga borib taqaladi?

 

– Aslida, etnik ayirmachilik mintaqada azaldan bo‘lgan. Eng qadimgi manbalarda turli qabilalar, xalqlar o‘rtasidagi kurashlar tilga olinadi. IX–XI asr solnomalarida ikki asosiy etnik guruh (turk va tojik) ziddiyati naql qilinadi. Mo‘g‘ullar davrida ham etnik bo‘linish kuzatiladi: turli adabiyotlarda mahalliy o‘troq aholiga past nazar bilan qarash hukm surgani, munosabatlardagi ishonchsizlik tasvirlanadi. Yaqin xonliklar davrida ham aholi bir necha etnik guruhga bo‘lingan, ular o‘rtasida ixtiloflar chiqib turgan. Bu haqda, masalan, major sayyohi Arminiy Vamberi yozgan. Ammo bu ziddiyatlar qay darajada etnik mazmun kasb etganini aniq aytish qiyin. Etnos – kishilik jamiyatining millatdan oldingi uyushmasidir. Tadqiqotchilar bu tushunchani turlicha talqin etadi. Qolaversa, tarixan turli mintaqalarda etnik o‘zliklar turlicha tarkib topgan. Ilmiy tasnifni osonlashtirish uchun barchasini umumlashtirib “etnos” deb yuritilsa-da, bu borada musulmon Sharqi, Sharqiy Afrika va Yevropada muayyan farqlar kuzatiladi. Shu bois zamonaviy antropologlar umumlashtiruvchi atamalardan voz kechib, har bir mintaqaning o‘zlik tajribasini alohida voqelik o‘laroq o‘rganishni taklif qiladi. Markaziy Osiyo tarixi haqida so‘z yuritilsa, etnoslar konflikti emas, qabila, aymoq yoki ellar konflikti iborasini ishlatgan ma’qul deyishadi. Ammo bu hali fanda mustahkam ildiz otgan, umume’tirof etilgan xulosa emas.

 

Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspertlarning tadqiqotlarida ikki xil yondashuvni uchratamiz. Kolumbiya universiteti professori Edvard Ollvort kabi olimlar etnos tarixini nomning paydo bo‘lishiga bog‘laydi, ya’ni etnik mansublikni olis o‘tmishdan qidiradi. Masalan, o‘zbek etnosi kechmishi O‘zbekxonga bog‘liq holda sharhlanadi. Ya’ni etnos avlodlar silsilasi, genetik birlashma deb emas, bir nomni qabul qilgan insonlar jamoasi deya talqin etiladi.

 

Rossiyalik taniqli olim Sergey Abashin esa XIX asrgacha Markaziy Osiyoda etnoslar bo‘lganini tan olmaydi. Bu yondashuv rus sharqshunosi Nikolay Ilminskiy qarashlarini eslatadi. Missioner olim “O‘rta Osiyoda millatlar yo‘q, faqat alohida qabilalar bor”, deb yozgan va har biri uchun ayricha til va yozuv ishlab chiqish tashabbusini ilgari surgan edi. Bu – qabilalarni alohida etnosga tenglashtirish yo‘lidagi harakat edi. Ilminskiyning shogirdi Nikolay Ostroumovning qarashlari ham mahalliy ziyolilarning keskin qarshiligiga uchragani bejiz emas. Chunki jadidlar mayda bo‘linishlarga barham berib, “turkistonlik” o‘zligini shakllantirishga uringan edi.

 

– Bugun Markaziy Osiyo mamlakatlarida kuzatilayotgan ayirmakashlik illati bir-biridan qay jihatlariga ko‘ra farqlanadi? Bizningcha, O‘zbekistonda millatchilikdan ko‘ra mahalliychilik omili kuchliroq (ya’ni resurslar uchun kurash asosan hududlar aholisi orasida kechadi). Mamlakatda bag‘rikenglik dominant millat manfaatlariga qarshi borish darajasiga yetadi, qabilidagi nuqtai nazar ham mavjud. Deylik, “Millatchilik qilma!” degan birgina do‘q-po‘pisa bilan odatda til, tarix kabi mavzulardagi dahanaki bahslarga nuqta qo‘yiladi. Qo‘shnilarimizda vaziyat qanday? Postsovet o‘lkalarda milliy o‘zlikni anglash jarayoni bo‘lginchilik g‘oyasiga asoslanib qolmadimi? Mintaqada integratsiyani yanada kuchaytirish, o‘rtadagi “oltin devor”larni yiqitish uchun nima qilmoq kerak?

 

– O‘zbekistonda mahalliychilik kayfiyati kuchli deb hisoblaydiganlar ko‘p uchraydi. Bunday yondashuv asosan publitsistik maqolalarda ko‘rinadi. Mamlakatga umuman yo‘lamagan qo‘shni davlat ekspertlari ham shunday bahstalab fikrni jiddiy taftish-tekshiruvsiz takrorlayveradi. Lekin tadqiqotlar O‘zbekistonda, aksincha, milliy qarashlar ustunroqligi, o‘zbek jamiyati murakkab va ierarxik ekaniga qaramay, ancha mustahkamligini ko‘rsatadi. S.Abashinning xulosasiga ko‘ra, aynan mahalliychilik illati Tojikistonda dahshatli fuqarolik urushini keltirib chiqargan. Kamina ham, O‘zbekistondagi mahalliychilikka doir gap-so‘zlar ko‘pirtirib yuborilgan, deb hisoblayman.

 

O‘zbek millatchiligi, nazarimda, ancha baquvvat ildizga ega. Negaki, u turkistonchilik harakatining davomidir. Katta Turkistonni qura olmagan jadidlardan bir qismi bolsheviklar bilan murosaga borib, Kichik Turkistonni barpo etishga uringan. Shu boismi, o‘zbek millatchiligi mintaqadagi turdoshlariga nisbatan etnik belgilarga eng kam bog‘langandir. Deylik, qozoq bo‘lish uchun albatta muayyan uruqqa mansub bo‘lishingiz kerak. Bir vaqtlar qo‘shni mamlakat ziyolilari bu hol bizga toza qonni, vorisiylikni saqlashga yordam beradi, deb faxrlanardi. Ammo oxirgi yillarda qabilachilik kayfiyati zamonaviy jamiyat qurishga xalal berishi oydinlashib qoldi. Qolaversa, ilgari ustunlik sanalgan juzlarga bo‘linish vaqti-vaqti bilan ixtiloflarga olib kelmoqda. Qabilaviy birdamlik tanish-bilishchilik va mahalliychilik kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi, ya’ni biror soha, biror tashkilotni bitta aymoq vakillari to‘liq egallab oladi, oqibatda urug‘lar o‘rtasidagi munosabat taranglashadi.

 

Juzlararo ziddiyat qay darajada keskinligini bilish uchun G‘arbiy Qozog‘istondagi vaziyat bilan tanishish kifoya. Hududda tabiiy boyliklar ko‘pligiga qaramay, buning evaziga keladigan farovonlikdan tubjoy aholiga kam nasiba tegadi. Ijtimoiy-iqtisodiy hayot og‘irligidan jiddiy ixtiloflar ro‘y beradi. Yil avvalidagi namoyishlar ham G‘arbiy Qozog‘istondan boshlanganini eslang. Hatto mustaqil davlat yaratish kayfiyatidagi guruhlar ham bor. Bugun qabilachilikning bunday oqibatlarini ko‘rgan ayrim tarixchi va ziyolilar juzlarga bo‘linish shunchaki uydirma, yolg‘on ekanini isbotlashga intilyapti. Abay vatanida millatchilikdan voz kechib, “qozog‘istonlik” o‘zligini yaratishga harakat boshlangan.

 

Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistonda urug‘-aymoqchilik, O‘zbekiston va Tojikistonda mahalliychilik jiddiy ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu esa kuchli va birdam millat shakllanmog‘ini talab etadi.

 

Gohida qo‘shni davlatlar bilan munosabatda ichki ixtiloflar esdan chiqib, lisoniy va etnik ayirmachilik g‘oyalari ilgari suriladi. Millatchilikning bunday noxush ko‘rinishlari mintaqa xalqlari birlashuviga yo‘l qo‘ymaydi. Orada hamisha ko‘rinmas g‘ov turadi, uni chetlab o‘tish maqsadida yakdillik tashabbuslari ilgari suriladi, ammo mayda milliy nizolar tufayli munosabatlar yana buzilib ketaveradi.

 

Vaziyatni o‘nglash bo‘yicha jo‘yali taklif bildirish qiyin. Muammo juda jiddiy bo‘lib, teran o‘ylab ish ko‘rishni taqozo etadi. Yuzaki bilimga tayanib bildirilgan taklif-tashabbuslar ko‘p narsani o‘zgartirmaydi. Hozirgi vaziyatda biz ayrim holat-hodisalar asosida xulosa chiqara olamiz, xolos. Jamiyatlarning ichki ovozini eshitish uchun esa chuqur tadqiqotlar o‘tkazish kerak.

 

Lekin bir tavsiyani qo‘rqmay aytish mumkin – miyalarda o‘rnashib qolgan turg‘un tasavvurlardan voz kechish (dekonstruksiya), dabdabali shiorlarni unutish reallikka qaytishning eng maqbul yo‘lidir. Buni mintaqaning har bir millati bosib o‘tishi kerak bo‘lgan bosqich desak adashmaymiz. Shonli tarix va o‘ziga xoslik haqidagi stereotiplarga barham berish millatchilik kayfiyatini ancha susaytiradi; odamlar real o‘tmish va real hozirni ko‘ra boshlaydi, hech kim birovdan ortiq emasligi, hamma o‘ziga yarasha o‘ringa egaligi tan olinadi; buyuk tarix abgor bugunni buyuk qilib qo‘ymasligi idrok etiladi. Hatto alohida shaxs hayotida ham o‘tmishdan to‘g‘ri xulosa chiqarish, unga butkul suyanib qolmaslik muhim psixologik ta’sirga ega. Jamiyat misolida ham ayni qonuniyat amalda bo‘lmog‘i; odamlarimiz bir-birini millatlar nomiga bog‘lanib qolgan stereotiplar prizmasi orqali emas, avvalo, inson sifatida qabul qilishi muhimdir.

 

– Zamonaviy dunyoda diniy, etnik ayirmakashlik qoloq doktrinaga aylangani rost. Biroq insoniyat baribir o‘zimiznikilar va begonalar degan tasnifdan qutula olmaydigandek. Mutaraqqiy mamlakatlarda aholi qanday belgilar asosida uyushadi? Darvoqe, odamzod kelajakda bo‘lginchilikning yana qanday turlariga duch kelishi mumkin?

 

– Bugun ham millatchilik g‘oyalari o‘lmagan, turli davlatlarda ana shu mafkurani bayroq qilgan siyosiy harakatlar, partiyalar faoliyat olib boradi. Shunga qaramay, mutlaq ko‘pchilik ziyolilar insoniyat bu bosqichdan o‘tib bo‘ldi, endi bizga yangicha g‘oyalar, yangicha dunyo tartiboti kerak deb hisoblaydi. Xo‘sh, o‘sha yangi g‘oyalar qachon shakllanadi, qanday ko‘rinishda bo‘y ko‘rsatadi va millatchilikni qanday siqib chiqaradi, shundan so‘ng jahonning siyosiy xaritasi nechuk o‘zgaradi? Bu borada aniq gap aytish mushkul.

 

Kurrai arzdagi bugungi jarayonlarni hamma har xil talqin qiladi. Kishilik jamiyati kengayib, murakkablashib ketgani bois ilmiy o‘rganish va tushunish xiyla qiyinlashgan. “Axboriy pufak” ichidagi bunday izlanishlarga murojaat etsangiz, turlicha manzaralarga guvoh bo‘lasiz.

 

Bir guruh tarixchi, antropolog va ekspertlar dunyoda so‘l kayfiyat avj olayotgani, yangi anarxizm mavj urayotganidan bahs etadi. Ularga ko‘ra, milliy davlatlar tez orada ana shu to‘lqin ostida qolib, parokandalikka yuz tutadi. Butun kuch, hokimiyat, intellektual va moddiy resurslar esa tobora yiriklashayotgan shaharlarda to‘planadi. Odamlar megapolis va gigapolislarda yashaydi, shahar o‘zligi har narsadan ustun keladi. Oqibatda davlat instituti bilan birga millatchilik mafkurasi ham ahamiyatini yo‘qotadi. Qizig‘i, ushbu faraz faqat so‘l qarashdagi tadqiqotchilargagina tegishli emas. Taniqli siyosatshunos va iqtisodchi olim, Jahon bankining sobiq ijrochi direktori Moyzes Naim ham “Hokimiyatning intihosi” kitobida yangi dunyo manzarasini taxminan shunday chizadi. Uning farazicha, butun hokimiyat, boylik va insoniyatning katta qismi qariyb 100 ta gigapolisda jamlanadi. Aholi soni keskin ko‘paydi, savodlilik darajasi aksar davlatlarda 100 foizni tashkil etadi, jamiyat siyosatni yaxshi tushuna boshladi, ijtimoiy robitalar tig‘izlashib boryapti. Boshqaruv institutlariga o‘z shartini qo‘yishga qodir fuqarolik harakatlari, diniy jamoalar, ijtimoiy tarmoq faollari timsolida mikrohokimiyat markazlari shakllanmoqda. Vakolatli demokratiya institutlariga esa ishonch so‘nib borayotir... M.Naim taxminiga ko‘ra, bularning bari biz tushungan shakldagi hokimiyat va millatlarning asta-sekin yo‘qolishiga olib keladi. Modomiki, davlat hokimiyati bo‘lmas ekan, fuqarolarni uning atrofida jipslashtiruvchi millat g‘oyasiga ham hojat qolmaydi. Pirovardida shahar o‘zligi birinchi o‘ringa chiqadi.

 

Boshqa guruh olimlarning vazmin-bosiq va menimcha, ancha haqiqatga yaqin nuqtai nazariga ko‘ra, dunyoda keskin to‘lg‘anishlar, buhronlar kuzatilayotgani rost, ammo millat yoki davlatlar yo‘q bo‘lib ketishi haqida gapirishga hali erta. Davlat va millat instituti xalqaro siyosatdagi pozitsiyasini boy berayotganini tasdiqlovchi ishonarli asos-dalillar yo‘q. Aksincha, mazkur institutlar yangi shart-sharoitga moslashib, o‘zini isloh qilmoqda. Kelajakda hozirgi tushunchadagi davlat hokimiyati kuchini yo‘qotsa ham, bu hol yaqin orada sodir bo‘lmasligi aniq. Aksincha, inqiroz bosqichidan o‘tib olib, yanada mustahkamlanishi mumkin. Qolaversa, tuzilmaviy o‘zgarishlarni boshlab kelishi kutilayotgan, sal avval sanab o‘tilgan omillarga qarshi harakat ham bosh ko‘taryapti. Yevropada yangi an’anachilik va konservatizm qad rostlayotgani, butun dunyoda sekulyarizm hayot tarziga aylanib borayotgani shundan dalolat bermoqda. Xullas, insoniyatning yaqin kelajagi haqida ana shunday qarama-qarshi nuqtai nazarlar mavjud.

 

O‘tgan asrning 50-yillaridan boshlangan globallashuv va multikulturalizm siyosati, ba’zi tadqiqotchilar fikricha, axiyri millatchilikning ahamiyatini yo‘qotishi kerak edi. Kosmopolitizm g‘oyalari yoyilib, chegaralar oradan ko‘tarilishi bashorat qilingan edi. Ammo madaniyatlarni uyg‘unlashtirish kutilganidek oson kechmadi. Avvalo, bu jarayonni sobiq mustamlaka va metropoliyalarning yangicha munosabati deb tushunsak, ikki tomonda ham o‘ziga xos muammolar kuzatildi. Postkolonial jamiyatlar multikulturalizmni zamonaviy bosqichdagi umuminsoniy qadriyatlar deb emas, balki Yevropa madaniyatining navbatdagi bosqini deb qabul qildi va an’anaviy tutumlaridan voz kechishni istamadi. Oqibatda G‘arbda yangi gettolar shakllandi. Sobiq imperiyalarda esa migrantlarga nisbatan ksenofobiya kayfiyati kuzatilayotir. Afrikalik va osiyolik muhojirlarni, ayniqsa, musulmonlarni Yevropa jamiyatiga integratsiya, hatto assimilyatsiya qilish yoki, aksincha, ularning oqimini to‘xtatish chaqiriqlari yangrayapti. “Ildizlarga qaytish”, yangi millatchilik va yangi irqchilik oyoqqa qalqmoqda. Bunday tashabbuslar hali hukmron mavqega ko‘tarilmagan bo‘lsa-da, katta siyosatga ta’sir o‘tkazadigan darajaga yetdi, saylovda ko‘p ovoz to‘playotgan millatchi liderlar yetishib chiqayotir. Shunga ko‘ra ayrim ekspertlar multikulturalizm siyosati allaqachon muvaffaqiyatsizlikka uchraganini ta’kidlayapti. Bu qarashga muxoliflar esa turfa madaniyatlar uyg‘unlashuvi g‘oyasi qiyinchiliklarni yengib o‘tib, yanada keng quloch yozadi, deb hisoblaydi.

 

Jahon siyosiy manzarasi shiddat bilan o‘zgarayotgan bir pallada futurologik farazlar bildirishda o‘ta ehtiyotkor bo‘lgan ma’qul. Amerikalik olim Timur Kuranning tadqiqotlarida kelajak bashoratlari kutilmagan kichik voqealar tufayli yo‘qqa chiqishi mumkinligi yaxshi asoslab berilgan. Hozircha faqat modellar qurib, amaliyotga joriy etishga urinish mumkin. Bir narsa aniq – insoniyat qanday mushkulotlarga duch kelmasin, pirovardida hamisha olg‘a yurishning uddasidan chiqqan. Kelajakda qanday jamiyat qurilishidan qat’i nazar, hozirgisidan bag‘rikengroq, ilg‘orroq bo‘lishi, milliy, diniy ayirmachilik susayishi, yangi o‘zlik ta’limotlari vujudga kelishiga shubham yo‘q.

 

Farrux JABBOROV

suhbatlashdi.

 

“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 3-son.

O‘zimiznikilar va o‘zgalarsuhbati

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:12 / 03.12.2024 0 305
Buyuklarning “maydalik”lari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22622
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//