El-yurt osoyishtaligini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda kadrlar ma’naviyatini oshirish – ustuvor vazifa


Saqlash
09:10 / 26.10.2022 1179 0

Respublika Ichki ishlar vazirligida ayni kunda ulug‘ ma’rifatparvar shoir va adibimiz Abdulhamid Cho‘lponning “Quchoq ochib xalq ichiga boraylik, Barcha kuchni xalq ichidan olaylik!” degan mashhur da’vatiga amalga qilgan holda, ichki ishlar xodimlarini xalq bilan yaqinlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

 

Prezidentimizning 2021-yil 26-martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5040-sonli qarori Ichki ishlar vazirligi tizimi oldiga ham ma’naviy-ma’rifiy ishlar natijadorligini oshirish va sohadagi ilg‘or tajribalarni keng ommalashtirish orqali ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish hamda ijtimoiy-ma’naviy muhitning sog‘lomligi va barqarorligini ta’minlash vazifasini qo‘ydi. Qarorga asosan Ichki ishlar vaziri tomonidan 2021-yil 21-oktyabrda “Ichki ishlar organlari ma’naviy-ma’rifiy ishlar xizmati faoliyatini  takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 400-sonli buyrug‘i qabul qilindi.

 

Tizimning har bir tarmoq xizmatlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha alohida mas’ul xodimlar birkitildi. Shaxsiy tarkibning ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini yuksaltirish maqsadida “Ma’naviyat oyligi”, “Uch avlod uchrashuvi” kabi tadbirlar, turli ko‘rik-tanlovlar konsert dasturlarini o‘tkazish, joylardagi ma’rifat zallarini qayta ta’minlashga, har bir ichki ishlar idorasida “Vatanparvarlik burchaklari” tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.

 

Shuningdek, 2021-yilning 1-iyunidan joriy yilning 1-iyuniga qadar ichki ishlar organlari tizimidagi 1429 nafar rahbar-xodimlarning ma’naviy-ma’rifiy hamda kasbiy bilim va malakalari oshirildi. “Yilning eng faol yoshlar yetakchisi”, “Namunali ma’naviyat va ma’rifat xonasi”, “Eng yaxshi kutubxona”, “Eng yaxshi kitobxon”, “Eng yaxshi hududiy ichki ishlar organi boshlig‘i” va “Eng yaxshi profilaktika inspektori” kabi 50 ga yaqin turdagi ko‘rik-tanlovlar o‘tkazildi.

 

Vazirlik tomonidan kitobxonlik va mutolaa madaniyatini shakllantirishga alohida e’tibor berilmoqda. Ichki ishlar xodimlari albatta o‘qishi kerak bo‘lgan 39 ta kitob ro‘yxati tuzilib, har bir xodimning o‘z shaxsiy kutubxonasi tashkil etildi. Ayni paytda 23 000 nafardan ortiq xodimning shaxsiy kutubxonasi va kitob javoni mavjud. Umumiy kitoblar fondi esa 776 362 dona bo‘lib, bu shaxsiy tarkibga nisbatan har bir xodimga 10–11 dona adabiyotlar to‘g‘ri kelishini anglatadi.

 

Ichki ishlar organlari xodimlarining kitobga bo‘lgan yuksak mehrining ifodasi sifatida, vazirlik binosi oldidagi xiyobonda “Ichki ishlar organlarining kitobxon oilasi” haykali o‘rnatildi. (Haykalda o‘rindiqda kitob o‘qib o‘tirgan mayor va uning bir qiz va bir o‘g‘il farzandlari hamda turmush o‘rtog‘i timsoli tasvirlangan.)

 

 

Shaxsiy tarkibning ma’naviy-ma’rifiy bilim saviyasini oshirish maqsadida, ichki ishlar organlarida 2021-yilning 1-iyunidan joriy yilning 1-iyun kuniga qadar 52 ta mavzu bo‘yicha 14 798 marta “Ma’naviyat va ma’rifat darslari” o‘tkazildi. Yarim yillik yakuni bo‘yicha xodimlardan mavzularni qanday o‘zlashtirganliklari yuzasidan sinov imtihonlari olindi. Ichki ishlar organlari xodimlarining xalq orasidagi nufuzini oshirish maqsadida ular faoliyatini kino va teatr san’ati vositasida yoritishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Respublika Kinematografiya agentligi, “O‘zbektelefilm” kinostudiyasi va bir qator xususiy kinokompaniyalar bilan hamkorlikda ichki ishlar organlarining faoliyati bilan bog‘liq 10 ga yaqin badiiy filmlar, teleseriallar hamda qisqa metrajli film va videoroliklar tasvirga olinib, teleekranlarda namoyish etildi. O‘ttiz qismdan iborat “Tuzoq”, “Nafs”, “Qo‘riqxona”, “Jinoyat jazosiz qolmaydi”, “Izquvar-2” kabi seriallar, “Afv” badiiy filmi shular jumlasidandir. “Ma’naviyat oyligi” tadbirlari doirasida 1443 ta targ‘ib etuvchi material va bannerlar joylashtirildi. Shaxsiy tarkib o‘rtasida 944 ta turli davra suhbatlari va uchrashuvlar, 751 ta turli ko‘rik-tanlovlar, jumladan, 321 ta “San’atda havaskor iste’dodlar” jamoalari ishtirokida tadbirlar, 611 ta konsert-tomoshalari o‘tkazildi. Shuningdek, o‘zaro hamkorlik memorandiumi imzolangan hamkor idora va tashkilotlar bilan 894 ta tadbirlar, 298 ta brifing, 862 ta kitob yarmarkalari tashkil etildi. Bundan tashqari, ichki ishlar xodimlarining 1907 marta muzeylarga, 1305 marta tarixiy ob’yekt va qadamjolarga, 485 marta teatrlarga tashriflari uyushtirildi.

 

Tizimda ko‘p yillar samarali xizmat qilib, bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan ichki ishlar faxriylarining ko‘p yillik ish tajribalarini o‘rganish maqsadida, iste’fodagi faxriylar, xodimlar va IIV ta’lim muassasalari tinglovchilari o‘rtasida 561 marta “Uch avlod” uchrashuvlari o‘tkazildi. O‘tkazilgan barcha ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritib borildi.

 

Bugungi kunda Ichki ishlar vazirligi jahon veb-makonida o‘zining rasmiy resurslariga ega bo‘lib, vazirlikning rasmiy 22 ta veb-sayti hamda ommalashgan ijtimoiy tarmoqlarda 70 dan ortiq rasmiy sahifalari mavjud. Mazkur veb-resurslar orqali IIVning Axborot xizmatlari tomonidan 2021-yil 1-iyunidan 2022-yil 1-iyunigacha ommaviy axborot vositalarida jami 149 789 ta xabar, maqola va axborotlar yoritildi, interchiqishlar qilindi. 603 marta press-tadbirlar o‘tkazilib, IIV rahbariyati tomonidan OAVda 2 269 marotaba chiqishlar tashkil etildi. Shuningdek, vazirlikning rasmiy nashrlari – “Postda”, “Na postu“ gazetalari va “Qalqon”, “Shit” jurnallari orqali tizim faoliyatidagi yangiliklar va islohotlarga oid jami 1715 ta maqola chop etildi.

 

Ma’lumki, Prezidentimiz 2021-yil 26-martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5040-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Eng namunali tuman va shahar” hamda “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovlarini o‘tkazish belgilangan hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 2-iyundagi 97-son majlisi bayoni bilan tanlovni tashkil etish va o‘tkazish yuzasidan vazifalar belgilanib, Maxsus komissiya tarkibi va tanlov Nizomi tasdiqlangan edi.

 

 

Tanlovni o‘tkazish jarayonida Ma’naviyat va ma’rifat kengashi faoliyatining samarali yo‘lga qo‘yilganligi, Ma’naviyat va ma’rifat maskani tashkil etilgani, ma’naviyat bo‘linmalarining moddiy-texnik bazasi holati, har bir hududning o‘ziga xos jihatlarini hisobga olgan holda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish va samaradorligini oshirish borasida shakllangan o‘ziga xos tajriba, yoshlar siyosati va ma’naviy-ma’rifiy ishlar uchun mas’ul rahbarlar faoliyati tahlili, gazeta va jurnallarga obuna holati, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda yoshlar qamrovi kabi masalalarga alohida e’tibor qaratgan tuman-shahar hamda vazirlik va idoralarning faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi.

 

Amalga oshirilgan bu kabi ijobiy ishlar samarasi o‘laroq, joriy yilda o‘tkazilgan “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovida Ichki ishlar vazirligi 92,5 ball to‘plab 1-o‘ringa munosib ko‘rildi. Albatta, sohada ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari kelgusida ham izchil ravishda davom ettiriladi. Vazirlik ish tajribasini yanada rivojlantirish va ommalashtirish borasida ustuvor masalalarga katta e’tibor qaratilmoqda. Maqsadimiz – ichki ishlar organlari faoliyati shaffofligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida kompleks chora-tadbirlar qo‘llash hamda yuzaga kelgan vaziyat haqida aholini o‘z vaqtida xabardor qilish, shu bilan birga, ichki ishlar organlari tizimidagi rahbar-xodimlarning ma’naviy-ma’rifiy hamda kasbiy malakalarini muntazam ravishda oshirib borish kabi asosiy burch va vazifalardan iboratdir. Ayni paytda shaxsiy tarkib o‘ziga bildirilgan el-yurt ishonchini oqlash maqsadida kechayu-kunduz samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

 

Avazbek INOMOV,

Respublika IIV Ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19269
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16277
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi