Davlatimiz rahbarining 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigi barcha qatori meni ham g‘oyat ruhlantirib yubordi.
Darhaqiqat, xalqimiz uchun milliy qadriyat, o‘zlikni anglash, ma’naviy boylik, ma’rifiy taraqqiyot borasida muhim ahamiyat kasb etib kelayotgan o‘zbek tilimiz bugungi kunda yana ham qadr topdi, yuksaldi.
Men oliygohni tugatib, dastlabki ish boshlagan yillarimda ko‘p hujjatlar rus tilida yuritilar, biror yig‘ilishda ma’ruza qilmoqchi bo‘lsak ham, albatta, rus tilida gapirishimiz kerak edi. Shukrkim, O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligi tufayli o‘z tilimizga qaytib, o‘zligimizni yanada teranroq anglay boshladik.
Bugun Yurtboshimiz boshchiligida tilimizni asrab-avaylash borasida qonun va qator farmonlar qabul qilinayotgani, ayniqsa, 21-oktabr – “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilangani tilga bo‘lgan yuksak e’tibor timsolidir. Til orqali yoshlarimizni milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida, boy ma’naviy merosimizga hurmat ruhida tarbiyalash imkoni berilmoqda.
Muhtaram Prezidentimizning quyidagi gaplari, ayniqsa, ko‘nglimni nurlantirib yubordi:
“Vazirlar Mahkamasi tarkibida Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamentining faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Markazda va joylarda davlat tilini o‘rgatish kurslari ish olib bormoqda”.
Men bundan juda mamnunman. Chunki farzand va nabiralarim yuqoridagi kurslarda bemalol ta’lim olishlari mumkin. Yurtboshimizning mazkur tabrigi ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinganda, biz tumandagi yosh ijodkorlar bilan to‘garak mashg‘ulotlarini olib borayotgan edik. Men tabrikni ularga o‘qib eshittirdim. Ular o‘z quvonchlarini she’riy misralarda izhor qildilar. Shogirdlarim xorijiy davlatlar o‘quvchilari o‘rtasida O‘zbek tili va adabiyoti xalqaro olimpiadasini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgani haqidagi xabarni eshitganda, nazarimda, ularning yuz-ko‘zlarida faxr-u iftixor balqdi.
Darhaqiqat, bizning farzandlarimiz xorijiy tillarni o‘rganishdan avval o‘z ona tilimizning qonun-qoidalarini mukammal bilmoqlari va unga amal qilmoqlari zarurdir. Buning uchun ular buyuk ajdodlarimiz Mahmud Koshg‘ariy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ulug‘lar asarlarini puxta egallamoqlari darkor. Bu esa hurmatli muallimlar zimmasiga yanada yuksakroq mas’uliyat yuklaydi.
Bugun Prezident tabrigi tumanimizda o‘tkazilgan “Til bayrami”da ham tuman hokimi tomonidan o‘qib eshittirildi. Xulosa shuki, til – ma’naviyat ko‘zgusi, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan tub islohotlarning poydevoridir.
Tabrikdan ilhomlanib, quyidagi satrlar xayolimga keldi:
Bir so‘z desam, sado keladir oydan,
Bulbul uchib kelar berkingan joydan,
Joy olaman ko‘ngil degan saroydan,
O‘zligim anglatar ona tilim bor.
Zuhra ALIYEVA
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q