Millat manglayiga bitilgan mashʼum tun – 1938-yilning 4-oktyabrida kim-kimlar otilgan edi?


Saqlash
23:13 / 04.10.2022 3362 0

1938-yil 4-oktyabr. Oʻzbekiston tarixiga eng mashʼum sana sifatida muhrlangan. Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Choʻlpon, Abdurauf Fitrat, Gʻozi Olim Yunus, Otajon Hoshim, Ziyo Said, Xudoybergan Devon kabi millat oydinlari shoshilinch qatl etildi. Arxiv hujjatlari shohidligicha, 5-oktyabrda esa bir kun oldin otib tashlangan mahkumlarning sudi sahnalashtiriladi.

 

1938-yil 4–16-oktyabr kunlari SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining sayyor yigʻilishlarida 507 nafar oʻzbekistonlik siyosiy mahbus ustidan hukm oʻqilgan. Ularning eng koʻzga koʻringanlari jismonan mavh etilgan, qolganlari uchun turli muddatga surgun yoki qamoq jazosi belgilangan. Umuman olganda, 1934–1938-yillari Oʻzbekistonda 40 mingdan ortiq inson qatagʻon qilingan. Shulardan 730 nafari “xalq dushmani” sifatida otib tashlangan.

Oyina.uz bundan 84 yil avvalgi mashʼum tun qurbonlarining bir guruhini yodga olib, har birining qisqacha tarjimayi holini keltirib oʻtadi.

 

Abdulla Qodiriy (1894–1938)

 

1894-yil 10-aprelda Toshkent shahrida tugʻilgan. XX asr yangi oʻzbek adabiyotining yirik namoyandasi, oʻzbek romanchiligi asoschisi. 1920-yillardagi muhim ijtimoiy-madaniy jarayonlarning faol ishtirokchisi. Avval musulmon maktabida, keyinchalik rus-tuzem maktabida va Abulqosim shayx madrasasida tahsil olgan. Moskvadagi adabiyot kursida oʻqigan. Eski shahar oziqa qoʻmitasining sarkotibi, “Oziq ishlari” gazetasi muharriri, Kasabalar shoʻrosining sarkotibi, “Mushtum” jurnali tashkilotchilaridan va tahrir hayʼati aʼzosi.

 

“Toʻy”, “Ahvolimiz”, “Millatimga”, «Fikr aylagil» kabi sheʼrlari, “Baxtsiz kuyov” dramasi, “Juvonboz” hikoyasi yozuvchining dastlabki asarlaridan. Keyinchalik adibning ulkan mahoratini oʻzida mujassam etgan “Oʻtgan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlari, “Obid ketmon” qissasi dunyoga keldi. Nikolay Gogolning “Uylanish”, Anton Chexovning “Olchazor” asarlarini oʻzbek tiliga oʻgirgan.

 

Abdulla Qodiriy dastavval 1926-yili “Mushtum”da chop etilgan “Yigʻindi gaplar” maqolasi ortidan qisqa muddatga qamalgan. 1937-yil 31-dekabrda “xalq dushmani” sifatida ikkinchi bor qamoqqa olinib, 1938-yil 4-oktyabrda otib tashlangan.

 

Abdurauf Fitrat (1884–1938)

 

Abdurauf Fitrat – birinchi oʻzbek professori, jadidchilik harakati yetakchilaridan biri. Zamonaviy oʻzbek tili va adabiyoti asoschilaridan. 1884-yili Buxoroda tugʻilgan. Anʼanaviy maktabda savod chiqargan, soʻng Mir Arab madrasasida, 1909–1913-yillari Turkiyada tahsil olgan.

 

Xorijdagi hayot Fitratning dunyoqarashi, siyosiy ongi va adabiy didini oʻzgartirib yubordi. Turkiston xalqi hayotiga Turkiyadagi oʻzgarishlar (bu paytda “Yosh turklar inqilobi” yuz bergandi) va ilgʻor mamlakatlar nuqtayi nazaridan qaray boshladi. Buxoroga qaytgach, mudarrislik qildi va jadidchilik gʻoyalarini yoyish bilan shugʻullandi, 1915-yildan “Yosh buxoroliklar” partiyasining soʻl qanotini boshqardi, ozodlik va taraqqiyot harakatining liderlaridan biriga aylandi.

 

Fitratning adabiy merosi boy va turfa. Badiiy ijodning barcha turlarida qalam tebratibgina qolmay, oʻzbek adabiyotining yangi janr va turlar bilan boyitdi. U zullisonayn adib boʻlib, adabiyotga shoir va adabiyotshunos sifatida kirib kelgan. Koʻp oʻtmay dramalari va prozaik asarlari ham dunyo yuzini koʻrdi.

 

“Munozara” (dastlabki nomi “Hindistonda bir farangi ila buxorolik bir mudarrisning bir necha masalalar ham usuli jadid xususida qilgan munozarasi”), «Sayha» (chorlov, naʼra), “Rahbari najot”, “Tarixi Islom” asarlari, “Temur sagʻanasi”, «Oʻgʻuzxon» pyesalari, “Oʻzbek tili sarf kitobi”, «Oʻzbek tili nahv kitobi», “Sheʼr va shoirlik”, “Adabiyot qoidalari”, “Aruz haqida” ilmiy asarlari, «Devonu lugʻotit turk», «Muqaddimat ul-adab», «Qutadgʻu bilig», «Hibat ul-haqoiq»qa bagʻishlangan ilmiy traktatlari Fitratning nafaqat shoir, yozuvchi, dramaturg sifatidagi isteʼdodini, ayni paytda faylasuf, tarixchi, filolog ekanini ham koʻrsatadi.

 

Abdurauf Fitrat amirni agʻdarish va bolsheviklar zulmidan ham qutulish tarafdori edi. 1917-yil fevral voqealaridan soʻng Buxoroda ahvol yomonlasha boshlagach, avval Samarqandga, soʻng Toshkentga koʻchishga majbur boʻldi. Samarqandda “Hurriyat” gazetasiga muharrirlik qildi, oʻzaro hamkorlik niyatida gazetaga Behbudiyni ham taklif etadi. Ayrim maʼlumotlarga qaraganda, “Ittihodi taraqqiy” tashkilotining Eski Buxoro boʻlimi raisi ham boʻlgan. Turkiston Muxtoriyatini quvonch bilan qarshi oldi.

 

Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tuzilib, Fitrat maorif vaziri sifatida ish boshlaydi. 70 nafar talabani Germaniyaga oʻqishga yubordi (mamlakat mablagʻi hisobiga). Sharq musiqasi maktabi, Davlat teatri tashkil ettirdi, noyob qoʻlyozmalarni toʻplashda bosh-qosh boʻldi. Uning saʼy-harakati bilan BXSRda oʻzbek tili davlat tili deb eʼlon qilindi.

 

Xalqining baxt-saodati, haqiqat, adolat, maorif, fan, madaniyat yoʻlida tunu kun mehnat qilgan bu ulugʻ zotni shoʻrolar hukumati aksilinqilobchi, millatchi, “xalq dushmani” deb ayblab, 1937-yil aprelda hibsga oldi va 1938-yil 4-oktyabrda otib tashladi.

 

Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon (1897–1938)

 

Abduhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon (Yunusov) 1897-yilda Andijonda tugʻilgan. Dastlab madrasada, soʻngra rus-tuzem maktabida tahsil olgan. Sheʼriy asarlari “Oʻzbek yosh shoirlari”, “Uygʻonish”, “Buloqlar”, “Tong sirlari” va “Soz” toʻplamlarida, shuningdek, turli gazeta va jurnallarda eʼlon qilingan. 20 yillarda yozgan “Oydin kechalarda”, “Qor qoʻynida lola”, “Novvoy qiz” singari hikoyalari oʻzbek adabiyotidagi lirik nasrning dastlabki mumtoz namunalari hisoblanadi. “Kecha va kunduz” romani hamda “Yorqinoy”, «Xalil farang», “Sevgi va saltanat”, “Choʻpon sevgisi” kabi pyesalari ham bor (bu asarlarning aksariyati bizgacha yetib kelmagan). Uning tarjimasidagi U. Shekspirning «Hamlet» tragediyasi oʻzbek tarjima sanʼatining shoh namunasi hisoblanadi.

 

Choʻlpon kabi taraqqiyparvar ziyolilar dunyoqarashi 1917-yil Fevral inqilobi bilan chambarchas bogʻliq. Choʻlpon Turkiston muxtoriyati hukumatining barpo etilishida faol ishtirok etib, muxtoriyatni sharaflovchi „Ozod turk bayrami» sheʼrini yozdi, bu sheʼr oʻzbek davlatchiligi tarixida ilk madhiya boʻldi. Shu davrda Turkistondagi koʻp millatli ziyolilar oʻrtasida federalizm gʻoyasi keng tarqalgani sababli Choʻlpon ayni paytda Z.Validiy bilan birga Orenburgga borib, Boshqirdiston muxtoriyat hukumatining tashkil etilishida ham ishtirok etdi. Federalistlarning fikrlariga koʻra, Turkiston va Volga boʻyidagi turkiy xalqlar oʻz muxtoriyat hukumatlarini barpo etganlaridagina bu xukumatlarning bolsheviklar tomonidan tan olinishi va birgalikda himoyalanishi mumkin edi. Muxtoriyatning qonli bostirilishidan soʻng Choʻlpon „Ilmiy kengash», „Chigʻatoy gurungi», „Nashri maorif» tashkilotlari va „Turon» teatrida adabiy, ilmiy-maʼrifiy ishlar bilan mashgʻul boʻldi. Biroq shoʻro davlatining mustamlakachilik siyosati oqibatlarini fosh etuvchi sheʼr va maqolalar yozishda davom etdi. Orada jadidlarga, xususan, Choʻlponga qarshi boshlangan kurash uni siyosiy faoliyatdan uzoqlashishga, hatto 1931-1935-yillarda Moskvada yashashga majbur etdi. Oxir-oqibat isyonkor shoir 1938-yil 14-iyul kuni hibsga olindi va oʻsha yil 4-oktyabrda Toshkentda qatl etildi.

 

Gʻozi Olim Yunusov (1893–1938)

 

Yangi oʻzbek tilshunoslik fani asoschisi Gʻozi Olim Yunusov 1893-yili Toshkent shahrida dunyoga kelgan. U Vyatka guberniyasi Sarapul uyezdida joylashgan madrasai «Bubiy» da, Turkiya universitetida, Anqaradagi “Al-Azhar” madrasasida oʻqigan. 1917-yil oktyabrda Toshkentda bolsheviklar hokimiyatni qoʻlga olishlari bilan taraqqiyparvar mahalliy ziyolilar oʻsha oyning 26–29 kunlarida Qoʻqonda Musulmonlarning favqulodda qurultoyini chaqirib, Turkiston Muxtoriyat hukumatining tuzilganini eʼlon qiladi. Gʻozi Olim qurultoy ishida qatnashadi. Turkiston Muxtoriyati qonga botirilganidan soʻng 1918-yil iyulda Turkiston yoshlarini milliy va ilmiy ruhda tarbiyalash maqsadida “Turk oʻchogʻi” tashkilotini tuzgan.

 

Gʻozi Olim Yunusov Samarqandda Maorif xalq komissarligi hamda shu komissarlik huzuridagi Til va terminologiya komitetida ilmiy kotib sifatida ish yuritadi. Keyinchalik Akmal Ikromov nomidagi Samarqand pedagogika institutida oʻzbek tili kafedrasi professori sifatida ishlaydi.

 

Gʻozi Olim Yunusov birinchi oʻzbek tilshunosi sifatida “Oʻzbek urugʻlaridan qatagʻonlar va ularning tili”, “Yuridik terminlar lugʻati”, «Uzbek lahjalari tasnifida bir tajriba», “Oʻzbek tili grammatikasi” kitoblarini yaratdi. Oʻzbek xalq eposi — “Alpomish” dostonining ilk tadqiqotchilaridan biri. 20–30 yillar matbuotda matbuot, tilshunoslik, adabiyot, folklorshunoslikka oid dolzarb maqolalar yozgan. Olimning grammatika, shevashunoslik, atamashunoslik masalalariga bagʻishlangan darslik va qoʻllanmalari uning serqirra tilshunos olim boʻlganini tasdiqlaydi.

Gʻozi Olim Yunusov 1938-yil 4-oktyabrda Toshkentda “xalq dushmani” sifatida otib tashlandi.

 

Otajon Hoshim (1905–1938)

 

Oʻzbekistondagi ijtimoiy fanlarning koʻzga koʻringan namoyandasi, yirik fan tashkilotchisi, hozirgi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining poydevori – Fanlar qoʻmitasining raisi, Til va adabiyot institutining direktori Otajon Hoshim 1905-yili Toshkentda dehqon oilasida dunyoga kelgan. Dastlab eski maktab va madrasada, keyin rus-tuzem maktabida oʻqigan. 1922–1924-yillari Moskvada ishchilar fakultetida tahsil koʻrgan. Qizil professorlar institutini tugatgach, Oʻzbekiston Maorif komissarligi qoshidagi Ilmiy kengash rahbari, keyinroq esa Oʻzbekiston Fanlar Qoʻmitasining raisi vazifalarida faoliyat koʻrsatgan.

 

Otajon Hoshim oʻzbek yozuvchilarining birinchi adabiy uyushmasi – “Qizil qalam” tashkilotiga rahbarlik qiladi va shu davr adabiy hayotida muhim voqea boʻlgan majmualar nashr etadi. Shuningdek, u Til va adabiyot instituti direktori, Yozuvchilar uyushmasi tanqid va adabiyotshunoslik shoʻbasi raisi, yangi tashkil etilgan Fanlar komiteti raisi oʻrinbosari lavozimlarida ham qizgʻin ilmiy tashkiliy faoliyat bilan shugʻullanadi. Shu vaqtda olimning tashabbusi bilan xalq ogʻzaki ijodi namunalari boʻlmish 2 jildli “Oʻzbek folkloridan namunalar”, «Oʻzbek xalk, ertaklari», “Alpomish”, «Malikai ayyor», oʻzbek mumtoz va zamonaviy adabiyotiga bagʻishlangan ilmiy asarlar, bir kancha terminologik lugʻatlar nashr etiladi.

 

Uning “Oʻzbekistonda ilmiy ishlar”, «A. S. Pushkinning «Yevgeniy Onegin» tarjimasi haqida», “Dialektika va dialektik usulda oʻylash”, “Oʻzbek folklori haqida”, “Adabiy meros”, “Oʻzbek tili va imlosi” kabi maqolalari XX asr boshlarida tugʻilayotgan va shakllana boshlagan oʻzbek gumanitar fanlariga hissa boʻlib qoʻshildi. Ayni chogʻda u Fitrat, Gʻozi Olim Yunusov, Ye.D. Polivanovlar safida turib, oliy oʻquv yurtlarining aspirantura kurslarida falsafa, siyosiy iqtisod va boshqa fanlardan maʼruzalar ham oʻqidi.

 

U 1937-yil 2-avgustda qamoqqa olinib, 1938-yilning 4-oktyabrida “xalq dushmani” sifatida otib tashlangan.

 

Muhammad Hasanov (1904–1938)

 

1904-yili Toshkentda oʻqituvchilar oilasida dunyoga keldi. Otasi Fattoh aka ham, onasi Toiba xonim ham yangi shahardagi maktablarning birida ishlagan. Muhammad mehnat faoliyatini Rossiya telegraf agentligining «TashRosta» gazetasida boshladi. 1924-yildan «Turkestanskaya pravda», “Qizil bayroq”, “Turkiston” gazetalarida adabiy xodim, boʻlim mudiri boʻlib ishlagan.

 

Muhammad Hasanov 1927-yili markazkomga ishga taklif etilib, matbuot boʻlimiga mudir oʻrinbosari qilib tayinladi. 1930-yildan “Qizil Oʻzbekiston” gazetasi muharrirligiga oʻtkaziladi. 1931-yili Moskvaga oʻqishga yuboriladi. 1932-yil oxirida yurtga qaytib, “Qizil Oʻzbekiston” gazetasida masʼul muharrir boʻlib ishlay boshlaydi. 1934-yildan “Mushtum” jurnaliga, 1936-yil dekabr oyidan esa «Pravda Vostoka» gazetasiga ham rahbarlik qiladi.

 

Bu paytda muharrirlardan “ichki dushman”ni va ular “joylashib olgan” muassasalarni keskin fosh etuvchi maqolalarni bosish, yaʼni jamiyatni 1937-yil dahshatlariga tayyorlab borish talab etilardi. Muhammad Hasanov esa vijdoniga qarshi bormaslikka, uydirma materiallarni eʼlon qilmaslikka intiladi. Respublikadagi “hushyor” kishilar partiya va hukumatning “yuksak ishonch”ini oqlamayotgan muharrir toʻgʻrisida tegishli idoralarga, Moskvaga xat yozadi.

 

1937-yil 3-sentyabrda “Pravda” gazetasida «Burjua millatchilarinnng homiylari va sheriklari» degan maqola chiqadi. «Pravda Vostoka» gazetasi va shaxsan masʼul muharrir keskin tanqid ostiga olinib, oʻzbek adabiyoti va matbuotining Abdulla Qodiriy, Aʼzam Ayub, Ziyo Said, Moʻmin Usmonov singari vakillariga “xalq dushmani”, “burjua millatchisi” tamgʻasi yopishtiriladi, Muhammad Hasanov esa ularning himoyachisi sifatida qattiq qoralanadi. “M.Hasanov, – deb yozilgan edi gazetada, – sovet turmush tarzini buzib koʻrsatgan «Obid ketmon” romaniga qarshi yozilgan taqrizni yumshatib, silliqlab chiqardi. Qurbon Beregin va Moʻmin Usmonov haqidagi maqolani esa bosib chiqarmadi...»

 

Muharrir shu kuniyoq partiyadan oʻchirilib, ishdan olindi. Kuni kecha oʻzi rahbarlik qilgan gazetalar uning “xalq dushmani” Choʻlponning “Kecha va kunduz” romaniga muharrirlik kilgani, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Aʼzam Ayub, Sanjar Siddiq singari “unsurlar”ni “Qizil Oʻzbekiston” gazetasiga, “Yer yuzi”, “Mushtum”, “Yorqin turmush” jurnallariga jalb etgani, “Marksizm klassiklari” asarlarini oʻzbek tiliga buzib oʻgirgan Moʻmin Usmonov, Vois Rahimiy, Otajon Hoshim, Naim Saidni oʻz panohiga olganini ayovsiz tanqid qila boshladi. Muhammad Hasanov mudhish yilning 26-sentyabr kuni qamoqqa olinib, 1938-yilning 4-oktyabrida koʻplab atoqli ziyolilar bilan birga otib tashlandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 133
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22039
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//