Aholisi 1700 nafar qishloq 50 mingga yaqin ovoz toʻpladi, magʻlublar kolayu pepsi tarqata olmadi – 2022-yilda “Openbudget” nimalar bilan yodda qoldi?


Saqlash
09:10 / 04.10.2022 1399 0

Soʻnggi oylar Oʻzbekistonda eng koʻp jaranglagan soʻzlardan biri “Openbudget” boʻldi, nazarimda. Kimoʻzarga ovoz berishlar uchun oʻylab topilgan turli usullar bu loyihani ancha mashhur qilib yubordi.

 

“Openbudget.uz” oʻzi nima?

 

“Openbudget.uz” maxsus axborot portali boʻlib, asosiy funksiyalaridan biri byudjet xarajatlarini tartibga solish boʻyicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdan iborat.

 

Portal orqali  fuqarolar “Tashabbusli byudjet” jarayonida ishtirok etishi, hududidagi muammolarni hal etish uchun taklif bildirishi, ovoz yigʻib muammo yechimi uchun mablagʻ ajratilishiga erishishi mumkin. Buning uchun portalda roʻyxatdan oʻtish, taklif qoldirish lozim.

 

Takliflar tuman/shaharda tashkil etilgan ishchi guruhlar tomonidan 10 kun davomida koʻrib chiqiladi. Keyin portalga joylashtirilib, ovoz berish jarayoni boshlanadi. Yakunda har bir hududda eng koʻp ovoz toʻplagan takliflar gʻolib deb topiladi va moliyalashtiriladi.

 

Eng tashabbuskorlar Surxondaryoda

 

Oxirgi “Tashabbusli byudjet” jarayonida fuqarolar favqulodda faol qatnashdi. Oʻtgan yili 1,1 million kishi ishtirok etgan boʻlsa, bu yil 6,7 millionga yetdi. Respublikadagi mahallalarning 98 foizi qarab olindi.

 

Taklif berish boʻyicha surxondaryoliklar peshqadam boʻldi. Portalga kelib tushgan 61 566 ta loyihadan 22 foizi ushbu viloyatga toʻgʻri keldi. Bu keyingi oʻrinlardagi hududlar koʻrsatkichidan ikki barobardan ham koʻp degani. Boshqacha aytganda, har 5 ta taklifdan biri Surxon eli tomonidan ilgari surildi.

 

1418 ta loyiha moliyalashtiriladi

 

Moliya vazirligining maʼlum qilishicha, respublika boʻylab 61 566 ta loyiha orasidan 1 418 tasi gʻolib boʻlgan. Ularni amalga oshirish uchun 1 trln soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltiriladi.

 

Demak, jami takliflarning 2,3 foizigina moliyalashtiriladi. Har 100 ta loyihadan 2 tasi amalga oshiriladi, 98 tasi esa, afsuski, roʻyobga chiqmaydi.

 

Ikki yildan beri gʻolibmiz

 

Oyina.uz muxbiri “Tashabbusli byudjet” jarayonida ishtirok etgan, ayrimlari gʻolib, baʼzilari magʻlub boʻlgan fuqarolar bilan gaplashdi.

 

– Keling, avvalo, tizimning yaxshi tomonlarini aytishdan boshlay, – deydi samarqandlik fuqaro Bahora Islomova. – Oʻtgan yili koʻchamizga asfalt yotqizish taklifi bilan chiqqanmiz. Buning uchun butun boshli qishloq harakat qildi. Natijada eng koʻp ovoz toʻplab yutdik, asfaltlash ishlari boshlab yuborildi. Tizim qishloq aholisini jipslashtirdi, hamma bir organizm boʻlib harakat qildi. Qishloqdoshlarning telegram guruhi 24 soat tinmaydi, hamma yordamga shoshadi, ovozlar koʻpaysa bir-biriga rahmat aytadi... Umuman olganda, jarayon qandaydir qiziqarli.

 

Bu yil esa qishlogʻimizdagi barcha koʻchalarni asfaltlash taklifini ilgari surdik. Yoshlarimiz birlashib “ishchi guruh” tuzdi, ovozlarni kechayu kunduz roʻyxatdan oʻtkazishga koʻmaklashdi, tushuntirish ishlari olib borildi. Ular uchun zarur sharoit qishloqning saxovatli insonlari homiyligida taʼminlab berildi. Kimdir kimdandir bir soʻm pul yigʻgani yoʻq, xohlovchilar birlashib harakat qildi. Natijada esa tumanimizdagi tashabbuslar orasida eng yuqori oʻrinni olib gʻolib boʻldik.

 

Ovoz yigʻish jarayonida noodatiy holatlar ham boʻldi. Telegram guruhimizga qoʻshni qishloqdagi raqiblarimiz yashirincha qoʻshilib olib, telefon raqam va SMS kodlarni oʻgʻirlash kabi gʻayrioddiy “shpion”lik ham kuzatildi. Ovoz koʻpaytirish uchun kimdir kola, kimdir yogʻ tarqatdi. Biz bu usuldan foydalanmadik. Lekin oxirgi ikki-uch kunda majbur boʻldik. Chunki raqiblar ham zoʻr berib harakat qilayotgan, jarayon hal qilish pallasiga kirgan edi. Men sizga aniq falon soʻmlik narsa ulashildi deya olmayman. Nari borsa, 15-20 million soʻmlik xarajat qilingandir, lekin yakunda bizning qariyb 1 mlrd 200 mln soʻmlik tashabbusimiz moliyalashtirilyapti.

 

Avval aytganimdek, hech kim birovni shu ishni qil deb majburlamadi, hech kimdan pul talab qilinmadi. Hamma ixtiyoriy, bir maqsad yoʻlida birlashdi. Biz gʻolib boʻldik, faol ishlagan talabalarimizning toʻlov-shartnoma pullarini homiylarimiz toʻlab berishyapti. Men shunday inoq qishloqda yashayotganimdan quvonaman. Endi qishlogʻimizda asfalt boʻlmagan koʻcha qolmaydi. Kelgusi yillarda bundan ham yaxshi, qishloq uchun xayrli tashabbuslarni ilgari suramiz, nasib boʻlsa yana yutamiz.

 

Oʻzbekiston boʻyicha eng koʻp ovoz toʻplagan taklif

 

Yigʻilgan ovozlarga qarasak, qiziq manzaraga duch kelamiz. Portalda 36, 46, 50 tagina ovoz bilan gʻolib boʻlgan tashabbuslar va, aksincha, 4-5 ming ovoz bilan yuta olmagan loyihalar bor. Bu, albatta, hududlarning tizimdan xabardorlik darajasi, portalga ishonchi, mahallalarning qanchalik faolligi va jipsligi kabi faktorlarga bogʻliq.

 

Respublika boʻyicha eng koʻp ovozni Fargʻona viloyati Dangʻara tumani “Sanam” MFY Eski Shildir qishlogʻi aholisi yigʻdi. Nurafshon koʻchasining 3000 metrlik qismini asfaltlash tashabbusi naq 49 ming 314 ta ovoz yiqqan.

 

– Biz ikkinchi marta ham respublikada birinchi boʻldik, – deydi “Sanam” MFY raisi Nasiba Sodiqova. – Fuqarolarimiz juda ahil, shu bois oʻtgan yili ham yutganmiz. Gulboʻyi qishlogʻini asfalt qilish boʻyicha tashabbus 19 mingdan ortiq ovoz yigʻib, respublikada eng katta koʻrsatkich bilan gʻolib boʻlgan edi. Natijani esa odamlarimiz oʻz koʻzi bilan koʻrdi, tizimga ishonchi ortdi.

 

Bu yilgi tashabbusimiz 50 mingga yaqin ovoz olishiga xalqning birdam harakat qilishi sabab boʻldi. Mahalladagi 200 nafar yigitimiz 20 kun davomida tinimsiz mehnat qildi. Oʻzi, qishloqda 1700 nafar aholi yashaydi. Qoʻshni qishloqlar ham bizga koʻmaklashdi. Har bir xonadonda kamida 4-5 tadan telefon bor, hammasidan ovoz berildi.

 

Oʻtgan safar ushbu Eski Shildir qishlogʻimizning ikki joyiga svetofor oʻrnatish tashabbusi ham yutgan. Bu yilgi gʻalabadan keyin esa yoʻllar ham asfalt boʻladi. Jarayonda butun qishloq aholisi faol qatnashdi. Ishonamanki, odamlar oʻzlari qattiq harakat qilgan holda erishgan gʻalabalari mahsulini qadrlaydi, buning gashti boshqacha baribir.

 

Biz kolayu pepsi tarqata olmadik

 

– Maktabimizda jihozlar bilan bogʻliq muammolar bor. Oʻzim informatika oʻqituvchisiman, oʻquvchilarga kompyuterda ishlashni oʻrgatishim kerak. Biroq 2017-yili keltirilgan texnikalar nosoz holatda, zarur dasturlarni koʻtara olmaydi, – deydi Karmana tumanidagi 24-maktab muallimi Maqsadoy Gʻoyibova. – Hokimiyatga, televideniyega chiqdim, rahbarlarimizga ham necha karra aytganman, biroq naf boʻlmagan. Usta chaqirib tuzatib beriladi goʻyo, yana biror dastur oʻrnatsangiz – eski holat. Misol uchun, bolalarga robototexnikani oʻrgatish haqida koʻp gapiramiz. Lekin buning uchun zarur jihozlar juda qimmat, birov homiylik qilmasa, moliya pul ajratmasa. Quruq gapdan kimga, nima foyda?

 

Xullas, oʻzimiz nimadir qilishimiz kerak, deya rahbariyat bilan maslahatlashib, maktabimiz uchun texnik jihozlar, kompyuter toʻplami, darslarimizni yanada qiziqarliroq oʻtish uchun interaktiv doska va oʻquvchilarimizni kasb-hunarga yoʻnaltirish uchun tikuv mashinasi toʻplamini sotib olish loyihasini tizimga kiritdik. Ovoz yigʻish jarayonida ancha qiynaldik. Maktabimiz chekka hududda joylashgani uchunmi, negadir aloqa yaxshi boʻlmadi, tizim tuzuk ishlamadi.

 

“Openbudget”dan biz katta umid qilgan edik. Kimdir kola, kimdir pepsi tarqatib, baʼzilar hatto plastik kartaga pul tashlab berib ovoz yigʻdi. Taʼlim sifatini yaxshilashga xizmat qiladigan loyihalarga kelganda esa... Hatto baʼzi maktablardagi hamkasblarimiz eshikma-eshik ovoz soʻrab yurdi. Axir, biz pedagogmiz-ku, tilanchi emas. Tushungan odamlar portalga kirib, loyihalar bilan tanishib, ongli ravishda eng zarurini tanlab, ovoz berishini kutgan edim...

 

Bunday holat faqat bizda emas, albatta. Karmana tumanimizdagi boshqa maktablar ham texnik jihozlar, sport zali qurish, faollar zalini qayta taʼmirlash kabi takliflar kiritgan edi. Ayrimlari gʻolib boʻldi, baʼzilari esa yuta olmadi. Tizim texnik jihatdan yanada takomillashtirilishi kerak. Baʼzan ishlamay qoldi, portalga koʻpchilik kirganda qotib qolishlar boʻldi.

 

Yana bir gap, maktablar bilan bogʻliq muammolarni hal etish uchun shundoq ham byudjetdan mablagʻ ajratiladi. Balki ularning oqilona sarflanishini yaxshiroq nazorat qilish kerakdir. Taʼlimga pul yoʻnaltirilayotganda chekka hududlardagi maktablarning muammolari ham nazardan chetda qolmasligi shart.

 

Tizim hozircha mukammal emas

 

Ijtimoiy tarmoqlarda “Openbudget” tizimi bilan bogʻliq juda koʻp fikrlar bildirildi. Ovoz berishda portalning sekin ishlagani, tashabbuslarning juda kam qismi moliyalashtirilishi va hokazo. Barcha mulohazalarni kuzatgan holda bir necha umumiy xulosalar chiqarish mumkin.

 

Portal qishloq va mahallalarimizda yechimini kutib yotgan eng muhim, birlamchi muammolarni koʻrsatdi. Ichki yoʻllarni asfaltlash, maktab, bogʻcha, shifoxonalarni taʼmirlash va jihozlash, ichimlik suvi taʼminoti kabi muammolar koʻlami ancha kengligi yaqqol namoyon boʻldi.

 

Natija ovozlar soniga bogʻliqligi ham biroz bahsli. Toʻgʻri, jarayonning shaffofligi uchun muhim bu. Biroq kimoʻzarga ovoz toʻplash uchun turli usullar, sunʼiy ovoz koʻpaytirishga harakatlar ham uchrayapti. Oqibatda ayrim dolzarb muammolar kerakli ovozni toʻplay olmasligi bois yillar davomida hal etilmay qolaveradi.

 

“Openbudget” jarayonidan keyin eng koʻp eʼtiroz mahalliy kengash deputatlari faoliyatiga nisbatan bildirildi. Hududlardagi muammolarni vaqtida koʻtarib chiqa olmaganlikda ayblandi. Hatto bunaqa tepsa tebranmas tuzilmalarni tarqatib yuborish takliflari yangradi.

 

Tan olish lozimki, “Tashabbusli byudjet” tizimining yoʻlga qoʻyilishi ortidan aholining faolligi, yurt taraqqiyotiga daxldorlik hissi oshmoqda. Fuqarolarga turli idora va kattakonlarsiz ham muammolarni hal etishga richag berildi.

 

Tizim takomillashtirilishi vaʼda qilinmoqda

 

Moliya vaziri Timur Ishmetovning taʼkidlashicha, uch mavsum davomida bildirilgan 100 mingdan ortiq takliflar asosida aholining eng dolzarb muammolarini oʻrganishga yordam beradigan “ochiq maʼlumotlar bazasi” shakllantirilmoqda.

 

Davlat rahbarining “aholi bilan bamaslahat qilinadigan loyihalar koʻlamini kengaytirish” bilan bogʻliq topshiriqlariga asosan “Tashabbusli byudjet” takomillashtirib boriladi.

 

Inobat AHATOVA

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:04 / 18.04.2024 0 173
Ey qarindoshlar!





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19171
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15989
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi