Global axborot jamiyati maʼnaviy begonalashuvga olib kelmasin


Saqlash
15:09 / 23.09.2022 1305 0

Jahon tarixiga nazar solsak, har bir xalq avvalo maʼnaviy birlashuvi, milliy gʻoyasi bilan yuksalgan. Bugun yangi hayot qurish, rivojlangan davlatlar qatoriga chiqish yoʻlidan borayotgan mamlakatimizda ham milliy gʻoya masalasi juda muhim ahamiyatga ega. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi raisi Prezident ekanligi belgilab qoʻyildi. Bu oʻzgarish maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni davlatimiz siyosatida yanada yuksak oʻringa koʻtardi.

 

“Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir. Albatta kuchli tafakkurni yengib boʻlmaydi, shu sabab fikrni, maʼnaviyatni yuksaltirish, ongni tarbiyalash muhim masala sanaladi. Biz mafkura deganda avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz. Ular xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan”, dedi davlatimiz rahbari.

 

Bundan buyon Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi barcha hududiy kengashlarning, vazirlik, idora va tashkilotlarning maʼnaviy-maʼrifiy faoliyatini muvofiqlashtirib borishi belgilandi. Bu ham boʻlsa, inson shaxs maʼnaviy kamolini yuqoriga koʻtarish, global axboriy jamiyatda turli yot gʻoyalar taʼsiridan asrashga qaratilgan.

 

Bilamizki, tabiat insonga sezgi aʼzolarini bergan, bular: koʻrish, eshitish, hid sezish, taʼm bilish, his etish. Shunga koʻra, axborot quyidagi turlarga boʻlinadi – vizual (koʻz bilan koʻrib qabul qilinadigan), audio (eshitish aʼzolari vositasida qabul qilinadigan), audiovizual (koʻrish va eshitish aʼzolari orqali bir vaqtda qabul qilinadigan), hidli (hid analizatorlari vositasida qabul qilinadigan), taktil (teri analizatorlari vositasida qabul qilinadigan), taʼmli (taʼm analizatorlari vositasida qabul qilinadigan).

 

Koʻrinib turibdiki, axborotni ishlab chiqarishda, foydalanishda, saralashda, uzatishda yoki baholashda axborot madaniyatiga rioya etish yakuniy xulosaning mazmunini taʼminlab beradi. Bir soʻz bilan buni “axborotning ishlab chiqaruvchisi hamda isteʼmolchisi mavjudligini inobatga olib, uning sofligini saqlashda axborotni qabul qiluvchilar, unga ishlov beruvchilar hamda uzatuvchilarda axborot madaniyatining shakllanganligi amaliy ahamiyat kasb etadi”, deb ifodalasak, xato qilmagan boʻlamiz.

 

Axborot bilan ishlashda faqatgina axborotni mustaqil toʻplash va oʻrganishning oʻzi kifoya emas. Bunda “Axborot kimga taalluqli?”, “Axborot qachon ishlab chiqarilgan?” “Axborot kimga qaratilgan?”, «Axborotning maqsadi konstruktivmi yoki destruktivmi?», “Axborotda muammoga/masalaga qanday yondashilgan?” kabi savollarga ham javob topish lozim boʻladi. Mazkur holat galdagi xulq strategiyasini shakllantirishga taʼsir koʻrsatadi, shuning uchun axborot bilan ishlashning shunday texnikasini oʻrganish kerakki, u faqatgina individual manfaat yoʻlini taʼminlash uchun xizmat qilmasdan, jamoa (oila, ishlab chiqarish jamoasi) manfaatini inobatga olsin.

 

Bugungi kunda begonalashuv hodisasi texnologiya formatini qabul qilib, zamonaviy ijtimoiy kurashda aktiv harakatlanmoqda va birinchi navbatda bu harakatda OAV va ijtimoiy tizim aloqalarini oʻz qoʻllariga olib, ѐlgʻon va boʻhtonlar orqali dunyoni oʻz maqsadlariga moslab burish istagida boʻlganlar amalga oshirmoqdalar.

 

Hozirgi kundagi ijtimoiy jarayonlar tahlili shuni koʻrsatadiki, ilm-fandagi yutuqlar qanchalik darajada yuksak boʻlsa ham, shaxsning maʼnaviy begonalashuvi holatini yengib oʻtishning imkoni boʻlmagan. Aksincha, ushbu yuksalish hamda zamonaviy dunyodagi globallashuv jarayoni begonalashuv hodisasining yangi-yangi shakllarini yuzaga kelishiga sabab boʻlmoqda. Maʼnaviy begonalashuv holati oldingi davrlarda tartibsiz xarakterga ega boʻlgan boʻlsa, hozirgi kunga kelib u texnologik xarakterga ega boʻlib, undan ijtimoiy kurashlarda foydalanilmoqda.

 

Bugungi kunga kelib maʼnaviy begonalashuv holati dunyodagi barcha mintaqa va davlatlarda sodir boʻlmoqdaki, bu jarayondan hech bir xalq yoki millat chetda qolib ketayotgan yoʻq. Azal-azaldan oʻzining yuksak maʼnaviyati va madaniyati bilan dunѐ ahlini lol qoldirib kelgan Sharq davlatlari ham hozirda balo-qazoday yopirilib kelayotgan ushbu muammodan chetda qolayotgan yoʻq.

 

Bugungi kunga kelib shaxsning maʼnaviy begonalashuvni yengish imkoniyatlari pasayib bormoqda, bunga aslida Gʻarbning, ayniqsa amerikacha hayot tarzi va transmilliy korporatsiyalar hukmronligi shaklida namoyon boʻluvchi kapitalistik globallashuv variantining hokimligi sharoitida insoniyat kelajagi rivojlanishi hamda oʻzgarishlar sabab boʻlmoqda.

 

Xulosa qilib aytganda, xalqning maʼnaviyatini yoʻqotishga boʻlgan bunday urinishlar maʼnaviyat sohasining izdan chiqishiga olib kelib, shaxsning maʼnaviy begonalashuvining kuchayishiga zamin yaratib beradi. Bugungi globallashuv sharoitida shaxsning maʼnaviy begonalashuvini faqatgina yangi antropologik burilish sharoitlarida yengish mumkin.

 

Maftuna MELIYEVA,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat Markazi masʼul xodimi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19274
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16340
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi