Adabiyot
Toshkent metropoliteni bekatlarining har biri oʻziga xos boʻlib, dizaynida milliy kolorit va zamonaviy chizgilar uygʻunlashgan. Jumladan, “Kosmonavtlar”, “Paxtakor”, “Chilonzor”, “Mustaqillik” kabi stansiyalarda kishi oʻzgacha muhitga tushib qolganini bir nafasda his qiladi. Alisher Navoiy bekatida esa ayni his yanayam kuchayishi shubhasiz. Bu hol devorni bezab turgan suvratlarni mohir qalam sohibi chizgani bilan ham bogʻliq.
1977-yili Oʻzbekiston xalq rassomi Chingiz Axmarovga Alisher Navoiy metro bekati dizaynini yaratish topshirigʻi beriladi. Ulugʻ mutafakkir ijodini yaxshi oʻrgangan musavvir “Xamsa” motivlarida eskizlar tayyorlaydi. Oʻsha vaqtdagi qatʼiy taomilga koʻra, izn olish maqsadida namunalar Moskvaga yuboriladi. Dizayn-ku tasdiqlanadi, biroq “Hayrat ul-abror” asariga bagʻishlangan pannoning oʻrnatilishiga ruxsat tegmaydi. Bunga dostonning goʻyoki diniy mavzudaligi roʻkach qilingan. Shunday qilib, Alisher Navoiy metro bekati bezaklarida “Xamsa” beshlik emas, toʻrtlik asar holida tasvirlanadi.
Ushbu holat ziyolilar orasida koʻplab muhokamalarni keltirib chiqargan boʻlsa-da, lekin ayni vaqtgacha kamchilikni tuzatishga jazm qilinmagan edi. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik instituti dotsenti Rahimjon Rizomuhammedov boshchiligidagi oʻnga yaqin ijodkorlar metro bekati dizaynidagi oʻsha yetishmayotgan pannoni oʻrnatish taklifi bilan chiqishmoqda.
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi qoshidagi Rassomlar uyushmasi aʼzolari yangi tasvirni mavjud pannolarning uslubiy xususiyatlarini buzmagan holda yaratishmoqchi. Bunda Chingiz Axmarov ijodining merosxoʻrlari – Sodiq Rahmonov, Temur Saʼdullayev, Rahimjon Rizomuhammedov, rassom va kulol Farhod Toshmuhammedov, miniatyurachi Behzod Hojimetov, metropolitenning “Paxtakor” bekatidan Alisher Navoiy bekatiga oʻtish yoʻlagi badiiy bezagi muallifi, akademik Vladimir Burmakin kabi ijodkorlarning tajribasiga suyaniladi. Taklif qilinayotgan pannoga “Hayrat ul-abror” dostonidagi shoh va oʻtinchining suhbati asos qilib olingan. Rassom Rahimjon Rizomuhammedovning fikricha, ushbu hikoyat asar mohiyatini ochib beradigan eng yaxshi namunalardan biri hisoblanadi.
Rahimjon Rizomuhammedov:
– Besh yildan beri loyiha ustida bosh qotirar ekanmiz, metrodagi kompozitsiyaga zarar yetkazmaydigan, aksincha, uni toʻldiradigan suvrat qanday boʻlishi kerakligi haqida bahslar qildik. Afsuski, Moskvaga yuborilgan “Hayrat ul-abror” haqidagi eskizlar saqlanmagan. Chingiz aka panno hoshiyasiga aylantirib, shoirning shohbaytlaridan yozishni ham taklif qilgan. Biroq bitiklar arab imlosida boʻlgani bois rad etilgan. Shuning uchun uning oʻrniga gul shakllarini chizishga majbur boʻlgan ekan.
Ustoz rassom vaqti kelib, oʻz asaridagi kamchiliklar bartaraf etilishiga umid qilib, biz shogirdlariga tuzatilishi kerak boʻlgan oʻrinlarni aytib ketgan edi. Metropolitendagi “Xamsa”ni toʻla maʼnoda beshlik kompozitsiyasiga aylantirish uchun ishlab chiqqan loyihamizni institut ilmiy kengashiga taqdim etdik. Ayrimlar “Pannolar bekorga toʻrtta emas, agar “Hayrat ul-abror” ham qoʻshilsa, arxitektura buziladi, shuning uchun bekat ichiga emas, boshqa joyga oʻrnatish kerak”, deyishdi. Biz ayni holatni hisobga olib, kompozitsiya buzilmasligi uchun bitta emas, toʻrtta panno chizishni taklif qilyapmiz.
Sodiq Rahmonov:
– Baʼzilar bekatdagi suratlarni nega aynan Chingiz Axmarov chizgan deb soʻraydi. U kishi ulugʻ mutafakkir ijodini yoshlikdan yaxshi oʻrgangan. Qolaversa, ilk katta ishi Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatrini bezatish boʻlgan. Arxitektor binoning ichkari qismini buyuk shoir asarlari asosidagi suvratlar bilan ziynatlashni rejalashtirgan. Ammo oʻsha vaqtlarda Navoiyni yaxshi biladigan rassom topishga qiynalgan. Shundan soʻng unga talaba Chingiz Axmarovni tavsiya qiladilar. Bu ish shu qadar mahorat bilan bajariladiki, natijada muallif 1947-yili 1-darajali Stalin mukofoti bilan taqdirlanadi.
Rassom keyinchalik Mirzo Ulugʻbek muzeyi uchun ham bir qator monumental-dekorativ asarlar yaratdi. Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi binosini, Sochidagi “Oʻzbekiston” sanatoriysini va Toshkent metropolitenidagi Alisher Navoiy bekatini bezadi. Chingiz aka bilan birga ishlaganman. Bitta ustaxonada chizardik. Qanday ranglardan foydalanishini, qanday ijod qilishini koʻp kuzatganman. Shu bois “Hayrat ul-abror” pannosini ustozning eskizlariga yaqinlashtira olamiz, deb oʻylayman.
Loyiha mualliflari madaniyat vaziri bilan uchrashib, pannoning eskizlarini taqdim etishgan. Ozodbek Nazarbekov loyihani qoʻllab-quvvatlashini bildirgan. Vazirlik matbuot kotibi ishlab chiqilgan loyiha yaqin kunlarda Bosh vazirga kiritilishi kutilayotganini oyina.uzʻga maʼlum qildi.
“Hayrat ul-abror” pannosi loyihasini Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi direktori Jabbor Eshonqulov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Saidov ham maʼqullagan. Xayrixohlar orasida marhum adabiyotshunos Ibrohim Haqqul ham bor.
“Alisher Navoiyning “Xamsa”si besh dostondan iborat badiiy-ilmiy, maʼrifiy-falsafiy adabiy obida boʻlib, hammasi birgalikda yaxlitlik kasb etadi. “Xamsa”ni tashkil qiluvchi biror dostonning tushirib qoldirilishi majmua mazmun-mohiyati, gʻoyasi, estetik, diniy-tasavvufiy xususiyatlariga jiddiy taʼsir etadi va asarning adabiy qiymati pasayishiga olib keladi. Shu maʼnoda Alisher Navoiy metro bekatida “Hayrat ul-abror” dostoniga tegishli keramika, shuningdek, boshqa bir necha surat va matnli naqshlarning isteʼdodli rassomlarimiz tomonidan tiklanishi maqsadga muvofiq”, deyiladi professor Ibrohim Haqqul tavsiyanomasida.
Chindan ham, Alisher Navoiy metro bekatida “Hayrat ul-abror” illyustratsiyasining yoʻqligi tomoshabinni betakror ijod namunasini toʻlaligicha tasavvur etish imkonidan mahrum qiladi. Aytilganidek, kompozitsiyaning yaxlit boʻlishiga bir vaqtlar Moskva izn bermagan. Ammo bugun bunga toʻsqinlik qiladigan biror sabab yoʻq. Oyina.uz Toshkent metropolitenida hazrat Navoiyning buyuk asari – “Xamsa” toʻkis holida namoyon boʻlishiga yaqin qolganiga umid bildiradi.
Feruza XAYRULLAYEVA
Oyina.uz
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q