
Qashqadaryoning Shahrisabz tumanida shahar shovqin-suronidan yiroq, ammo qalbga yaqin, xotiralarga tutash Gʻelon qishlogʻi bor.
Qishloq aholisi 5200 kishidan oshadi, aholi asosan dehqonchilik, chorvachilik va bogʻdorchilik bilan shugʻullanadi. Qishloq togʻ bagʻrida joylashgan, havosi juda toza, tabiati yurakni entiktiradigan darajada goʻzal. Mehnatda chiniqqan aholining oʻrtacha umr koʻrishi 80-90 yosh boʻlib, qishloqda 100 dan oshgan duogoʻy momo-bobolar ham borki, ularning bardamligini koʻrib keksalikni tan olmayotgan sogʻlom vujudlariga havas qilasiz.
Togʻ balandligi boʻyicha yotqizilgan tosh koʻcha boʻylab koʻtarilar ekansiz, sinch uslubida qurilgan uylarning tomlaridagi tandirlarga, tandir yonida non yopayotgan kelinlarga koʻzingiz tushadi. Atrofni suv va sut sepib pishirilgan nonning hidi qamrab oladi. Tengdoshlari bilan koʻcha changitib yurgan bolakaylar bobo-momolariga issiq nondan ulashadi, oʻzi ham kulchani qoʻltiqlab velosiped, koptok tomon shoshadi... Bu shundayin goʻzal, qalbga xotirjamlik beruvchi manzara...
Orzularga toʻla koʻzlarda begʻuborlik koʻrasiz, uxlab qolgan farzandini bagʻriga bosib, namozshom mahal eshakda bogʻdan uyiga qaytayotgan ayollarni koʻrib ular mehnatiga tasanno aytgingiz keladi.
Qishloq menga bobomning buzilgan uyini eslatdi: deraza romlari bolalik sogʻinchidan qaqrayotgandek edi, goʻyo...
Gʻelon ajdodlar qadriyati, butun millat tarixi, ona yelkasida xotirjam ketayotgan qizalogʻu suratga olayotganingni sezib qolgan bolakay kulgisi boʻlib qoldi men uchun. Shahar zamonaviyligidan ancha uzoq, lekin qalbdagi xotiralarga juda yaqin qishloq edi u.
Xolida MUSULMONOVA,
Oyina.uz
Falsafa
Jarayon
San’at
Vatandosh
Adabiyot
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q