Bulg‘oristonlik bir tanishim “bajanak”, “baldiz” so‘zlarini bulg‘orlar ham ishlatishini aytgandi. Ba’zi turkiy lahjalarda boja, ya’ni opa-singil yoki qarindoshlarga uylanganlarga nisbatan “bajanak” deyiladi, “boldiz” esa o‘zbek tilida ham, “xotinning singlisi, qayinsingil” ma’nosiga ega. Bulg‘orlarda ham “badjanak” – boja, “baldiz” – xotinning singlisi, boldiz ma’nolariga ega ekan.
Hozirgi bulg‘orlar qadimgi bulg‘or turklarini o‘zlarining ajdodlari deb bilishadi. Ularga nafaqat “bulg‘or” nomi, balki qadimgi bulg‘or turkchasidagi ko‘pgina so‘z-o‘zaklar ham meros bo‘lib qolgan. Bundan tashqari, Usmonli davlati tarkibida kechgan besh asrlik davr mobaynida bulg‘or va boshqa bolqon xalqlari tillariga usmonli turkchasidan ko‘plab turkiy so‘zlar o‘tgan. Shunday qilib, hozirgi bulg‘or tili slavyan tillari oilasiga kirsa-da, tagzaminida turk tili yotadi.
“Badjanak”, “baldiz” so‘zlari bulg‘or tiliga, bizningcha, qadimgi bulg‘or turkchasidan emas, keyinchalik, usmonli turkchasidan o‘zlashgan. Chunki usmonli turkchasida “boja” – “bacanak” (“bajanak”), “qayinsingil, boldiz” – “baldiz” shaklida ishlatiladi. Afsuski, “boldiz” hozirgi o‘zbek tilida tobora iste’moldan chiqib, o‘z o‘rnini “qayinsingil”ga butunlay bo‘shatib bermoqda.
“Этимологический словарь тюркских языков” lug‘atida “bajanak”ning qadimiy shakli “ba:ja” (birinchi bo‘g‘in unlisi cho‘ziq) bo‘lganligi aytiladi (ESTYA. II. 24-bet). Demak, bu so‘zning “bajanak” emas, “boja” shakli qadimiyroq ekan. “Bajanak” (“bajanaq”, “bajinaq”, “bajinah”, “pajanak” va hokazo) esa – “ba:ja” so‘ziga “-(a)naq” qo‘shimchasini qo‘shish bilan yasalgan va bu qo‘shimcha kichraytirish ma’nosiga ega bo‘lishi mumkin. Bizningcha, “bajanak” deyish ko‘proq o‘g‘uz lahjasi, xususan, turk, ozarboyjon, gagauz (ko‘ko‘g‘uz) va boshqa g‘arbiy turk tillariga xos, ular orqali bu so‘z fors, arab, arman, bolqon xalqlari, xususan, bulg‘or, serb, xorvat tillariga ham o‘tgan. Tojik tilidagi “bocha” esa, bizningcha, o‘zbek tilidan o‘zlashgan.
Shuningdek, o‘zbek va tojik tillarida opaning yoki yaqin qarindoshning eriga nisbatan “pochcha” (“pochcho”) so‘zi ishlatiladi (shevalarda: “bәchchә”, “guyәv pәchchә”, “kuyәv pәchchә”, “jezdә”, “jezzә”, “yezdә”, “yazna”). “Этимологический словарь тюркских языков” lug‘atidan ko‘rinadiki, “boja” so‘zi ba’zi turk xalqlari tillari, shevalarida “paja”, “pacha”, “pachanak” kabi shakllarda ham qo‘llanadi. Ba’zi shevalarda esa bu so‘z “kuyov”, “opaning eri” ma’nolariga ega. Shu nuqtayi nazardan qaralsa, mazkur jihatlar “pochcha” ham “boja” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin, degan taxminga olib keladi.
“Boja”, “bajanak” so‘zlari etimologiyasi xususida ba’zi mutaxassislar bu so‘z asosida qadimgi turkiydagi “singil” ma’nosidagi “baji” yotadi, degan fikrni bildirgan. “Bajanak”, “boldiz” so‘zlari “Devonu lug‘otit-turk”da ham bor. Mahmud Koshg‘ariy “boldiz”ga “Devon”da shunday izoh beradi: “baldїz – xotinning singlisi. Erning singlisiga “baldїz” deyilmaydi, “singil” deyiladi” (DLT. I t. T:1960. 426-bet).
“Devonu lug‘otit-turk”da “bajanak” so‘zi ham uchraydi. Ammo u “Devon”da “boja” ma’nosida emas, balki o‘g‘uz turklarining yigirma ikki urug‘idan birining nomi sifatida tilga olinadi: “o‘n to‘qqizinchisi: bӭǰӭnӭk – bajanaklardir. Ularning tamg‘alari shunday...” deyilib, tamg‘aning shakli keltiriladi (DLT. I. 90-bet). Boshqa bir o‘rinda esa Koshg‘ariy bajanaklarni Rumga (Vizantiyaga) eng yaqin joylashgan qabila sifatida tilga oladi: “Rumgacha cho‘zilgan bulg‘ar, suvar, bejeneklar tili bir xildagi so‘zlarning oxiri qisqartirilgan bir turkchadir” (DLT. I. 66-bet). Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, Mahmud Koshg‘ariy nafaqat tilchi olim, balki o‘z davrining boshqa ilmlari, xususan, jug‘rofiyadan ham yaxshi xabardor, turklar yashaydigan ko‘p o‘lkalarni kezgan jahongashta alloma edi. Shuning natijasi o‘laroq, u turkiy xalqlar yashaydigan hududlarni qamrab olgan xarita ham yaratib, uni “Devon”ga ilova qilgan (Xarita pastdagi rasmda). Mazkur xaritada ham bajanaklar eng g‘arbiy chegara – ruslar, saqoliblar (slavyanlar) va faranglar (ovro‘paliklar) bilan yonma-yon hududda ko‘rsatilgan. Bu esa Koshg‘ariyning XI asrda bajanaklar qaysi hududda yashaganlari haqida to‘g‘ri tasavvurga ega bo‘lganligidan darak beradi.
Xo‘sh, bajanaklar qanday qilib Sharqiy Ovro‘pada paydo bo‘lib qoldi? Tarixchilarga ko‘ra, o‘g‘uzlarning bir bo‘g‘ini bo‘lgan bajanaklar IX asrgacha Orol dengizi, Sirdaryoning Orolga quyilish havzasi hududlarida yashagan. IX asrga kelib esa o‘g‘uzlarning boshqa urug‘lari tomonidan siquvga olingan bajanaklar Volga bo‘ylariga ko‘chib ketadi va keyinchalik Qora dengizning shimoliy hududlarini zabt etadi. Rus yilnomalari, Ovro‘padagi tarixiy hujjatlarda bajanaklar – “pecheneglar” deb qayd etilgan. Kiyev Rusi davrida Vizantiya va Kiyev Rusi o‘rtasida mavjud bo‘lgan “Varyagdan Yunongacha” atalmish savdo yo‘lida bajanaklar yunonlar va ruslar o‘rtasida muhim vositachilik rolini o‘ynaydi. Keyingi asrlarda bajanaklar Sharqiy Ovro‘pa xalqlari, xususan, hungarlar va boshqa xalqlar tarkibiga singib ketib, ko‘pgina xalqlar etnogenezida ishtirok etadi. Shuningdek, bajanaklar Sharqiy Ovro‘padagi gagauz (ko‘ko‘g‘uz) xalqi ajdodlaridan hisoblanadi. Ovro‘pada bajanaklar juda ko‘p tarixiy iz qoldirishgan, bajanak yoki pecheneg bilan bog‘liq talaygina joy nomlari, so‘zlar yasalgan.
O‘g‘uzlarning bu urug‘i nomining kelib chiqishi haqida ko‘pchilik mutaxassislar, xususan etimologiya ilmining yirik vakili M.Fasmer ham uning yuqorida tilga olingan “boja” ma’nosidagi “bajanak” bilan bir so‘z ekanligini ta’kidlaydi. Ya’ni, bajanak yoki, ruscha aytganda, pecheneg – “boja” demakdir.
Abduvohid HAYIT
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q