Jamiyatda badiiy did, estetik tafakkur haminqadar bo‘lsa, millat hech qachon yuksalmaydi – akademik Akbar Hakimov


Saqlash
14:07 / 18.08.2022 1842 0

Akademik Akbar HAKIMOV bilan suhbat

 

– Akbar Abdullayevich, sizning ilmiy faoliyatingiz O‘zbekiston amaliy va tasviriy san’atiga bag‘ishlanganini bilamiz. Ayni mavzuda yozgan maqola va kitoblaringiz nafaqat yurtimiz, balki xorijda ham yaxshi ma’lum. Keling, musohabani amaliy san’at mavzusidan boshlasak. Ushbu san’at o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra sanoyi nafisaning boshqa turlaridan tubdan farqlanadi: ya’ni u odam bolasining nainki ma’naviy, balki moddiy ehtiyojlari sabab ham vujudga kelgan. Aytaylik, o‘tmishda choy qaynatish uchun choydish, qumg‘on, oftoba va yana o‘nlab ashyolardan foydalanilgan; ajabki, bularning bari hozir ko‘zga surtiladigan noyob eksponat sifatida qadrlanadi. Xuddi shu fikrni gilamdo‘zlik, kashtachilik, kandakorlik, pichoqchilik, zargarlik va boshqa yo‘nalishlar borasida ham aytish mumkin. Bundan tashqari, amaliy san’at – iqtisodiyot degani hamdir: har bir moddiy yaratiq bozorga chiqadi, tovarga aylanib, kimningdir ehtiyojiga yaraydi. Demak, ikki qutb o‘rtasidagi bu nozik san’atga turfa rakurslardan qarasa bo‘ladi. Ko‘p yillardan buyon shu sohani chuqur o‘rganayotgan olim nazdida bu san’atning asl mohiyati nimada ko‘rinadi?

 

– Savolingizga javob berish uchun dastlab olis o‘tmishga nazar tashlasak. Mamlakatimizning janubiy hududlarida joylashgan Sopollitepa, Jarqo‘ton singari tepaliklardan qadimgi mis davriga oid – ikki ming yilcha muqaddam yaratilgan amaliy san’at ashyolari topilgan. Milliy amaliy san’at muqaddimasi o‘sha davrlardan boshlanadi, desak xato bo‘lmaydi. Umuman olganda, O‘zbekiston san’ati tarixida qadimgi asrlardan to bugungacha mansub bo‘lgan ashyolarning qariyb 7080 foizini amaliy san’at buyumlari tashkil etadi. Demak, azaldan bu san’at insoniyatning turmush tarzi, maishiy hayotida g‘oyat muhim o‘rin tutgan.

 

To‘g‘ri, amaliy san’at an’analari bizda qadimgi davrlarga borib taqaladi. Lekin badiiy hunarmandchilikning hozirgi asosiy maktablari va markazlari xonliklar zamonida shakllangan. O‘tgan vaqt mobaynida turfa tuzumlar, ijtimoiy-madaniy evrilishlar san’atning bu turiga ham ma’lum tahrirlar kiritdi. Xususan, XIX asrning ikkinchi yarmida Turkistonda Chor Rusiyasi hukmronligi o‘rnatilgach, kundalik hayotga fabrika mahsulotlari kirib keladi. Bozorlarda chinni idishlar, turli gazlamalar paydo bo‘ladi; matosozlar, ustalar sun’iy bo‘yoqlardan foydalana boshlaydi, natijada, amaliy san’atning tabiiy jozibasiga putur yetadi.

 

Bundan o‘ttiz yillar burun Londonga safar qilgan edim. Esimda, yuzlab galereyalar joylashgan mashhur Bond ko‘chasini kezar ekanmiz, hamrohim bo‘lmish ingliz olimidan “Bu yerda Markaziy Osiyoga bag‘ishlangan galereya bormi?” deb so‘radim. U tasdiq ishorasini qildi va meni bir joyga boshlab bordi. U yerda sotilayotgan amaliy san’at asarlari xorijlik sayyohlar o‘rtasida ancha talabgir ekan. Oldi-sotdi jarayonini zimdan kuzatarkanman, bir ingliz ayoli sotuvchidan XIX asrning 70-yillariga qadar ishlatilgan Buxoro so‘zanasini qidirayotganini aytdi. Sotuvchi sakkiz ming funtli so‘zanani ko‘rsatdi. Ayol savdolashib o‘tirmay shartta pulni sanadi-da, matohni olib yo‘liga ravona bo‘ldi. Men haligi tujjorni sekin savolga tutdim: “Nega savdolashmay olib ketdi? Chakana pul bermadi-ku, axir!” Savdogar miyig‘ida kulgancha javob qildi: “Janob, bu ayol ham biz kabi sotuvchi. U mendan sakkiz mingga olgan so‘zanani asli buxorolik bo‘lgan arab shayxlariga ikki barobar narxga pullaydi”. “Nega aynan XIX asrning 70-yillarigacha bo‘lganini oldi?” deya so‘roqni davom ettirdim. Tujjorning javobi baayni kutganimdek bo‘ldi: “Chunki o‘sha davrgacha Buxoro kashtalari tabiiy bo‘lgan, rus mustamlakasidan keyin sun’iy bo‘yoqlar urfga kirgan. Ovrupoliklar va arablar esa doimo asl narsalarni qadrlaydi”.

 

Ayon bo‘ladiki, o‘zbek amaliy san’ati xonliklar zamonida mumtoz darajaga yetgan. Hatto ruslar kirib kelgach ham, to o‘tgan asrning sovet hukumati o‘rnatilgan 20-yillarigacha milliy xususiyatlar va mahalliy o‘choqlar saqlanib qolgan. Sovet davriga kelib, xususiy mulkchilikka barham beriladi, natijada usta-yu hunarmandlar yasagan buyumlarini bozorga olib chiqish imkonidan mahrum bo‘ladi. Fabrikalar ishga tushadi. Shu tariqa amaliy san’atning milliy maktablari barham topadi. Ushbu san’atga berilgan navbatdagi zarba shu bo‘ldiki, 1961-yili mamlakatimizda biryo‘la uch idora: yengil sanoat, mahalliy sanoat va maishiy xizmat vazirliklari tashkil etiladi. Bu tashkilotlar respublika hududida qo‘l mehnati ila yaratilgan barcha ashyolarni to‘liq nazoratga oladi. Xususan, Toshkentda faoliyat ko‘rsatgan Badiiy dizayn konstruktorlik byurosi degan hukmfarmo organ amaliy san’at buyumlarini bir xil standartga soladi; ne tongki, ijodiy individuallik va o‘ziga xoslik yo‘qoladi.

 

Istiqlol yillarida mustabid tuzum davrida boy berilgan milliy qadriyatlar qatori amaliy san’atning ham mumtoz an’analarini tiklash, hunarmandlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga jiddiy ahamiyat qaratildi. Avvalo, sohaga iqtisodiy poydevor qo‘yildi; so‘ng ijtimoiy himoyaga e’tibor berildi, Badiiy akademiya tashkil topdi. Xususiy mulkchilikka keng yo‘l ochildi: marhamat, bozor seniki – o‘zing yasab, o‘zing sotaver! Biroq hamma zamonning ham past-balandi bo‘lganidek, berilgan imkoniyatlarni suiiste’mol qiluvchi hunarmandlar ham topildi. Azbaroyi sayyohlarga yoqish, mo‘may daromad orttirish ilinjida milliy brendni shior qilib, bachkana buyumlar yasash urchib ketdi. Amaliy san’atning tijoratga do‘nishi muayyan darajada badiiyat, estetik nafosatning yo‘qolishiga sabab bo‘ldi.

 

Endi savolning ikkinchi qismiga kelsak, darhaqiqat, san’atning bu turi ham ijodiy, ham tijoriy jabhani o‘z ichiga oladi. Bu borada san’at va hunarmandchilikni bir-biridan farqlash lozim: masalan, kundalik turmushda ishlatiladigan bolta, ketmon kabi ashyolar shunchaki hunarning natijasi, xolos. Lekin taom tortiladigan laganga chiroyli ishlov berib, naqsh-u nigorlar ila bezatilsa san’at asariga aylanadi. Ro‘zg‘or uchun zarur dov-dastgohlarni yasaydigan usta-yu kosib, duradgor-u temirchilarning mehnatini kamsitish fikridan yiroqmiz. Biroq har qanday moddiy yaratiq san’atga aylana olmasligini tushunmog‘imiz kerak. Shu bois badiiy hunarmandchilik istilohini ishlatamiz, ya’ni hunarda badiiy did zuhur etsagina ijodiy asar sanaladi.

 

Hozirgi globallashuv davrida millatning o‘ziga xos qiyofasini saqlab qolish, uni dunyo madaniy jamoatchiligiga ko‘rsata bilishda ushbu san’at beqiyos o‘rin tutadi. Qolaversa, amaliy san’at o‘tmishdagi go‘zal qadriyatlarni kelajak avlodga bezavol yetkazadi, mamlakatning moddiy va ma’naviy farovonligiga xizmat qiladi.

 

2019-yili yurtimizda ilk bor xalqaro miqyosdagi amaliy san’at festivali o‘tkazildi. Jahonning o‘nlab mamlakatlaridan kelgan sayyohlar, san’atshunoslar O‘zbekistonda sohaning barcha turlari mumtoz an’analar ruhida qayta rivojlanayotgani, bu borada ham iqtisodiy, ham ijodiy poydevor qo‘yilganini qayd etishdi.

 

– Yaqinda “San’atda gedonizm falsafasi” nomli tadqiqotingizni qiziqish bilan o‘qib chiqdim. Mazkur istiloh chinakam san’at asarlaridan zavqlanish, rohatlanish, tom ma’noda go‘zallikni tuyish ma’nosini anglatar ekan. Hodisaning ikki ko‘rinishini farqlagansiz: inja hissiyotlarni uyg‘otuvchi etik va uning ziddi bo‘lgan qo‘pol gedonizm. San’atning elitaga mo‘ljallangan klassik janrlari – opera, balet, simfonik musiqa, teatr, mualliflik kinosidan olinajak hayrat-u hissiyotlar etik gedonizmga xos. Keyingisi sanoyi nafisaning tijoriylashuvi, bozor talablari va omma ehtiyojlariga moslashuvi bilan bog‘liq bo‘lib, bu hol allaqachon kurrai zaminni ostin-ustun etayotir. Taassufki, bugungi omma turfa seriallar, kliplar, shoular, “xontaxta” filmlarga, ya’ni gedonizmning dag‘al shakliga tutqun. Foydaxo‘r tujjorlar esa insoniyatning estetik did-tamizini o‘ldiradigan “asar”lar oldi-sotdisi bilan ovora. Nima ham derdik, bir yog‘i ijod erkinligi, ikkinchi tomondan bozor qonuniyati! Boz ustiga, haqiqiy san’at – ommaviy hodisa emas; “san’at – san’at uchun” degan ko‘hna aqidada jon bor. Jamiyatda, yoppasiga bo‘lmasa-da, asl san’atdan lazzatlanadigan, saviyasi baland insonlar ulushini ko‘paytirish uchun nima qilmoq lozim? Bu borada san’atshunoslarning vazifasi nimalardan iborat?

 

– Gedonizm atamasi qadimgi Yunonistonda paydo bo‘lgan. Ko‘pgina ijtimoiy-gumanitar fanlar singari san’atshunoslikdagi asosiy tushuncha va mezonlarning shakllanishiga ham yunon faylasuflari, xususan, Pifagor, Heraklit, Demokrit, Arastu, Suqrot va boshqalarning qarashlari katta ta’sir ko‘rsatgan. “Gedonizm”ni “maishat estetikasi” deb tarjima qilsak to‘g‘ri bo‘ladi. Kengroq sharhlaydigan bo‘lsak, bani odam azal-abaddan ruhiy iztiroblar, azob-u qiynoqlardan xalos qiladigan, taskin beradigan ta’limotlar, ilohiy kuchlarga ehtiyoj sezgan va bunda din asosiy omilga aylangan. Masalan, buddaviylik dinida “Dard haqida to‘rt buyuk haqiqat” degan tushuncha mavjud. Buddaning fikricha, botindagi azobu og‘riqlar xohish-u hissiyotlardan tug‘iladi; odam bolasida avvalo nedir istak uyg‘onadi va u shunga erishmoq uchun mashaqqat chekadi, dard yuqtiradi. Bundan forig‘lanishning yagona yo‘li – hissiyotlarni o‘ldirishdir.

 

Haykaltaroshlikda Budda uch xil tasvirlangan: birinchisida, u tik turgan holda qo‘lini baland ko‘tarib, g‘oyalarini ommaga yetkazmoqda; keyingisida o‘tirgan, ya’ni yoga pozasida namoyon bo‘ladi (“yoga” so‘zining lug‘aviy ma’nosi zo‘rlik, zo‘ravonlik ila hissiyotlarni mahv etish demakdir); yana birida esa uni yotgan holatda ko‘ramiz – buni ba’zilar jonsiz vujud deb talqin qiladi, aslida hislarini o‘ldirgan Budda barcha azoblardan forig‘lanib, yengil tin olmoqda. O‘zbekistonning janubiy hududlaridan topilgan haykallarga e’tibor qaratsak, ularning nigohi, qiyofasida ifoda ko‘rinmaydi – bu, shubhasiz, Buddaning tuyg‘ularni yengish haqidagi falsafasiga asoslanadi. Ellinizm davri madaniyatida esa buning aksi: bu davrga mansub haykaltaroshlik asarlarida kulgi, yig‘i va boshqa holatlar aks etadi. Xususan, qah-qah urib kulayotgan masxaraboz haykali fikrimizning yorqin dalilidir.

 

Buddaviylikdagi falsafiy qarashlar yunon mutafakkirlari g‘oyalariga ham mos keladi. Masalan, Epikurning “ataraksiya” (“dardsiz hayot”) degan ta’limotiga ko‘ra, inson chinakam san’at asarlaridan rohatlanib, estetik zavq tuyganida, ruhini ezayotgan qiynoqlardan qutuladi, qalbida sakinat paydo bo‘ladi. Yuragida go‘zallik nish urgan odamdan esa yomonlik chiqmasligi ayon.

 

Islom dinida ham bu kategoriya muhim o‘rin tutadi. “Olloh go‘zal va go‘zallikni sevadi” degan mashhur hadisni eslang. Gedonizm sanoyi nafisa orqali inson botini, shuurida nozik kechinmalarni uyg‘otadi; go‘zallikning oliy darajasiga oshno etadi.

 

Bu – etik gedonizmga xos holat. Biroq qalbdan ko‘ra nafsi ammorani qitiqlaydigan, estetik diddan ko‘ra o‘tkinchi mayllar-u chuchmal tuyg‘ularga erk beradigan ikkinchi tur ham borki, tarozi pallasida u og‘ir kelsa, ma’naviy-ma’rifiy muvozanat izdan chiqdi deyavering.

 

Mashhur aktyor Al Pachino ishtirok etgan “Chorak” filmini ko‘rgandirsiz. Qariyaning huzuriga po‘rimgina nabirasi kelib, “Bobo, yigirma besh sent bering, kinoga boraman”, deydi. Chol bu pulni topish uchun mehnat qilish lozimligini aytib, nabirasiga bir talay topshiriq beradi. Bola oyog‘ini qo‘liga olib, hamma aytilganlarni bajaradi va va’da qilingan aqchani oliboq kinoteatrga chopadi. Ammo kassir soatga ishora qilib deydi: “Soat beshdan keyin chipta narxi ellik sentga chiqqan, bu puling yetmaydi”. Bola bo‘shashib-shalvirab qaytib keladi va bo‘lgan gapni bobosiga aytadi. Shunda donishmand qariya (Al Pachino) bunday deydi: “Sening kinoga talpinishing istak emas, xohish natijasi edi. Odamning istagi belidan yuqorida, xohishi esa belidan pastida bo‘ladi”.  Gedonizmning ikki turini farqlab olish uchun ajoyib misol bu. Yuksak san’at qalb-u shuurga quvvat beradi; tuban tomoshalar esa, qariya aytmoqchi, beldan pastga ta’sir qiladi, xolos.

 

Taassufki, dunyo sahnasi tiyiqsiz mayllarga xizmat qilayotgan konsert, shou, klip kabi san’at niqobidagi tomoshalarga to‘lib yotibdi. Katta bir industriya pichiritqi istag-u ehtiroslarni qo‘zg‘aydigan beparda narsalarni pullayotir. Shu o‘rinda Jeyms Joysning “Ikki narsa san’at emas: didaktika va pornografiya” degan fikri yodga keladi. Ziyoli inson-ku haqiqiy san’at nimaligini biladi, omma-chi? Bir necha yil burun “xontaxta” deb ataluvchi xususiy filmlar urchib, asablarimizni egovlagan, ma’naviyat daryolarini yetarlicha loyqalatgan edi. Ular-ku kamaydi-ya, lekin o‘rnini seriallar egalladi. Kecha tijoriy kinolardan yozg‘irib, arz-u dod qilgan bo‘lsak, bugun turfa seriallar qutqusidan himoyalanish masalasi kun tartibiga chiqdi. Ijtimoiy, tarixiy mavzudagi jiddiy seriallar yaratilsa, nur ustiga nur bo‘lardi. Chunki xalqimiz hozircha turk, koreys seriallarini qiziqish ila tomosha qilyapti. Achinarlisi, o‘sha millatlar tarixini o‘zimizning tarixdan yaxshiroq biladi. Biz olimlarning asosiy vazifamiz – birinchi navbatda, xalqqa buyuk o‘tmishimizni anglatishdir, chunki tarixiy xotirasiz na adabiyot, na san’atni targ‘ib qilish mumkin. Men Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi dasturi va konsepsiyasini ishlab chiqishda qatnashyapman. Islom sivilizatsiyasi deyilgan bo‘lsa-da, islomgacha bo‘lgan davrlar madaniy yodgorliklarini o‘rganish ham maqsad qilingan. Bu juda muhim loyiha, chunki keyingi vaqtlarda biz tariximizni ancha chegaralab qo‘ydik. Yoshlarga qadim o‘tmishdan so‘zlasangiz, “Ustoz, tariximiz masjid-u madrasalar qurilgan davrdan boshlangan deb yurardik”, deyishadi hayratga tushib. Avvalo, yoshlar ongidagi ana shu bo‘shliqni to‘ldirish lozim.

 

Kamina badiiy ijod bilan ham shug‘ullanaman. Yaqinda “Ipak saltanatlari” nomli tarixiy romanim nashrdan chiqdi. Kitobda Buyuk ipak yo‘li tutashtirgan Xitoy, So‘g‘d, Vizantiya, Eftaliylar mamlakati va Turk xoqonligi bilan bog‘liq voqealar tasvirlanadi. Maqsadim – xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga naqadar boy va uzoq o‘tmish, madaniy sivilizatsiyaga ega ekanimizni anglatish...

 

– Adabiyot va tasviriy san’at ahli azaldan bir-birini qo‘llab-quvvatlagan, do‘st-u birodar tutingan. Hazrat Alisher Navoiy bu borada ham yuksak namuna ko‘rsatganlar. Ulug‘ shoirning murabbiy va muqavviyligi ostida Hirot miniatyura maktabining taniqli vakillari yetishib chiqqan. Hazrat kabi himmat ko‘rsatib, musavvirlarga pushtipanoh bo‘lmoqqa har kim ham qodir emas-ku, ammo bugun adibning rassom, rassomning esa adib ijodiga qiziqmasligi, bu ikki san’at o‘rtasida tushuniksiz to‘siq paydo bo‘lganiga nima deysiz? Deylik, badiiy asar taqdimotiga mo‘yqalam ustalari kelmaydi va aksincha – tasviriy san’at ko‘rgazma-yu tadbirlarida adabiyot ahlini uchratmaysiz. Ko‘zga ko‘ringan musavvirlarimizdan biri Shavkat Rahmonning “Aylanar ko‘k osmon yoyilmasida / Bahaybat suvlarning gulduroslari” misralarini o‘qib, “Eh, tasvirning tiniqligini qarang, shunday go‘zal peyzaj ishlasa bo‘ladi-ya! Taassuf, biz bir-birimizning ijodimizni kuzatmay qo‘ydik” deya o‘kingan edi. Domla, so‘z va rang san’atining ayro tushishi qanchalik fojiali?

 

   Katta avlod vakillari yaxshi eslaydi, o‘tgan asrning 70–80-yillarida yozuvchi, kinochi, kompozitor va rassomlar o‘rtasidagi ijodiy aloqalar ancha mustahkam edi. Go‘zal davralar, ijodiy gurunglar bo‘lardi. Bir-biridan ilhomlanib, yangi asarlar yaratishardi... O‘sha damlarni xotirga olsam, benazir Rauf Parfi, yozuvchi va san’atshunos Nodir Normatovlarning nurli siymosi ko‘z oldimdan o‘tadi. Nodirjon adabiyot-u tasviriy san’atni birdek tushunar, ikki sohani bog‘lovchi jonli robita edi go‘yo. Nazarimda, o‘shanda adabiyotda ham, san’atda ham jahon madaniyati bilan bo‘ylashish, dunyo she’riyati, rangtasvirining ilg‘or oqim-u tendensiyalarini o‘zlashtirish ruhi kuchli edi.

 

Albatta, adabiyot va tasviriy san’atning xos tabiati, ijodiy tutumlarini hisobga olish lozim. Ularning shakl-u shamoyili, ifoda vositalari farqli. Rassomlik asari moddiy namoyon bo‘lish xossasiga ega. Bo‘yoq hidi dimog‘ingizga uradi, izoh-u tarjimonga ehtiyoj sezmaysiz. Mo‘yqalam ahlini “markazdan chetga intiluvchilar” ham deyishadi – ular milliy zaminda turib, jahon madaniyati bilan robitaga kirishadi. Bu borada adabiyotning imkoniyati birmuncha cheklangan. Yuksak san’at namunasi bo‘lgan adabiy asar malakali mutarjimning qo‘liga tushib, xorijiy tillarga tarjima qilinmas ekan, milliy qobiqni yorib chiqishi amrimahol. Buni o‘z tajribamda ham kuzatganman. Chingiz Ahmarov ijodiga bag‘ishlangan monografiyani yozish jarayonida rassomning ruhiy olamini teranroq ochish uchun she’rlar ham qoraladim. Kitob rus tilida yozilayotgan edi, she’rlar esa o‘zbekchada quyilib keldi. Shunda “Nedur armon?” deya boshlanuvchi misrani ruschaga o‘girish uchun ko‘plab shoir-u tarjimonlarga murojaat qildim, biroq hech kimning o‘girmasi ko‘nglimga o‘tirmadi. Noiloj she’rni kitobga kiritmadim. O‘zimcha o‘yladim: agar rassom bo‘lganimda, armonning suratini chizardim va u hammaga birdek tushunarli bo‘lardi. Ha, so‘z san’ati ila bashar maydoniga chiqish hazilakam ish emas. Jahoniy adib Chingiz Aytmatov nafaqat asarlaridagi miqyos va ko‘lam, fazoviy kenglik tufayli, balki rus tilida yozgani sababli ham dunyo darajasidagi yozuvchi sifatida e’tirof qozongan, deb o‘ylayman.

 

Ayni choqda, adib va rassomlar bir-birining ijodini mutlaqo kuzatmaydi desak, insofsizlik bo‘lar. Masalan, musavvir Akmal Nurning ko‘rgazmalari shoir-u yozuvchilar bilan gavjum o‘tadi. Sababi, uning ijodida poetik ruh, lirik ifoda, shoirona obrazlar yetakchilik qiladi. Xuddi shu fikrni O‘zbekiston xalq rassomi Alisher Mirzo ijodiga nisbatan ham aytish mumkin. Bugun so‘z va rang san’ati parallel rivojlanayotganiga qaramay, takror aytish ortiqcha emas: ikki soha vakillarining bir-biriga talpinishi, xayrixohligi nihoyatda sust. Buning natijasida esa ne-ne go‘zal asarlar tug‘ilmay turib nobud ham bo‘layotgandir balki...  Axir, jahon adabiyotida rangtasvir asarlaridan, tasviriy san’atda esa adabiyotdan ilhomlanib yaratilgan o‘nlab durdonalar bor-ku!

 

Masalaning yechimi qanday, dersiz. Ularning boshini qovushtirish uchun qandaydir majburiy chora-tadbirlar ko‘rish yoki rasmiy idoralarni ishga solish noravo. Ko‘ngil odamlarini bu taxlit birlashtirib bo‘lmaydi. Ijod ahli fikr doirasini kengaytirmas, biqiq qarashlarini o‘zgartirmas ekan, vaziyat o‘zgarmay qolaveradi...

 

– “Rangtasvir adabiyotdan yuz yil ilgarilab ketdi”, deb yozadi abstraksionizmning taniqli namoyandasi Jan Dyubyuffe. Unga ko‘ra, “Rangtasvirda shakl boshdan-oyoq yangilanib bo‘ldi, adabiyotda esa bu jarayon sezilarli emas. Tasviriy san’at mudom shakliy yangilanish bilan uzviylikda rivojlangan”. To‘g‘ri, farang rassomi o‘z sohasiga birmuncha yon bosgandek. Shu bois bu xulosaga aksariyat shoir-u adiblar qo‘shilmasligi mumkin. Milliy va jahon tasviriy san’ati tarixi, zamonaviy jarayonlarini puxta biladigan olim o‘laroq bu masalaga munosabatingiz qanday? Tasviriy san’at adabiyotdan shu qadar ildamlab ketgani rostmi?

 

– Bu savolga javob berish uchun ham qadimgi Yunonistonga qaytishga to‘g‘ri keladi. Arastuning “mimesis” – “tabiatga taqlid” nazariyasi XX asrning boshlariga qadar jahon san’atida hukmronlik qildi. Ijodkor tabiatdagi bor narsani yaratadi, istaydimi-yo‘qmi, unga taqlid qiladi, degan qarash ustuvor edi. Arastuning sigir haqidagi mashhur misolini eslaylik: bu jonivor uzunligi 200 stadiya (4 kilometr) bo‘lishi mumkin emas, san’atda bor hodisani boricha tasvirlash kerak – bu fikr realizmning ibtidosi bo‘lib, turli davrlarda bunga qarshi chiquvchilar topilsa-da, sanoyi nafisaning mohiyati shunday tasavvur qilindi.

 

XX asr boshida Yevropa ilmiy va badiiy tafakkurida inqilobiy o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Buning o‘ziga xos sabablari bor edi: ilk jahon urushining boshlanishi, atomning parchalanishi...  XIX asr oxirigacha G‘arb musavvirlari atomni bo‘linmas zarra deb hisoblagan. Yangi asr boshida bu qarash o‘z kuchini yo‘qotgach, rangtasvirda shiddatli “sakrash” kuzatildi: Pablo Pikasso, Salvador Dali, Jorj Brak kabi rassomlar ijodi tasviriy san’atda tub yangilanish yasadi. Atomning parchalanishi – borliq, dunyoning parchalanishiga o‘xshardi. Demak, birbutun, yaxlit hodisa yo‘q, hamma narsa vaqti kelib yemirilishga mahkum. Natijada, “parchalangan ong” degan qarash vujudga keladi. Bu, ta’kidlaganimizdek, tasviriy san’atning shakl borasida ancha ildamlab ketishiga sabab bo‘ladi. Jan Dyubyuffe ham boyagi fikrlarni, ehtimol, shu nuqtayi nazarga tayanib aytgandir.

 

Shundan buyon rangtasvir shakliy yangilanishdan to‘xtagani yo‘q. Chunki insoniyat fikratida parchalanish jarayoni davom etmoqda. Atrof-javonibdagi talotumlar, qirg‘in-u muhorabalar, balo-yu ofatlar tufayli bani odamning birdamlik, yaxlitlik haqidagi qarashlari, estetik ideallari tanazzulga uchramoqda. Hozir ko‘p insonlarning o‘y-xayollari tarqoq, assotsiativ fikrlash yo‘qolib boryapti. Psixologiyada geshtalt degan tushuncha bor, bu – shuurimizdagi narsalarni yaxlit obraz sifatida tasavvur qilish ko‘nikmasini anglatadi. Masalan, men sizga “sabzi, piyoz, guruch, yog‘” desam, osh nazarda tutilayotganini darhol fahmlaysiz. Demak, siz olmoncha ibora ila aytganda, geshtaltni yopa oldingiz. Kimdadir bu xususiyat yo‘q.  Aytmoqchimanki, fikr, ongdagi evrilishlar zamonaviy jahon rangtasvirining ilg‘or harakatini yuzaga keltirmoqda. Balki shu jihati sabab adabiyot bilan poygada g‘olib chiqayotgandir.

 

Barcha san’atlarning mohiyatida mazmun turadi, adabiyot va tasviriy san’atning “kurash”i esa shaklga asoslanadi. Bu borada turfa xil qarashlar mavjud. Xususan, Yevropa va Rossiya postmodernizm san’ati shaklni inkor etadi, ular uchun g‘oya birlamchi. Zamonaviy o‘zbek musavvirlari Bobur Ismoilov, Jamol Usmonov, Murod Qoraboyevlar garchi Sharq postmodernizmi an’analaridan ilhomlanib ijod qilayotgan bo‘lsa-da, badiiy shakldan voz kechmaydi. Demak, shakl ham milliy mentalitet, xarakter bilan bog‘liq ekan. Fikrimcha, san’at turlari o‘rtasida bunday raqobatning bo‘lishi tabiiy hol. Bir san’at muayyan zamonda boshqasidan o‘zib ketsa, bundan fojia yasamaslik kerak.

     

– Bilamizki, ahli ilm tabiatan og‘irkarvon, vazmin keladi, behuda piar-u olashovurlardan qochadi – aslida shunday bo‘lgani ma’qul. Zotan, olimning rutbasi ana shu jiddiyatida ham aks etadi. Olomonning uzundan-uzoq mantiqsiz vaysashi bitta fozilning sukutiga teng kelmaydi. Biroq shunday zamon yetdiki, indamay turish – oqillik emas, qo‘rqoqlik sanala boshladi. Ijtimoiy tarmoq degich hodisa hammani minbarga chiqardi. Qo‘yib bersangiz, o‘z sohangizdan “dars” o‘tishadi sizga; kezi kelganda “Falonchi olim nega munosabat bildirmayapti?” deya ayyuhannos solishadi...

 

– Bugun aksariyat yoshlar dunyoqarashi, ongi ijtimoiy tarmoqlar ta’sirida shakllanayotgani haqiqat. Achinarlisi, tuzukroq kitob o‘qimay, o‘sha saytlardagi uzuq-yuluq, tagi puch ma’lumotlarni ilm deb qabul qilayotganlar ko‘payib ketdi. Inchunin, san’at sohasida ham. Lekin bilasizki, tarmoqda asosan teatr, kino, televideniye singari ommabop san’atlar tegrasida fikr bildiriladi, chunki bunga hammaning “tishi o‘tadi”.  Ilmiy kengashlar, dissertatsiya himoyalarida ham kuzatgansiz: sahna yo ekran bilan bog‘liq tadqiqotlar bo‘lsa, zal to‘lib ketadi, savollar yog‘iladi, munozaratalab mardum ko‘payadi. San’at tarixi, Ilk va O‘rta asrlar, temuriylar davri madaniyati yoinki simfoniya, opera, maqom san’ati bilan bog‘liq murakkab mavzular bo‘lsa-chi? Hamma mum tishlab oladi, aqli yetmagan narsaga aralashib, muztar bo‘lib qolishdan qo‘rqadi. Demak, bu masalada o‘ziga xos iyerarxiya bor.

 

Kamina xalqqa fikr yetkazishning muhim minbari – televideniyeda faolman. Biror ko‘rsatuvga taklif qilishsa, bajonidil rozi bo‘laman, fikrlarimga ehtiyoj borligidan quvonaman. Tarmoqlarga juda xayrixoh bo‘lmasam-da, bir jihat ko‘ngilga taskin beradi: yoshlarning san’at haqida fikr bildirayotgani, unga befarq emasligi baribir yaxshi. Mayli, xato bo‘lsin; mayli, zaif, bahsli bo‘lsin; harqalay, go‘zallik, nafosat dunyosi atrofidagi munozaralar nekbinroq xulosaga undaydi. Eng yomoni – san’atga loqaydlik. Jamiyatda badiiy did, estetik tafakkur haminqadar bo‘lsa, millat hech qachon yuksalmaydi. San’at barcha zamonlarda inson ma’naviyati uchun zarur vosita bo‘lib kelgan... Darvoqe, Aflotun “Rassomlar, san’atkorlarni mamlakatdan haydash kerak, ular absolyut haqiqatni yaratmayapti”, deya maydonga chiqqan, ammo bu da’vatga hech kim ergashmagan. Aniqki, san’atsiz odam bolasi hayvonga aylanadi. Nafis san’at odam bolasini ezgu g‘oyalar, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalabgina qolmay, balki kutilayotgan fojialar, ulkan mahrumiyatlardan ogoh ham etadi. Pablo Pikassoning “Gernika” asari insoniyatga ogohlik qo‘ng‘irog‘i edi. Kamoliddin Behzod ham o‘z asarlarida devlar, iblislarga ko‘p murojaat qiladi va ommani nafs qutqusiga qarshi sergak turmoqqa chaqiradi. Ayon bo‘ladiki, san’atning zimmasida g‘oyat zalvorli vazifalar bor. Shunday ekan, olamga qiziqish bildirayotgan, baland-past mulohazalar aytayotgan yoshlarni malomat qilmaganimiz ma’qul.

 

– Olimning til bilmog‘i – koni fazilat. Ayniqsa, mahalliy qobiqni yorib, jahon ilm-fani bilan bo‘ylashmoq uchun xorijiy tillarni puxta bilish g‘oyat zarur. Biroq bu – ona tilingga bepisand bo‘l, degani emas. Ona tilini yaxshi bilgan odam dunyo lisonlarini ham puxta o‘zlashtirishi sinovdan o‘tgan haqiqat. Keyingi yillarda davlat tili masalasi kun tartibidan tushmadi. Qonun loyihasi tayyorlanib, hamon muhokama etilayotganidan xabaringiz bor. Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat tilini rivojlantirish departamenti faoliyat ko‘rsatayotgani, targ‘ibot ishlari olib borilayotgani e’tiborga molik. Hukumat darajasidagi ishlar, shaksiz, natija berar. Ammo til masalasi umummilliy harakatga aylanib, har bir fuqaro bu ishga o‘zini daxldor sanamagunicha, arz-u dod qilmoqda davom etaveramiz, chog‘i. Domla, ona tilimizning maqom-u martabasini oshirish, jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash uchun yana qanday sa’y-harakatlar qilmoq lozim, sizningcha?

 

– Yaqinda Abu Ali ibn Sinoning bir risolasini varaqlay turib, allomaning tirnoq haqidagi qiziq fikriga duch keldim. Unga ko‘ra, tirnoqning to‘rtta vazifasi bor: 1) barmoqlarni siqqanda kuch, muvozanatni saqlab turish; 2) yerdagi mayda-chuyda narsalarni olish; 3) yuz yoki tananing boshqa qismlarini qashish; 4) qurol. Alloma shu to‘rt funksiyani sanaydi-da, quyidagi xulosaga keladi: tirnoqning dastlabki uch vazifasi insonga, to‘rtinchisi esa hayvonga xosdir. Bu misolni keltirishdan maqsad shuki, biz ba’zida tarixdan qurol sifatida foydalanishga odatlanganmiz. Yon-atrofdagi qo‘shnilardan o‘tmishimiz buyuk, qadimiy, millat o‘laroq boshqalardan erta oyoqqa turganmiz, jahon tamaddunidagi o‘rnimiz katta degan va hokazo da’volar ila ko‘krak keramiz. Vaholanki, o‘zbekning tarixiy ildizlari yaxshi ma’lum, bu borada bahsga hojat yo‘q. Til ham xuddi shunday hodisa. Ona tilimizning buyukligi, qudratiga hech qanday shubha bo‘lishi mumkin emas. Bu tilni o‘zicha mensimay, haqir ko‘rguvchilarga birgina hazrat Navoiyning ijodi kifoya qiladi.

 

Til shundayin nozik, qalb-ruhiyat bilan bog‘liq ma’naviy hodisaki, uni ko‘r-ko‘rona targ‘ib qilish, majburlab sevdirish mumkin emas. Qo‘shni mamlakatda til patrullari paydo bo‘lib, mahalliy tilni bilmagan odamlarni yoqasidan tutib, urib-kaltaklaganini qaysi aql yo mantiq bilan oqlab bo‘ladi? Bu – tilni himoya qilish emas, shunchaki – milliy g‘urur niqobida millatni mahdudlik botqog‘iga itqitish, Ibn Sino aytmoqchi, tirnoqni hayvonga xos tarzda ishlatishdir.

 

Pandemiya kunlari bir dissertatsiya himoyasida masofaviy shaklda ishtirok etdim. Ish rus tilida yozilgan, OAK ham himoyaning rus tilida o‘tkazilishiga ruxsat bergan. Tadqiqotchi so‘zini yakunlab, munozara qismiga o‘tilgach, kuzatuvchilardan birining “millatparast”ligi tutib qoldi: o‘zbekcha savol berilsin, deya o‘shqira ketdi. Virtual jarayon emasmi, quloqlar shang‘illab, sho‘rlik dissertant ham talmovsirab qoldi. Xo‘sh, shu yo‘l bilan tilimizning obro‘sini necha gaz o‘stira oldik? O‘zbek tilini astoydil o‘rganishga intilayotgan rus millatiga mansub tanishlarim bor. To‘g‘ri, mutlaqo boshqa oilaga mansub tilni o‘zlashtirish oson emas, ba’zi so‘zlarni talaffuz qilolmay qiynalishadi. Shunda ustidan kulish o‘rniga yordam berib, qo‘llab-quvvatlasak, tilimiz rivoji, targ‘ibi uchun amaliy ish qilgan bo‘lmaymizmi? Takror aytaman, shu zaminda yashovchi har bir fuqaro o‘zbek tilini hurmat qilishi shart. Ammo buni izchillik bilan, do‘stona ruhda amalga oshirish kerakki, hech bir millat ozor chekmasin.

 

– Uyg‘onish (Renessans) davrlarida ilm-u fan, adabiyot-u san’at favqulodda taraqqiy etgani, o‘sha asrlar bani odam tafakkurining eng yuksak cho‘qqisi bo‘lib qolayotgani sir emas. Xossatan, bizda Xorazmi-yu Beruniylar asos solgan birinchi, Temur va temuriylar madaniyati bilan bog‘liq ikkinchi Renessans ne-ne buyuk kashfiyotlarni maydonga qo‘ydi. Ikki yil burun davlatimiz rahbari yaxshi niyat ila Uchinchi Renessans g‘oyasini ilgari surdi. Bu tashabbus voqelikka aylanib, jamiyat hayotining barcha sohalari Uyg‘onish fasliga yuz bursa, jahon ayvonida bizdan baxtli millat bo‘lmaydi, albatta. Bu ezgu g‘oyani ro‘yobga chiqarishda zamonaviy san’atning o‘rni qanday bo‘lmog‘i kerak?

 

– Ma’lumki, “renessans” so‘zi “qaytish, qayta tiklash” ma’nolarini anglatadi. Agar G‘arb Uyg‘onish davriga nazar tashlasak, asosiy maqsad – antik madaniyatning mumtoz an’analari, estetikasini qayta tiklash bo‘lganini ko‘ramiz. Ushbu atamani “gullab-yashnash, taraqqiy etish” sifatida ham istifoda etsa bo‘ladi. Zotan, bashariyat badiiy tafakkuri, ilm-u ijodi Mag‘rib-u Mashriq Renessansida birdek yuksaklikka erishganini takrorlashga hojat yo‘q. Shuningdek, ba’zi soha mutaxassislari o‘z yo‘nalishlarida muayyan Renessanslar sodir bo‘lganini yozishadi. Masalan, me’morchilikda bu hodisa o‘n bir bor kuzatilgan degan xulosa bor. Davlat rahbari nazarda tutayotgan Uchinchi Renessans esa universal tushuncha, uni biror soha bilan bog‘lab talqin etish noto‘g‘ri, nazarimda. Bu uyg‘onish, taraqqiyot hamma sohalar – siyosat, iqtisodiyot, adabiyot, san’at, fan, ta’lim, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, sud-huquq tizimi, madaniyat va boshqa jabhalarda yuz bermog‘i lozim, ana shunda ko‘zlangan marraga erishiladi. Prezidentimiz yana bir jihatga e’tibor qaratdi: Uchinchi Renessans – maqsad emas, vosita; biz barpo etishni orzu qilayotgan mamlakat sari olib boruvchi vosita. Renessans – ulug‘vor hodisa, huda-behuda so‘zlar, balandparvoz va’dalar ila uning qadrini tushirib qo‘ymasligimiz kerak. Uni real hodisaga aylantirish uchun har birimiz o‘z sohamizda yeng shimarib, jidd-u jahd ila mehnat qilsak kifoya.

 

Amaliy san’at misolida oladigan bo‘lsak, bu sohada ko‘hna qadriyat-u an’analarni tiklash bosqichi davom etmoqda. Endi yangi tamoyillar, ijodiy izlanishlarga kirishib, o‘zbek badiiy hunarmandchiligini dunyo brendi darajasiga olib chiqish darkor. Tasviriy san’atga kelsak, afsuski, zamonaviy o‘zbek rangtasvirida turg‘unlik kayfiyati kuchaygan. Uchinchi Renessansning talab-u mezonlariga javob berish uchun bu sohada ham jiddiy ijodiy islohotlar qilinishi, favqulodda san’at asarlari yaratilishi lozim. Muxtasar aytganda, Uyg‘onish davriga yana bir karra guvoh bo‘lmoq uchun bajarilajak vazifalar bisyor. Shunisi ayonki, ezgu niyatlar, ulug‘vor maqsadlarning ro‘yoga yoki ro‘yobga aylanish-aylanmasligi o‘zimizga bog‘liq.

 

Shohrux ABDURASULOV suhbatlashdi.

 

Tafakkur” jurnali, 2022-yil 2-son.

“Chin san’atni izlab” suhbati

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:12 / 03.12.2024 0 299
Buyuklarning “maydalik”lari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22622
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//