Saratondan omon chiqmayotgan ko'chatlar – ekish bor-u, qarov yoʻqmi?


Saqlash
15:08 / 10.08.2022 1240 0

Odatda koʻpgina tashabbuslar juda koʻtarinki ruhda, gʻayrat-shijoat bilan boshlanadi. Biroq ish oxiriga yetkazilmasdan yoki koʻzboʻyamachilik oqibatida hammasi aro yoʻlda qolib ketadi. Masalan, har yili koʻklamda millionlab koʻchatlar ekiladi, qogʻozlar toʻldiriladi va yuqori idoralarga hisobot beriladi. Shu bilan vassalom. Yozga borib nihollarning koʻpi qurib ketadi. Achinarlisi, bu jarayon oʻn yillardan buyon davom etib kelyapti. Oʻtgan yili noyabr oyi boshida mamlakatni yoppasiga qoplagan kuchli chang toʻzonidan keyin ham qatʼiy xulosa chiqarmadik.

 

“Yashil makon” umummilliy dasturiga koʻra, kelgusi besh yilda 1 milliard tup koʻchat ekish rejalashtirilgan. 2021-yil noyabr–dekabr oylarida 85 million, 2022-yil fevral-may oylarida 125 million, jami 200 million tup nihol oʻtqazilishi moʻljallangandi. Aytish kerakki, koʻchat ekish mavsumi butun respublika boʻylab davlat va jamoat tashkilotlari, keng jamoatchilik ishtirokida uyushqoqlik bilan oʻtdi. Maktab oʻquvchisiyu korxona ishchisi, mahalla faoliyu keksa otaxonlar ham bu xayrli tashabbusdan chetda qolmadi. Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasidan olingan maʼlumotlarga koʻra, rejadagidan ancha koʻp, aniqrogʻi, 213 million tup koʻchat ekilgan. Bu albatta, yaxshi. Ammo...

 

Gʻalvir suvdan koʻtarilganda ancha-muncha kam-koʻstlar koʻzga tashlanib qoldi. Xususan, fevral-mart oylarida koʻchat ekish mavsumida qoʻshib yozishlar yuz bergani, sugʻorish va parvarishlash ishlari yetarlicha olib borilmagani oydinlashdi. Hisob palatasining oʻrganishi natijalariga koʻra, hisobotlarda 6,2 million tup koʻchat qoʻshib yozilgan. 3,4 million tup koʻchat sugʻorish tizimi mavjud boʻlmagan joylarga ekilgan. 2,4 million tup koʻchat sugʻorilmagani va parvarishlanmagani oqibatida hali bahor tugamasidan qurib qolgan. 341 ming tup koʻchat tabiiy iqlim sharoitlari hisobga olinmasdan ekilgan, 65 ming koʻchat talab qilingan masofaga rioya qilinmagan holda ekilgan. Xullas, hammasini jamlaydigan boʻlsak, mavsumning birinchi yarmidayoq 12 million 400 ming tup koʻchat nobud boʻldi degani. Esiz, havoga sovurilgan mehnat, mablagʻ!

 

Ekologiya qoʻmitasi matbuot xizmatining bildirishicha, «Shoʻrtangaz» AK, Ohangaron tumani va Jizzax shaharlarida koʻchatlarni ekish va parvarishlash tizimli yoʻlga qoʻyilgani tufayli mehnat samaradorligi 90-95 foizni tashkil etgan. Taassuf bilan aytish kerakki, oldingi yillarda ekilgan koʻchatlarning 85 foizi tutib keta olmagan. Xomchoʻtlarga koʻra, bu yil ham mazkur koʻrsatkich 70 foizdan kam boʻlmaydi. Ayniqsa, mahalla hududlari, koʻp qavatli uylar oldiga oʻtqazilgan koʻchatlarda koʻproq yoʻqotish boʻlishi kutilyapti. Boshqa qarorlar va dasturlar ijrosida ham xuddi shunday holatga yoʻl qoʻyilayotgan boʻlsa, islohotlar samaradorligining necha foizligini tasavvur qilavering.

 

“Yashil makon” dasturi davlat siyosatiga aylangan bir paytda poytaxtning Chilonzor koʻchasida yoʻlni kengaytirish maqsadida kamida 7 ta daraxtga shikast yetkazilgani xabari tarqaldi. Jami 99 ta daraxtda shikastlanish xavfi aniqlangan. Shuningdek, Fargʻona viloyati ekologiya boshqarmasi xabariga koʻra, Oʻzbekiston tumani “Qirqketmon” MFYda tuman elektr tarmoqlari xodimlari 48 tup koʻp yillik qaragʻay, 9 tup shumtol va 30 tupdan ortiq mevali daraxtlarni elektr simiga tegib, inson hayoti va sogʻligʻiga xavf solayotgani vajidan noqonuniy ravishda kesib tashlagan. Bir tomondan koʻchat ekib koʻkartirolmay sarsonmiz, boshqa tomondan esa koʻp yillik daraxtlarga xoʻjasizlarcha munosabat qilinmoqda.

 

Keyingi yillarda qish-bahor mavsumida yogʻingarchilikning kamayishi, togʻlarda qor va muzlarning tezda erib ketishi natijasida mintaqamizda suv tanqisligi kuchaymoqda. Ayni paytda respublika hududining 31,4 million gektar maydoni qurgʻoqchil hisoblanadi. Orol dengizining qurishi tufayli 3 million gektarlik Orolqum sahrosi paydo boʻldi. Respublikaning qator viloyatlarida choʻllanish yuz berayotir. Bunga qarshi eng samarali usul koʻkalamzorlashtirish, bogʻ yaratish va oʻrmonzorlar barpo etishdir. Daraxtlar havoni tozalash bilan birga harorat koʻtarilib ketishining ham oldini oladi.

 

Inson bir kecha-kunduzda 5-6 litr kislorod yutib, havoga karbonat angidrid chiqaradi. Bir kishining kislorodga boʻlgan bir kunlik ehtiyojini qondirish uchun 22 ta daraxt kerak boʻlar ekan. Bitta daraxtni voyaga yetkazish uchun kamida oʻn besh-yigirma yil zarur boʻlishini hisobga olib, “Birni kessang, oʻnni ek”, degan naqlni oʻzgartirgan holda, “Birni kesmay, oʻnta koʻchatni ekib, koʻkartirib voyaga yetkaz”, deymiz.

Abdumajid AZIMOV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19260
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16135
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi