Amerikaning kashf etilishi


Saqlash
12:09 / 09.09.2021 4340 0

 

Beruniy kashfiyotlar tojini kiyishga haqli edi va uning tahliliy jarayonlarda erishgan xulosalari juda yuksak shon-shuhratga arzirdi. U yaratgan asboblar dengizchilar tomonidan ishlangan yog‘och qayiqlar emas, balki nozik kuzatishlar, aniq sonli ma’lumotlar va kuchli mantiqqa asoslangan buyuk ixtirolar edi. Beruniy darajasida boshqa ming yilliklarda hech kim Yevropa va Osiyoda, dunyo miqyosida bunday olamshumul tahliliy tadqiqotlar qilmagan.

 

Movarounnahrda ming yillar oldin yashab o‘tgan allomalar, faylasuflar va dinshunos olimlarning ilm sohasida erishgan yutuqlari bugungi kunda ham jahon afkor ommasini hayratga solib kelayotir. Shubhasiz, bu o‘ziga xos milliy g‘ururni yana ham kuchaytiradi deb hisoblayman. Buni tabiiy deb qabul qilish kerak. O‘zbekistonning aynan Markaziy Osiyo markazida joylashgani va uning qit’adagi boshqa davlatlardan ham buyukroq tarixga ega bo‘lishi bejiz emas. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo qadimdan Buyuk Ipak yo‘lida joylashgani, boy shaharlari va aholisi, texnologiya sohasidagi muvaffaqiyatlari bilan tanilgan. Bu mintaqadan jahonga taniqli alloma va mutafakkirlarning yetishib chiqishi, uning muhim taraqqiyot o‘chog‘i sifatida e’tirof etilishida bir qancha asos va omillar mavjudligini unutmaslik kerak.  

 

Mening nazarimda, kimki qadimgi Rim va yangi dunyoning tarixi va madaniyatini teran anglamoqchi bo‘lsa, birinchi navbatda Markaziy Osiyoning dunyo tarixidagi o‘ziga xos o‘rni va ahamiyatini obdon bilib olishi shart. Bu mintaqa tarixini tarixning oddiy bir qismi deb qaramaslik lozim. 

 

Shu o‘rinda ba’zi haqli savollar tug‘ilishi tabiiy. O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar dunyo xaritasida qay darajada muhim ahamiyat kasb etadi?

 

Afsuski, Markaziy Osiyo tarixi va uning afsonaviy o‘tmishi haqida Gʻarb va Sharq zaminida yashaydigan ko‘pchilik xalqlar juda kam biladi. Agarda qadimiy Afrosiyob va boshqa buyuk shaharlar quyoshda quritilgan g‘isht o‘rniga mustahkam toshdan qurilganda, millionlab sayyohlar mazkur osori atiqalarni ko‘rish niyatida yer yuzining uzoq manzillaridan tashrif buyurar edi. Komil ishonch bilan ayta olamanki, ikki daryo oralig‘ida yaratilgan nodir qo‘lyozmalar to‘lig‘icha saqlanib qolganida, bani bashar hech ikkilanmasdan odamzot aql-u zakovatidan cheksiz faxr-iftixor tuyardi. Ammo haqiqatda bunday bo‘lmadi. Natijada dunyodagi eng bilimli va zukko sanalgan insonlar ham Markaziy Osiyoning buyuk o‘tmishini inkor qilishdi yoki unga haqiqiy bahosini berishda xatoga yo‘l qo‘ydi.

 

Shundan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, Markaziy Osiyoning oltin asri mavzusiga aloqador barcha muhim manbalarni dunyoning turli tillarida, ayniqsa, ingliz tilida yuqori darajali zamonaviy nashrda chop etish eng muhim vazifalar sirasiga kiradi. Aynan shunday yo‘l tutish orqali dunyo bu mintaqa insoniyatning aqliy takomilida qanday xizmatlarni bajarganini bilib olishi va boshqalarga bildirishi mumkin. Bunga misol tariqasida Markaziy Osiyo ilm-fani tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk mutafakkir Abu Rayhon Beruniyni keltirish o‘rinlidir. Alloma 973-yili Orol dengizi yaqinida barpo etilgan Kot shahrida dunyoga kelgan. Beruniy yoshligida matematika, astronomiya, mineralogiya, geografiya, xaritashunoslik, geometriya va trigonometriya kabi fanlarni mukammal o‘rgandi. Shuning bilan birga u fors, arab tillarini, o‘rta yoshga yetganda sanskrit tilini to‘laqonli o‘zlashtirgan noyob qobiliyatli olimlardan hisoblanadi. Beruniyning eng ulkan va tengsiz kashfiyotlaridan biri dunyoning taraqqiy etgan turli hududlarida tarixiy vaqtni belgilashning me’yor tizimlarini taqqoslab chiqqanidir. Yana shuni ta’kidlash lozimki, o‘sha vaqtlarda mazkur hududlarda vaqtni belgilovchi hisob-kitob tizimlari bir-biriga mutanosib bo‘lmagani ko‘plab muammolarni yuzaga keltirar edi. Bu kabi qiyinchiliklarni bartaraf etish maqsadida Beruniy shaxmat taxtasiga o‘xshash bir asbob yaratib, bu asbob yordamida tarixiy voqealar va sanalarni bir-biriga mutanosiblashtirgan tarzda ajratib tasnif qiladi. Masalan, yahudiy, yunon va arab taqvimlari shular jumlasidandir. Bu kashfiyoti orqali alloma astronom, tarixchi va dinshunos olimlarga keng imkoniyatlar eshigini ochib berdi.

 

Abu Rayhon Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” nomli muhtasham asarida dunyoning tarixini yaratdi. Bu kabi olamshumul kashfiyotlaridan tashqari alloma yana bir bebaho kashfiyoti uchun insoniyatning cheksiz mehr-muhabbati va olqishiga loyiq deb bilayman: u Xristofor Kolumb Amerikani kashf etishidan 500 yil burun, dengiz safariga chiqmasdan turib, Shimoliy va Janubiy Amerika materiklarining mavjudligini aniqlab bergan.

 

Hali yigirma yoshga to‘lmasdan Beruniy o‘z shahrining kenglik va uzunligini hisob-kitob qilib chiqqan va boshqa hududlar uchun koordinatlarni hisoblab yig‘ib borgan. Qadimgi yunon manbalariga suyangan holda u sodir bo‘lgan yuzlab tarixiy voqealarning joylariga tegishli manbalar jadvalini yaratdi. Eramizdan oldingi 150-yilda yashab o‘tgan Klavdiy Ptolomey kabi Beruniy yerning dumaloq shaklda ekanligini isbotlagan. O‘ttiz yoshida kun davomida vaqtni aniq belgilab beruvchi ilg‘or moslamani yaratib, undan foydalanishni yo‘lga qo‘ygan. Yana uning ulkan ixtirolaridan biri yerning barcha tabiiy xususiyatlarini ko‘rsatib beruvchi, diametri besh metrli globusni yaratganidir.

 

Olimning muhim ilmiy tadqiqotlaridan biri mineralogiya sohasida bo‘lib, hali yosh paytidan boshlab nisbiy zichlik va har xil minerallarning og‘irligi bilan qiziqadi. Misol tariqasida keltirsak, oltingugurt va qo‘rg‘oshinning tabiiy xususiyatlarini tasvirlab berish bilan cheklanib qolmasdan bu ikki elementning haqiqiy o‘lchamlarini iloji boricha aniqroq o‘lchash maqsadida izlanishlarini davom ettirdi. Shuningdek, “Narsalar bu – raqamlar” asarini yozib qoldirgan mashhur yunon olimi Pifagorning asarlarini va Muhammad Xorazmiy, yana Arabiston va Markaziy Osiyoning ilg‘or olimlarining ilmiy qarashlarini puxta o‘zlashtirib olgani bois dunyo tan olgan bir qancha kashfiyotlarga zamin hozirladi. 1017-yilga kelib Beruniy ulkan iste’dodlar yurti hisoblangan Xorazm poytaxti Urganchda katta hurmat va tahsinlarga sazovor olimga aylandi. Afsuski, Beruniyning mashhur ixtirosi deb qaralgan globus katta yong‘inda yonib ketdi. Mahmud Gʻaznaviy Beruniyni o‘z saroyiga olib kelishni istadi. Shundan keyin u mashhur olimni o‘zining barcha qo‘lyozmalari bilan birgalikda Gʻaznaga yuborish haqida buyruq berdi. Ilojsiz qolgan Beruniy buyruqni nafaqat bajardi, balki o‘tgan o‘n yillikda Mahmud Gʻaznaviy boshqargan Hindiston haqida ko‘proq ma’lumot o‘rganish imkoniga ega bo‘ldi. Mahmud Gʻaznaviy Beruniyning ilmiy ishlariga kengroq sharoit yaratib berish maqsadida uni saroydan uzoqlashtirdi. Shu tariqa alloma islom va hinduizm dinlarini bir-biriga taqqoslovchi ilk kitobni yozish maqsadida Lahorga ko‘chib o‘tdi. Gʻaznaga qaytish yo‘lida u yozni hozirgi Islomobodning shimolidagi Nandana adirida joylashgan mustahkam qal’ada o‘tkazdi. Beruniy Nandanaga hech qanday asbob-uskunalarsiz, oddiygina usturlob bilan kelgani bois yerning o‘lchamini aniqlash muammosiga qaytadan duch keldi. Garchi boshqa astronomlar sinus qoidasini o‘z tajribalarida sinab ko‘rishgan bo‘lsa-da, Beruniydan oldin hech kim yer hajmini o‘lchash imkoniyatini beradigan sinus qoidasining muammosini yecha olmagan edi. Shuningdek, bu olim Yer aylanasining uzunligini ham hisoblab bergan, bu o‘lcham hozirgi kunda Yevropada ishlab chiqilgan zamonaviy asboblarda aniqlangan o‘lchamlardan atigi o‘n olti kilometr kam chiqqan.

 

Mahmud Gʻaznaviy vafotidan keyin uning o‘g‘li Mas’ud Beruniyni Gʻaznada kutib oladi va ijod qilishi uchun qulay sharoit yaratib beradi. U qolgan umrini butun ijodiy izlanishlarini o‘zida jamlagan katta asar, ya’ni “Qonuni Mas’udiy”ni yozishga bag‘ishlaydi. Mazkur asarda alloma hayoti davomida olib borgan izlanishlari va bilimlarini ifodalagan. Misol uchun, Beruniy o‘z vaqtida Quyosh qo‘zg‘almas va Yer Quyosh atrofida aylanishi mumkin deb hisoblaydi. U qisqa vaqt davomida bu taxminlaridan qaytadi va geosentrik olam haqida muqobil g‘oyasini ilgari suradi, matematiklar va astronomlardan bu g‘oyani qabul qilishni yoki rad etishni so‘raydi. Tarixshunos olimlar “Qonuni Mas’udiy”ni miloddan avvalgi va hozirgi davrdagi astronomiya sohasida yaratilgan asarlarning eng buyugi deb hisoblashi ajablanarli emas. Ammo arab tilida o‘qiy oladigan tarixchilardan farqli o‘laroq, Beruniyning “Qonuni Mas’udiy” asari hozirgi ingliz tiliga tarjima qilinganiga qaramay, bugungi kunda uni yetarlicha mashhur deb bo‘lmaydi. Beruniy aql-zakovati va idrokining o‘ziga xosligi shundaki, u bu asarida hayratlanarli kashfiyotlarni insoniyatga armug‘on etgan. Shulardan biri ummon ortida ma’lum bo‘lmagan qit’alar mavjud ekanini aytib o‘tganidir. Beruniy Nandanada mashhur jo‘g‘rofiy hududlarni aniq o‘lchab globusga joylashtiradi. Beruniy globusni qanday yaratgani bizga noma’lum. Shunisi aniqki, unga andaza zarur bo‘lmagan, lekin hozirgi fazoviy geometrik hududlarni tez rivojlantirish sohasida mutaxassis deb tan olingan Beruniy yerning xarita bo‘yicha aylanasini aniq o‘lchab, bu hududlarga tegishli barcha ma’lumotlarni aniqlagan va ayni vaqtda Afrikaning eng g‘arbidan Xitoyning eng sharqigacha bo‘lgan hududlarni, ya’ni globusning beshdan ikki qismini kashf qilgan, biroq Yer sharining qolgan beshdan uch qismi noaniqligicha qolgan. O‘n to‘qqiz ming kilometrdan iborat bu masofani tushuntirishning eng aniq yo‘li “dunyo okeani” bilan o‘ralgan Yevrosiyo yerlarida qadimgi zamondan tortib to Beruniy davrigacha yashab o‘tgan geograflar qabul qilgan nazariyalarni amalga kiritish edi. Aristotel tarbiyalagan Buyuk Aleksandr Gʻarbiy Hindiston vodiysidagi Afg‘oniston tog‘larida o‘z qo‘shinini tartibga solayotgan chog‘da xayolida o‘zining yuzaki nazariyalari mavjud edi va bu nazariyalari tufayli u “dunyo okeani”ni egallashiga butunlay ishongan, ammo buning o‘rniga ozgina yerlarni ko‘rgan, xolos.

 

Yer sathining beshdan uch qismini suvdan boshqa hech narsa tashkil etmaydimi? Beruniy dastlab bu ehtimolni yoqladi, biroq keyinchalik kuzatuv va tajribalariga asoslanib uni butunlay rad etdi. Yerning tortishish kuchi haqidagi o‘z bilimlaridan kelib chiqqan holda hattoki eng qattiq minerallar ham suvdan og‘irroq ekanini aniqladi. Uzoq vaqtlardan beri o‘zgarmay kelgan Yer kurrasini bunday suvli dunyo jiddiy o‘zgartirib yubormadimikin? U yana nima uchun bunday tortishish kuchi yer ekvatorining beshdan ikki qismini quruqlikka aylantirdi-yu, ammo qolgan beshdan uch qismi suvligicha qolib ketdi degan farazga bordi. Shu tufayli Beruniy Osiyo va Yevropa orasidagi bepoyon ummonning qayeridadir hozirgacha noma’lum bo‘lgan quruqlik yoki qit’a bo‘lsa kerak degan xulosaga keladi. Bunday mantiqiy nazariyalarni davom ettirgan Beruniy noma’lum qit’alar bo‘m-bo‘sh cho‘l-u biyobondan iboratmi yoki u yerda insonlar yashaydimi degan savolga ro‘baro‘ keldi. Bu borada u ko‘proq Nandanadagi yer aylanasi to‘g‘risidagi izlanishlari, dunyo shaharlarining geografik uzunligi haqidagi ma’lumotlari va oddiy mantiqqa asoslangan holda ish tutgani diqqatga sazovordir. U shimoldan janubgacha cho‘zilgan maydon, ya’ni hozirgi Rossiyadan to Janubiy Hindiston va Markaziy Afrikagacha bo‘lgan yerlarda o‘troq aholi yashaganini qayd etadi va bu joylar yerning qadimdan aholi yashaydigan hududlari ekanini ta’kidlagan holda noma’lum qit’a yoki qit’alar ana shu maydonning shimoli va janubidagina joylashgan yoki joylashmagani haqida faraz qiladi. Yevrosiyoning yer maydonlari taxminan yer ekvatori bo‘ylab yoyilgan va u shimoliy-janubiy tasma bilan qoplangan hamda Beruniy buni qayerdandir aniq sodir bo‘lgan kuchli o‘zgarish natijasi deb taxmin qilgan. Yer haqida erishgan bilimlari unga noma’lum qit’a qayerda joylashganligi haqidagi tasavvurni bergan. Olim bu noma’lum yer qismlari Yevrosiyoga o‘xshashligi sabab o‘zlashtirilgan degan xulosaga kelgan.

 

Beruniy qachon va qanday qilib bunday ilmiy xulosalar chiqargan? Uning bu boradagi bilimlari milodiy minginchi yildan oldingi davrdan to 1030-yillargacha, Gʻazna davlati davrigacha bo‘lgan zamonlarda yig‘ilib to‘plangan edi. Ehtiyotkor va dono olim o‘zining “Qonuni Mas’udiy” asarini 1037-yilgacha e’lon qilmagan. Shuning uchun 1000–1037-yillar oralig‘idagi davr uning uchun ehtiyotkorlik yillari bo‘lgan deb taxmin qilish mumkin.

 

Abu Rayhon Beruniy Amerika qit’asini o‘n birinchi asrning birinchi choragida kashf qilganmi? Bunga shubha bilan qarovchilar ham bor. Qolaversa, boshqa tarixiy hodisalar ham mavjud. Masalan, skandinaviyaliklar milodiy minginchi yildan oldinroq Shimoliy Amerikaga yetib borgan bo‘lishiga qaramasdan ular yangi yer topganini anglamagan. Leyf Eriksson bunday o‘rmonli o‘lkaga deyarli qiziqmagan va keyinroq qaytib borishni niyat ham qilmagan edi. Eriksson sayohatlari haqidagi ma’lumotlarni biladigan birorta inson ham yo‘q va ularni Skandinaviyaga oid manbalarda ham uchratmaymiz. Agar “kashfiyot” Skandinaviya sayohatining tasodifiy va anglanmagan jarayonlarini o‘z ichiga olsa, bu holda Kolumb shovvozlari o‘z qahramonliklari uchun talab qilgan mukofot vikinglar qo‘liga o‘tib ketgan bo‘lardi.

 

Beruniy kashfiyotlar tojini kiyishga haqli edi va uning tahliliy jarayonlarda erishgan xulosalari juda yuksak shon-shuhratga arziydi. U yaratgan asboblar dengizchilar tomonidan ishlangan yog‘och qayiqlar emas edi, balki nozik kuzatishlar, aniq sonli ma’lumotlar va kuchli mantiqqa asoslangan buyuk ixtirolar edi. Beruniy darajasida boshqa ming yilliklarda hech kim Yevropa va Osiyoda, dunyo miqyosida bunday olamshumul tahliliy tadqiqotlar qilmagan.

 

Beruniyning kashf etish usuli qanday bo‘lgan deyilsa, u o‘z ishini ilm-fan armug‘on etgan barcha bilimlarni to‘plashdan boshlagan deyish kerak. Beruniy keyinchalik o‘zining shaxsiy ma’lumotlariga asoslangan yangi ilmiy usullarni o‘ylab topdi va shundan keyin bu ma’lumotlarni matematika, trigonometriya, sferik geometriya, shuningdek, mantiqiy metodlarning ilmiy xulosalari bilan uyg‘unlashtirdi. Eng muhimi, u boshqa izlanuvchilarning sinashi va saralashini tushungan holda o‘z xulosa va farazlarini ehtiyotkorona namoyish etdi. Bunday ilmiy uslub keyingi besh yuz yil davomida boshqa sodir bo‘lmadi. Lekin oxiri yevropalik tadqiqotchilar tomonidan uning farazlari va isbotlangan aniq takliflari amalda tasdiqlandi. Beruniyni qadimgi va hozirgi davrning eng buyuk tadqiqotchisi desak arziydi.

 

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Abu Rayhon Beruniyning boy ilmiy merosi hali chinakamiga tadqiq etilib, o‘zining munosib bahosini olgan emas. Kelajak avlod bu allomaning fan-texnika rivoj topmagan bir davrda yashab, olamshumul kashfiyotlar qilganidan ibrat olsa arziydi deb hisoblayman.

 

Frederik STARR,

professor.

Shahnoza Turg‘unova tarjimasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

18:05 / 08.05.2024 0 523
Turkiston legioni: haqiqat va uydirma





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19399
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16606
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi