Ijtimoiy tarmoqlar portlagach, hamma tashkilot birdan tilga kirib qoldi – jamoatchilik oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilarini zoʻrlagan amaldorlarning maksimal darajada jazolanishini talab qilmoqda


Saqlash
18:05 / 03.04.2023 2239 0

Bir necha kundan buyon ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatidagi “Mehribonlik uyi”ning 3 nafar tarbiyalanuvchisi davlat mulozimlari tomonidan 10 oy davomida zoʻrlab kelingani haqidagi xabar keskin muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Mazkur holat ortidan aksariyat ziyolilar qonunchilikka oʻzgartirish kiritish taklifini ilgari surayotgan boʻlsa, boshqalari ishlamaydigan tizim, sudlarning adolatsiz qarorlarini tanqid ostiga olmoqda.

 

Xoʻsh, bu voqea qachon va qanday sodir boʻldi? Jamoatchilik reaksiyasi qanday boʻlmoqda? Oyina.uz voqealar xronologiyasi, rasmiylar va ziyolilar fikr-mulohazalarini eʻtiboringizga taqdim etadi.

 

2 nafar mansabdor oʻz qabih niyatini “xayriya” ishlari bilan yashirishga uringan. Dastlab bu haqda nemolchi.uz loyihasi batafsil maʻlumot berdi.

 

“Sukut saqlama” (nemolchi.uz)

loyihasi:

 

– Oilaviy mehribonlik uyi rahbari oʻz vasiyligidagi 3 nafar qiz (Aziza, Raʼno va Dilya – ismlar oʻzgartirilgan) ni tanlab oldi va 10 oy davomida (2021-yil may – 2022-yil fevral) moddiy ragʻbat evaziga turli erkaklar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlagan.

 

Masalan, 2021-yil may oyi boshida u oʻsha paytda hali 16 yoshga toʻlmagan Azizani tanlab, tanishlaridan biri bilan jinsiy aloqaga kirishga majburlagan. Qiz bunga qarshilik qilganda mudira oshxonadan oʻqlov olib keltirib, barcha bolalarning koʻz oʻngida qizning kichik ukasini kaltaklay boshladi. Qizning irodasini sindirib, mudira keyinchalik uni oʻzi aytgan erkaklar bilan yotishga majbur qilib kelgan.

 

Avvalroq viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi mudiraning muammolarini hal qilishda oʻz vakolatlarini ishga solishga vaʼda berib, 2021-yil aprel oyida unga xayriya sifatida printer sovgʻa qiladi (qurilma viloyat adliya boshqarmasi balansida boʻlgan, ishlatilgan, keyinchalik yaroqsiz holga kelgan). Bunday “xayriya” dan bir necha hafta oʻtgach, erkak mehribonlik uyi rahbaridan unga jinsiy ehtiyojlarini qondirish uchun qiz berishni talab qildi. Shunda mudira 17 yoshli yetim qiz Raʼnoni tanladi va uni och qoldirib, boshqa bolalardan ajratib qoʻyadi, tashqariga chiqishini taqiqlab qoʻydi, keyin viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi unga 250 ming soʻmlik sport oyoq kiyimi olib bergani uchun u bilan jinsiy aloqa qilishga majbur ekanligini aytadi. Erkak qiz bilan qabih ishlari uchun Adliya boshqarmasi tomonidan viloyat adliya boshqarmasi xodimlariga xizmat uyi sifatida ajratilgan xonadondan foydalangan. Oradan bir oy oʻtib, 2021-yil iyun oyida u yana mudiradan qiz talab qilib, 15 yoshli Aziza bilan ham shu xonadonda yotib chiqadi. Keyinchalik oʻsha kvartiraga yana bir qurbon olib kelinadi, u ham jinsiy aloqa qilishga majbur qilinadi – bu 16 yoshli maktab oʻquvchisi Dilya edi. Voqealar qayta-qayta takrorlanadi… Darhaqiqat, oʻn oy davomida viloyat adliya boshqarmasining xizmat xonadonidan viloyat Adliya boshqarmasi boshligʻi va voyaga yetmagan qizlar oʻrtasida jinsiy aloqa maydoni sifatida foydalanilgan.

 

Favqulodda vaziyatlar boʻlimining tuman boʻlimi boshligʻi ham avvalgi amaldordan qolishmay, Mehribonlik uyi rahbariga uning muammolarini hal qilishda yordam berishini aytadi. May oyi boshida homiylik sifatida bolalar uchun divan, shkaf, oshxona stoli sovgʻa qiladi va bolalarga turli shirinliklar olib keladi. Buning evaziga 2021-yil iyun oyi boshida u ham jinsiy aloqa qilish uchun qiz talab qilib, mehribonlik uyi yotoqxonasida yuqorida tilga olingan 17 yoshli yetim Raʼno bilan yotib chiqadi. Iyun oyining oxirida u mehribonlik uyi rahbariga 200 ming soʻm berib, yana shu qiz bilan yotadi. Keyin esa mehribonlik uyiga oziq-ovqat va ichimliklar olib keladi va buning evaziga 15 yoshli Azizani jinsiy aloqa qilishga majburlaydi. Qizlar u bilan bir necha bor jinsiy aloqa qilishga majbur boʻlishdi va uchrashuvlar bolalar uyining oʻzida ham, boshqa joylarda ham boʻlib oʻtdi.

 

Bu kabi vahshiy jinoyatga qanday chora koʻrilgani barchaga qiziq boʻlsa kerak, albatta?! 2022-yilning sentyabr oyida sud majlisi boʻlib, unda mahalliy oilaviy mehribonlik uyi rahbari, viloyat adliya boshqarmasi va tuman favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻiga nisbatan qoʻzgʻatilgan ish koʻrib chiqildi. Ularga tayinlangan jazo qay darajada adolatli? Kun.uz nashri yuristi sud hukmini tahlil qildi.

 

Dilshod Abduqodirov,

kun.uz:

 

Sud tomonidan ikki mansabdorga nisbatan Jinoyat kodeksining 128-moddasi (oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va Jinoyat kodeksining eski tahrirdagi 128-1-moddasida (oʻn olti yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilishda aybli deb topilgan hamda ularning har biriga 1 yil 6 oydan muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

 

2022-yil dekabr oyida ish apellyatsiya tartibida koʻrib chiqilgan va birinchi instansiya sudi tomonidan chiqarilgan qaror oʻzgartirishsiz qoldirilgan.

 

Voqealarni tahlil qila turib sudlanuvchilar yengil jazo nazarda tutuvchi moddalar bilan aybdor deb topilgani hamda jazo tayinlanganini koʻrish mumkin.

 

Voyaga yetmagan, himoyasiz, har tomonlama jinoyatchilarga toʻla qaram ojiz qizaloqlar muttasil jinsiy zoʻravonlikka uchragan.

 

Aslida bu kabi qilmish Jinoyat kodeksining 118-moddasining bir nechta qismi va bandlari bilan malakalanishi kerak edi.

 

Eʼtibor bering, ushbu modda qanday qilmish uchun jazoni nazarda tutadi:

 

Nomusga tegish, yaʼni zoʻrlik ishlatib, qoʻrqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy aloqa qilish —

·         ikki yoki bir necha shaxsga nisbatan;

·         takroran bir guruh shaxslar tomonidan;

·         shaxsning oʻn sakkiz yoshga toʻlmaganligi aybdorga ayon boʻlgan holda.

 

Buning uchun 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

 

Voqealar xronologiyasi esa aynan yuqorida sanalganlarga toʻla mos tushayotganini koʻramiz.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2010-yil 29-oktyabrdagi “Nomusga tegish va jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirishga doir ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi 13-son qaroriga koʻra, nomusga tegish deganda (Jinoyat kodeksining 118-moddasi), ayol jinsidagi shaxs bilan uning erkiga qarshi yoki erkidan tashqari zoʻrlik ishlatib, qoʻrqitib (tahdid etib) yoxud jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, tabiiy usulda jinsiy aloqa qilish tushunilishi lozim.

 

Tahdid etish deganda jabrlanuvchining qarshiligini yengish maqsadida uni jismoniy zoʻrlik ishlatish niyati aniqligini ifodalovchi harakatlar yoki soʻzlar bilan qoʻrqitish tushunilishi lozim. Tahdid etish nomusga tegish paytida jabrlanuvchining qarshiligini yengish usullaridan biridir.

 

Zoʻrlik, tahdid nafaqat jabrlanuvchiga, balki uning yaqin qarindoshlariga hamda jabrlanuvchida ularga nisbatan muayyan masʼuliyat mavjud shaxslarga nisbatan (masalan, oʻqituvchi — oʻquvchilarga, tarbiyachi tarbiyalanuvchilarga va h.k.larga nisbatan) ham qoʻllangan boʻlishi mumkin.

 

Jinoyat kodeksining 118-moddasida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi 128-moddada nazarda tutilgan jinoyat tarkibidan qanday farq qiladi?

 

Oddiy qilib tushuntirganda, Jinoyat kodeksining xorazmlik pedofil-amaldorlarga qoʻllangan 128-moddasi boʻyicha jinoiy javobgarlik oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish zoʻrlik yoki tahdid qoʻllamagan holda amalga oshirilayotgan harakatlar xususiyati va mohiyatini anglagan jabrlanuvchining roziligi bilan sodir etilgan holdagina kelib chiqadi. 

 

Agar shaxs nomusga tegish vaqtida birin-ketin bir necha marta jinsiy aloqa qilgan boʻlsa va ish holatlari aybdorda muayyan bir shaxsga nisbatan mazkur aynan oʻxshash harakatlarni sodir etishga nisbatan yagona qasd mavjudligidan dalolat bersa, qilmish Jinoyat kodeksining 118-moddasi tegishli qismlari boʻyicha kvalifikatsiya qilinishi lozim boʻlgan bitta davomli jinoyat sifatida koʻrilishi lozim.

 

Shunga oʻxshash holat bir necha shaxsga nisbatan sodir etilganda Jinoyat kodeksining 32-moddasiga muvofiq, takroran jinoyat sodir etilgan deb topiladi. 

 

Jinoyat kodeksining 118-moddasi ikkinchi qismi “v” bandi bilan, nafaqat bevosita nomusga tekkan shaxslarning harakatlari, balki jabrlanuvchiga nisbatan zoʻrlik yoki tahdid qoʻllash orqali ularga koʻmaklashgan shaxslarning harakatlari ham kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bunda qayd etilgan jinoyat tarkiblari obyektiv tomonida nazarda tutilgan harakatlarni shaxsan sodir etmagan, biroq zoʻrlik yoki tahdid qoʻllash orqali boshqa shaxslarga jinoyat sodir etishda koʻmaklashgan shaxslarning harakatlari guruh boʻlib nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni gʻayritabiiy usulda qondirish jinoyatining sherik ijrochisi sifatida Jinoyat kodeksining 28-moddasiga havola qilinmagan holda kvalifikatsiya qilinishi kerak boʻladi.

 

Yuqorida taʼkidlanganidek, mehribonlik uyining voyaga yetmagan tarbiyalanuvchilari uzoq vaqt (qariyb 1 yil) davomida tahdid ostida, ruhiy va jismoniy bosimlar bilan jinsiy aloqa qilishga majbur qilingan. Bu asos ikki amaldorning qilmishiga nisbatan Jinoyat kodeksining 128-moddasi emas, aslida 118-moddasining 3-qismi “a” bandi qoʻllanishi lozimligini koʻrsatmoqda. 118-moddaning 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilgan shaxsga esa oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishi mumkin.

 

Mansabdorlarning taqdiri barchaga qiziq. Xoʻsh, ular maʻlum tizimda rahbarligicha qoldimi? Ularga oʻzlari faoliyat yuritayotgan tashkilot qanday chora koʻrdi? Adliya vazirligi munosabat bildirdi.

 

Adliya vazirligi

Axborot xizmati:

 

Adliya vazirligi tizimida ishlayotgan xodimlarning, xususan, rahbarlarning davlat xizmatchisi obroʻsiga putur yetkazishi mumkin boʻlgan har qanday xatti-harakat sodir etishdan tiyilishi, ularning jamiyatda oʻrnatilgan axloq normalariga rioya qilishi yuzasidan muntazam choralar koʻrib boradi. Shu bilan birga, koʻp ming sonli xodimlarning har birini ishdan tashqari vaqtda odob-axloq qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish imkoniyati cheklangan.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarda qayd etilgan vazirlik hududiy boshqarmasi rahbarining na qonunlarga, na axloq va qadriyatlarga mos kelmaydigan harakatlari bizni chuqur larzaga soldi. Ushbu jinoiy harakat haqida bizga maʼlum boʻlgan vaqtidayoq u lavozimidan ozod etilgan. Unga nisbatan tegishli sud hukmi chiqarilib, jinoiy javobgarlikka tortilgan.

 

Qonunchilikka koʻra sudlar oʻz faoliyatini davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda olib boradi, oʻz hukm-qarorlarini mustaqil ravishda chiqaradi. Shu sababli Adliya vazirligi sobiq xodimga nisbatan sud hukmini sharhlash vakolatiga ega emas.

 

Ushbu xabar tarqalishi bilan ijtimoiy tarmoq faollari Adliya hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi faoliyatini keskin tanqid ostiga oldi. Bu vaziyatda Adliya vazirining maslahatchisi, bloger Shahnoza Soatova jim tura olmadi. U 2 kun davomida bir necha bor bu haqda yozishga uringani va soʻnggi qarorni qabul qilgani haqida aytdi.

 

Shahnoza Soatova,

Adliya vaziri maslahatchisi, bloger:

 

 

– Qattiq qoralayman, jirkanaman bu ishlardan va oʻsha odamlardan! Aybdorlar maksimal darajada jazo olishini istayman. Boshqa bunday ishlar takrorlanmasligi kerak!

 

Hozir jamoaviy masʼuliyatni rad etmayman. Nima qilishim mumkin edi, buni toʻxtata olarmidim degan savol tinchlik bermayapti, ikki kechadan beri uyqu yoʻq.

 

Tizim xodimlari aksari men kabi tushkun holatda. Va ular ham bunga rozi emas. Voyaga yetmaganlar bilan bogʻliq sud ishlari yopiq koʻrilgan, ishdan ketgani va oʻrniga boshqa odam tayinlanganini bilganmiz. Lekin bunaqa dahshatli ishlari uchun ketganini minglab xodimlar bilmaydi, tabiiy.

 

Boshqa tomondan, bilganlar ham uni oshkor qilolmasdi, yana oʻsha yopiq sud va qonun talablariga koʻra.

 

Odamlar fashistlar bilan zamondosh va vatandosh boʻlgan. Fashist boʻlmagan, hatto ularga qarshi boʻlgan. Ularga naqadar qiyinligini tushunyapmiz. Bizga ham oʻsha odam bilan hamkasb boʻlish qismati bitilgan ekan…

 

Jazo yengilligi juda dahshatli adolatsizlik. Yana shu jazodan ham norozi boʻlib shikoyat qilishibdi.

 

Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy ekspluatatsiya ayon koʻrinib turibdi. Bu jinoyat uchun javobgarlikni kuchaytirish haqidagi qonun loyihasi hozir Senatda turibdi. U loyihani ishlab chiqishda Adliya ham ishtirok etdi. Bu tashkilotda ham ushbu jinoyatni qattiq qoralashadi.

 

Tizimdagi xodimlarni xeyt qilmasliklaringizni soʻrayman. Bugun adliyachilarga oson kunlar emas. Ular yoppasiga hammasi unaqa emas. Hozir bir nechta hamkasblarimning ichki turizmda Xivaga borilganda oʻsha odamning yonida tushgan suratlarini tarmoqqa tarqatib tuhmat qilishmoqda. Iltimos, mayli adolat talab qilinglar, lekin tuhmat qilmanglar.

 

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ham xodim ishdan olinganini maʻlum qildi. Shuningdek xodimning keyingi taqdiriga ular masʻul emasligini qayd etilgan.

 

Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Axborot xizmati:

 

– Oʻtgan yili tergov ishlari olib borilayotgan vaqtda ushbu xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Uning keyingi taqdiri bilan vakolatli organlar shugʻullangan.

 

Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati boʻyicha shoʻba mudiri Saida Mirziyoyeva bu holatni jim kuzata olmadi. Uning fikricha, mazkur voqea sodir boʻlishiga qonunchilik qayta koʻrib chiqib chiqilishi zarur.

 

Saida Mirziyoyeva,

Prezident Administratsiyasi shoʻba mudiri:

 

 

– Bu holat qonunchiligimizda jiddiy muammolar borligi va ushbu boʻshliqdan jirkanch shaxslar foydalanib qolayotganini koʻrsatmoqda. Voqea ishtirokchilari orasida huquq idorasi vakillari ham borligi esa nihoyatda xavotirlidir.

 

Bosh prokuraturadan mazkur holatga alohida eʼtibor qaratib, sinchiklab oʻrganishni va huquqiy baho berishni soʻrayman.

 

Biz mavjud qonunchilikni qayta koʻrib chiqib, takomillashtirish, turli “lazeyka”larni yopish, oilaviy zoʻravonlik boʻyicha qonunni qabul qilishni tezlashtirishimiz zarur. Mazkur qonun loyihasi ayollar va bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan.

 

Prezident Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari Komil Allamjonov qonunchilikka pedofillarni kimyoviy bichish toʻgʻrisidagi oʻzgartirishlarni kiritish kerakligini yozmoqda.

 

Komil Allamjonov,

Prezident Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari:

 

 

– Pedofillarga nisbatan kimyoviy kastratsiya jazosini qoʻllash yuzasidan qonunchilikka oʻzgartirish kiritish vaqti keldi!

 

Agar bu masala dunyo tajribasisiz boʻlmaydi, qayda bor bu jazo, desangiz Qozogʻiston, Ukraina, Germaniya, Norvegiya, Shvetsiya, Daniya, Isroil, Janubiy Koreya, Fransiya, AQSh va hokazo davlatlarni koʻring. Ularda bor ekan bu jazo. Xitoy, Lotin Amerikasi davlatlari, Saudiya Arabistoni va Eronda biratoʻla oʻldirib yuborilar ekan.

 

Qonunchilikka kiritilayotgan oʻzgarishlar shu kabi jinoyatlarga jazoni keskin oshirishni koʻzda tutadi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari, “Milliy tiklanish” DP MK raisi Alisher Qodirov maʻlum qildi.

 

Alisher Qodirov,

“Milliy tiklanish” DP MK raisi:

 

 

– Xorazmdagi vahshiylikka aloqasi boʻlgan hamma eng ogʻir shaklda jazolanishi kerak. Qonunchilikdagi soʻnggi oʻzgarishlar aynan shu kabi jinoyatlarga jazoni keskin oshirishni koʻzda tutadi. Qonun ustuvorligini taʻminlashda uygʻoq jamoatchilikning muhim ahamiyatiga yana guvoh boʻldik.

 

Bitta qonunbuzarlik atrofida oʻnta xayrixoh va minglab kuzatuvchi boʻladi. Qonun ustuvor, fuqarolik jamiyati shakllanishi ogʻir va uzoq jarayon.

 

Bolalar Ombudsmani Xorazm viloyatidagi oilaviy mehribonlik uyidagi jinsiy zoʻravonlikka uchragan voyaga yetmaganlar holatini oʻrganmoqda, deya yozmoqda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) matbuot kotibi.

 

Fotima Madrahimova,

Ombudsman matbuot kotibi:

 

– Bolalar Ombudsmani bolalarga nisbatan qoʻllanadigan har qanday jinsiy jinoyatlarga ogʻir jazo turlarini qoʻllash kerak degan pozitsiyada.

 

Bola huquqlari boʻyicha vakil holatni nazoratiga oldi va ishga oid barcha hujjatlarni oʻrganmoqda.

 

Qobiljon Xidirov,

davletov.uz:

 

 

– Kechadan beri oʻzimga kelolmayman. Xorazm viloyatida voyaga yetmagan, ayni paytda davlat qaramogʻida boʻlgan uch nafar qiz bir guruh amaldorlar tomonidan jinsiy zoʻravonlikka uchragan.

 

Bunday qabihlikka qoʻl urgan oilaviy mehribonlik uyi rahbari, viloyat adliya boshqarmasi, tuman favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshliqlariga nisbatan jinoiy ish ochilgan. Oilaviy bolalar mehribonlik uyi mudirasiga 5 (besh) yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi va favqulodda vaziyatlar boʻyicha tuman boshqarma boshligʻiga 1,5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Bu vaqt davomida ularga 22:00 dan 06:00 gacha uydan chiqish taqiqlanadi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda jinoyatchilar orasida boshqa amaldorlar ham boʻlgani, ular suvdan quruq chiqqani aytilmoqda.

 

Mazkur holat haqida fevral oyida Senatda xotin-qizlar va bolalar himoyasini kuchaytirish haqidagi oʻzgartishlarni ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruh yigʻilishida axborot berilgan.

 

Irina Matvienko,

Nemolchi.uz asoschisi:

 

 

– Bu keysni fevral boshida Senatda ishchi guruh yigʻilishida tilga olgandim. Zalda senatorlar, Adliya vazirligi, Oliy sud va boshqa instansiyalar vakillari oʻtirishgandi. Eshitishdi, shokka tushishdi, hech narsa qilishmadi.

 

Mart oxirida yozgan maqolam ulkan rezonans, izohlar, noroziliklarni keltirib chiqardi. Biroq instansiyalar bu haqda avvalroq bilmaganmidi? Ular vaziyatni toʻgʻrilasa boʻlmasmidi? Xalqning noroziligini kutib oʻtirmasdan protest kiritish, qarorni qayta koʻrib chiqish va odamlarga boshqa natijani koʻrsatsa boʻlardi-ku. Shuning iloji bor edi-ku.

 

Oshkor boʻlishini yoqtirmayman (kimgadir gʻayritabiiy tuyulishi mumkin). Davlat mashinasi odamlar huquqlarini OAV va internetda shov-shuvlar uygʻotgani uchun emas, balki tizim ishlayotgani uchun himoya qilishini xohlayman.

 

2 oy muqaddam axborot berilganiga qaramay aksariyat tashkilotlar va mansabdorlar bu voqea haqida endigina xabar topgandek munosabat bildirishmoqda.

 

Tanzila Norboyeva,

Senat Raisi:

 

 

– Voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan bunday tuban jinoyatlarga davlatning, jamiyatning qatʼiy va murosasiz javobi boʼlishi shart.

 

Ayollar va bolalarni zoʼravonlikdan himoya qilishga qaratilgan qonunimizda mazkur toifadagi jinoyatlar uchun jazoning jiddiy kuchaytirilayotganligi aynan shuning uchun ham nihoyatda muhimdir.

 

Soxta achinishlarga boy bayonotlar berilayotganini iddao qilmoqda, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev.

 

Xushnudbek Xudoyberdiyev,

bloger:

 

 

– Oliy Sud ham, Bosh prokuratura ham, Bolalar ombudsmani ham oradan shuncha oy oʻtgan boʻlishiga qaramasdan bu haqida sukut saqlashgan. Balki oʻzlaricha “mundir hurmati”ni saqlagan holda davlat amaldorlarining bu sharmandachiligini yashirishgandir, kim bilsin. Adliya hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi esa tizimi sharmanda boʻlmasligi uchun, bu xabarni berkitishdan manfaatdor boʻlgan.

 

Va kecha Irina Matvienko ushbu voqealar haqida batafsil maʻlumot eʻlon qilgach hamda buning natijasida ijtimoiy tarmoqlar portlagach, birdaniga hamma tashkilot “tilga kirib qoldi”.

 

Senat ham, Oliy Sud ham, Adliya va FVV ham, Bolalar Ombudsmani ham birdaniga oʻzidan sipo yasab olib, ushbu voqeadan chuqur qaygʻuda ekanligi, ishni nazoratga olishgani haqida birin-ketin bayonotlar berishdi.

 

Bularning barchasi soxta achinishlarga boy bayonotlar. Xuddiki oʻzini hech narsadan xabari yoʻqday tutib, doʻppi tor kelib qolganidan noiloj berilgan bayonotlar. Agar ijtimoiy tarmoqlarda odamlar qahr va gʻazab sochmaganda edi, ushbu tashkilotlar ikki dunyoda ham bu voqeaga eʻtibor qaratib oʻtirmasdi.

 

Yoki agar ular rostdan bugungi kungacha bu voqeadan bexabar boʻlgan boʻlishsa, unda bu yanada yomon. Demak, ular bir tiyinlik tayinli ish qilishmayapti, oʻz vazifasini tayinli bajarishmayapti degani. Vaholanki tizim ichida turib, bu voqeadan bexabar qolib ketish uchun koʻzi koʻr, qulogʻi kar boʻlish kerak.

 

Rajab Roʻzimuhammad,

yozuvchi:

 

 

– Ayrim blogerlar va jurnalistlarning qarichiga qarab, nega maʼnaviyat boʻyicha ishlashdan  chekinish kerak? Nima uchun qoʻshtirnoq ichidagi blogerlar maʼnaviyat soʻzidan irgansa, butun millat qoʻshilishib jirkanishi kerak?

 

Biz sharq xalqlariga, turkiy xalqlarga mansub insonlarmiz. Bizni odobnoma bilan ushlanishi tabiatimizga xos bir hususiyatdir.Qadimda bir maqol boʻlarkan. Turkni turtib turmoq kerak, degan. Biz turkiy xalqlarni turtib turtib turilmasa, uxlab qolamiz, befarqlik kasaliga giriftor boʻlamiz, dunyoqarashimiz esa nojoiz yoʻllarda sarson boʻladi. Xorazmdagi pedofillarga berilgan jazodan esa men noroziman. Mamlakatda odil sud boʻlsa, unda adolatli qaror chiqarib bersin. Millat va uning ruhiyati bilan bogʻliq masalada yumshoqlikka oʻrin yoʻq. 

 

UNICEFning Oʻzbekistondagi vakili Munir Mammadzade esa  bolalarni jinsiy zoʻravonlikdan himoya qilish va muqobil parvarish standartlarini yaxshilash uchun harakat qilishga chaqirdi.

 

Munir Mammadzade,

UNICEF vakili:

 

 

– Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oʻzbekistondagi Bolalar jamgʻarmasi (UNISEF) Xorazm viloyati Urganch shahridagi “Mehribonlik uyi”da qizlarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik va jinsiy ekspluatatsiya qilingani haqidagi xabarlardan xavotirda.

 

Jinsiy zoʻravonlik bolalar huquqlarining jiddiy buzilishi boʻlib, ularning jismoniy va ruhiy salomatligiga uzoq muddatli va chuqur taʻsir koʻrsatadi.

 

Biz qizlar va oʻgʻil bolalarni har qanday zoʻravonlikdan himoya qilish va jinoyatchilar jazosiz qolmasligi uchun qonunchilik va siyosatni kuchaytirishimiz kerak. Tegishli tashkilotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga bolalarni jinsiy zoʻravonlik va ekspluatatsiyadan himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan barcha taklif etilayotgan qoʻshimchalarni koʻrib chiqishga chaqiramiz. Ular Senat huzuridagi Idoralararo ishchi guruhi tomonidan ishlab chiqilgan va bunda UNICEF faol ishtirok etgan.

 

Xorazmdagi voqea boʻyicha bugun Oliy sud, Adliya vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Bolalar ombudsmani, xullas, shanba kuni kimda ish kuni boʻlsa, hamma munosabat bildirdi. Bloger Muhrim esa bir qator savollarni oʻrtaga tashladi.

 

Muhrim A’zamxoʻjayev,

bloger:

 

 

– Meni nazarimda bu ishda bir qiziq jihat bor. Xabarlarda yozilyapti-ku, nafaqat viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi yoki favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi, balki boshqalar ham boʻlgan, deb. Va ular bu ish bilan muntazam (oylab, ehtimol, yillab) shugʻullanishgan.

 

Ular jabrlanuvchi qizlar bu ishlar boʻyicha qayergadir shikoyat qilib bormasligiga ishonchi komil boʻlgan. Shuning uchun ham qoʻrqmay oylab, ehtimol, yillab shu ish bilan shugʻullanishgan. Nafaqat ular, katta ehtimol bilan, boshqalar ham.

 

Bu hali bor-yoʻgʻi adliya boshqarmasi, FVB – tayinli qudrati yoʻq tashkilot vakillarining qilmishi. Ularki shunchalikka borgan boʻlsa, qudratlilari haqida oʻylashga ham qoʻrqasan. Bu qandaydir tizimli jarayon, anʼanami, odatdagi ishdek boʻlib qolgan narsa, nazarimda.

 

Xullas, hech kim hech narsadan qoʻrqmaydigan, jabrlanuvchilari hech qayerga shikoyat qilmaydigan yopiq tizimda birdan “sboy” boʻlyapti-da, ikki “mijoz” jazolanyapti. Lekin jamoatchilikka berilayotgan xabarlarda bir muhim savolga javob yoʻq: bu ikki “mijoz”ni kim sudga bergan?

 

Xizmat uyida “detdom” qizlari bilan oylab xohlagan ishini qilib kelgan amaldorni kim birdan fosh qilgan-u, bu ish qanday qilib sudgacha yetib borgan? Menimcha, shu savolning javobi ochiq va toʻliq aytilishi kerak. Berilajak javobdan keyin yana savollar tugʻilishi mumkin.

 

Hozir koʻpchilik adliya boshqarmasi va FVB boshliqlariga yengil jazo tayinlanganidan norozi boʻlyapti, bu jazolarni adolatsiz deya atayapti. Yuqoridagi savolga javob berilsa, jazolar nega bunday gʻalati ham adolatsiz ekani ham oydinlashar ehtimol.

 

Faollardan biri amaliyotdan misol keltirdi. U bu orqali qonunlar ikki xil ishlayotganini koʻrsatgan.

 

Komila Abdullayeva,

bloger:

 

 

– 45 yoshlardagi erkak ichib qoʻshnisinikiga kirgan, 5 yosh qizchaga teginmoqchi boʻlgan, ish boʻlmagan, onasi kelib qolgan.19 yil berildi erkakka.

 

Oddiy qora xalqqa ishlayotgan qonun bu. Lekin jazoni qattiqlashtirish qora xalqqa ishlaydigan qonun, Adliya boshqarma boshligʻiga, yuqori amaldor, chinovniklarga, sadoqatlilarga yana ishlamasligi aniq.

Kastratsiya bu shantaj quroliga aylanishi ham mumkin.

 

Albatta, jazoni qattiqligi yaxshi, lekin mustaqil sud tizimi boʻlmagan joyda jazoning qattiqligi yanayam xavfli.

 

Bloger Aziza Umarova esa bolalarni vasiylikka olish masalasini xalqaro standartlarga yaqinlashtirish boʻyicha takliflarini eʻlon qildi. 

 

Aziza Umarova,

bloger:

 

 

– Bolalarni vasiylikka olish masalasida xalqaro standartlarga  birmuncha yaqinlashish maqsadida mutaxassislar fikri keltiriladi:

 

Zudlik bilan yagona yondashuvga ega boʻlgan ijtimoiy himoya boʻyicha alohida muassasa yaratish lozim (yoki hech boʻlmaganda hozirgi Bandlik, kambagʻallikni qisqartirish vazirligi qoshida agentlik sifatida. Vazirlik nomini “Bandlik, kambagʻallikni qisqartirish va ijtimoiy himoya” deb nomlagan holda).

 

Mazkur organ barcha institutsional, oilaviy himoya shakllarini xalqaro standartlarga muvofiq nazoratini oʻz zimmasiga olishi, bolalar huquqlari himoyasini amalga oshirishi darkor. Xodimlar ijtimoiy-gumanitar yoʻnalish, soha vakillari boʻlishi zarur.

 

Respublikada, viloyatda, tumanda zarur shtatga ega boʻlgan Ijtimoiy xizmatlar joriy etish lozim hamda ularning tarkibi hozirgiday kuch ishlatar soha vakillaridan iborat boʻlmasligi kerak.

 

Mazkur Ijtimoiy xizmatlar hamjamiyatlar darajasida faoliyat yuritish zarur. Muassasalar yopilishida pul mablagʻlari bolalar joylashtirilgan oilalarga oʻtkazilishi kerak.

 

Mehribonlik uylarini yopishdan avval bolalarni qaramogʻiga oladigan oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tarmogʻini yaratish maqsadga muvofiq edi. Bu esa amalga oshirilmadi.

 

Soʻnggi xushxabarlardan biri qizlarning xavfsizligi taʻminlangani boʻldi. Bu haqida Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati boʻyicha shoʻba mudiri Saida Mirziyoyeva maʻlum qildi.

 

Saida Mirziyoyeva:

 

– Bugun biz Xorazmdagi bolalar uyining uch nafar jabrlangan qizlariga xavfsizlik taʼminlanishiga erishdik.

 

Ularning xavfsizligi, ruhiy va jismoniy tiklanishi hozirda ustuvor masala. Shu bilan bir vaqtda bu kabi vaziyatlarda harakat qilish va, eng asosiysi, ularning oldini olish tizimini yaratish ustida ishlashimiz kerak. Qonunlarni qatʼiylashtirish va zoʻravonlikka mutlaq toqatsizlik normalarini yaratish vaqti keldi. Barcha darajalarda.

 

Bu vaziyatda menga umid bagʻishlaydigan birdan-bir jihat borki, u ham boʻlsa oshkoralik va fuqarolik jamiyatining ovozi. Ehtimol, busiz atrofda boʻlayotgan voqealardan ojizlarcha bexabar boʻlib qolardik.

 

Zoʻravonlik doim boʻlgan, lekin aynan hozir ochiqlik tufayli ushbu hodisa haqida baland ovoz bilan gapiryapmiz va bunga qarshi kurashish uchun real resurslarimiz paydo boʻldi.

 

Oʻzbekiston soʻz va media erkinligi borasida zimmasiga olgan majburiyatlari, bu jarayon barcha uchun juda ogʻriqli kechayotgan boʻlsa-da, oʻz mevasini bermoqda. Tizim bir kunda barpo etilib qolmaydi, bu uzoq yoʻl va manfaatlar kurashidir. Va bugun muammolarni erkin koʻtarayotgan ovoz har qachongidan ham baland yangramoqda.

 

Befarq boʻlmay, bu keys yuzasidan fuqarolik pozitsiyasini bildirgan barcha OAV va faollarga minnatdorlik bildiraman. Amalda ishlaydigan odil sudlov tizimini yaratish yoʻlida birlashsak, kuch boʻlamiz!

 

Maftuna ABDUSHUKUROVA tayyorladi.

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22373
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//