Fransiya nashri: ShHT Samarqand sammiti Oʻzbekistonning katta diplomatik gʻalabasi

Saqlash
15:59 / 16.09.2022 772 0

Fransiyaning Le Figaro nashri ShHT Samarqand sammitini “Oʻzbekistonning katta diplomatik gʻalabasi” deb yozmoqda. Nashr sammitning ikkita muhim jihatiga eʼtibor qaratgan. Birinchidan, bu Xitoy rahbari Si Szinpinning pandemiya boshlangandan beri ilk xorijiy safari boʻlib, u, jumladan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashadi. Ikkinchidan, ShHT koʻlami boʻyicha BMTdan keyin turadigan yirik mintaqaviy tuzilmadir. Bu tashkilot zaminida dunyo aholisining 42%i istiqomat qiladi.

 

«ShHT Yevropa Ittifoqi singari siyosiy tashkilot ham, NATO kabi harbiy blok ham emas», deb yozadi nashr. – ShHTda Oʻzbekiston alohida oʻringa ega. Tashkilotga yaqinga qadar Oʻzbekiston vakili, hozirda mamlakat tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov rahbarlik qildi, sammitning Samarqandda oʻtkazilishi ham bejiz emas. Bu Oʻzbekistonning katta diplomatik gʻalabasidir.

 

– Oʻzbekiston chindanam xalqaro munosabatlarning katta “shaxmat doskasi”da muhim oʻrin tutadi. Mamlakat Ukrainadagi urushni qoʻllab-quvvatlamaydi, bundan tashqari, u ehtiyotkorona tashqi siyosati tufayli Rossiya bilan ham, Xitoy bilan ham bir xil munosabatlarni saqlab qolmoqda. Oʻzbek diplomatiyasi faol va koʻpqirrali.

 

– Hozirda Oʻzbekiston nafaqat tashkilot ichidagi turli yoʻnalishlarni rivojlantirishga taʼsir koʻrsatmoqda, balki boshqa aʼzo davlatlar tomonidan ilgari surilayotgan takliflarni ham faol qoʻllab-quvvatlamoqda. Masalan, mamlakat yaqinda SHHTning ulkan salohiyatini transport, kommunikatsiya, logistika, innovatsion va raqamli hamkorlikni, madaniy va ijtimoiy diplomatiyani rivojlantirishga yoʻnaltirish zarurligini taʼkidlagan edi, deyiladi maqolada.

 

Nashr ekspertlari Hindiston, Pokiston hisobiga kengaygan tashkilot yaqin kelajakda Eron, Belarus, Misr, Qatar, Saudiya Arabistoni hisobiga Yaqin Sharq tarafga ham kengayishini qayd etishgan. Sammitga taklif etilgan Erdogʻan yetakchilik qilayotgan Turkiyaning ham ushbu tuzilmaga qoʻshilish ehtimoli yuqoriligi taʼkidlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//