“Galstuksiz” kecha: SHHT mehmonlari uchun ziyofat tashkil qilindi

Saqlash
14:56 / 16.09.2022 755 0

Kecha Samarqand tumanidagi sayyohlik markazida Shanhay hamkorlik tashkilotiga aʼzo va mehmon davlat rahbarlari ishtirokida sammit davom etmoqda.

 

Shuningdek, kechaning oʻzida barcha taklif qilingan mehmonlar Samarqandga yetib kelishdi va uchrashuvlar boshlanib ketdi. Tigʻiz oʻtgan birinchi kun oxirida mehmonlar uchun norasmiy qabul tashkil qilindi. Shavkat Mirziyoyev mehmonlarni Samarqand sayyohlik markazidagi “Boqiy shahar” majmuasi bilan tanishtirdi.

 

 

 

 

Oʻzbek milliy anʼanalari asosida tashkil qilingan sayohat davomida mehmonlar milliy mahsulotlardan bahramand boʻlishga ham ulgurishdi. Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoga surxoncha doʻppi sovgʻa qilindi. Oldinroq Lukashenko Aliyevdan alohida muloqot oʻtkazishni soʻrab “gap borligini” aytgandi.

 

 

 

 

Yoʻl-yoʻlakay majmua ichida tashkil qilingan maxsus oshxonada tandirdan issiq somsa uzildi va mehmonlarga taklif qilindi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Samarqand somsasidan tatib koʻrdi. Baʼzi nashrlarning yozilishicha, kechki ovqatga oʻzbekcha palov ham tortilgan. Yoʻlaklarda sara oʻzbek mevalari terib qoʻyildi.

 

Norasmiy qabul yakunida esa mehmonlar sharafiga mushakbozlik uyushtirildi. Davlat rahbarlari “Boqiy shahar” fonida umumiy suratga tushishdi. Umumiy suratda Xitoy, Eron va Hindiston yetakchilari koʻrinish bermadi. Aftidan, Si Jinping Xitoyda amalda boʻlgan qattiq karantin talablari, shuningdek, charchoq sabab tungi qabulda ishtirok etmagan.

 

 

 

 

Hindiston yetakchisi Narindra Modi Samarqandga kechasi yetib keldi. Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy esa Samarqand shahridagi Panjob shialar masjidiga borib, nutq soʻzladi.

 

 

SHHT Samarqand sammitining asosiy tadbirlari bugun, 16-sentabr kuni oʻtkaziladi va Samarqand deklaratsiyasi imzolanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//