Toshkent kinofestivalida turk kinoyulduzlari oʻrtasida mojaro yuzaga keldi

Saqlash
14:51 / 16.09.2022 1053 0

Shu kunlarda Toshkentda boʻlib oʻtayotgan “Ipak yoʻli durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivalining Turk kinosi kunlarining ochilish marosimida turk kinoyulduzlari oʻrtasida mojaro yuzaga keldi. Bu haqida kinoshunos jurnalist Shoxira Hamro Feysbuk sahifasida yozdi.

 

“Hozirgina hayotiy saboqning eng kattasi roʻy berdi. Yana qayerda deng? Turk kinosi kunlari oʻtayotgan Forumlar saroyi sahnasida! Yuzlab oʻzbek muxlislari koʻz oʻngida! Bizning «yulduzlar”ning ham baʼzilari zalda edi, zora ular uchun ham saboq boʻlsa. Hozir bir boshidan gapirib beraman. Xullas, birinchi suratda koʻrib turganingizdek, Turkiyadan tashrif buyurgan 9 ta aktyor sahnaga chiqib, hurmat saqlab tomoshabin bilan yuzma-yuz boʻlishdi.

 

 

Lekin oʻzbek «burakshunoslari» va Yashilchoy muxlislari tadbirning yarmini ularni kutib, koʻchada oʻtkazishganiga qaramasdan va sahnada boshlovchilar ikki qayta tantana bilan eʼlon qilishsada, bu ikkisi chiqmadi. Va nihoyat Nurgul Yashilchoy sahnani bir burchagidan chiqib, oʻsha yerda qotdi. Hamyurt hamkasblariga bir qur nazar tashladiyu, ikki qoʻlini ikki choʻntagiga solib, gʻoz turib oldi. Uzatilgan mikrofonni ham qoʻliga olishni ep koʻrmay, boshlovchining qoʻlidagi mikrofonga egilib, salom, yaxshimisizlar» – dediyu, boshqa aktyorlar yoniga borib oʻtirmasdan, sahna ortiga oʻtib ketdi. Oybek Veysal oʻgʻli (tadbir boshlovchisi) toʻqqizta aktyor bilan birma-bir samimiy suhbat qildilar, lekin Yashilchoy qaytmadi. Burakku umuman koʻrinmadi.

 

Koʻnglimning bir chekkasidan “u shunchalik mashhurmikan, toʻqqizta hamkasbini mensimadiya” – degan fikr yilt etib oʻtdi. Bunday oʻylagan bir men emas ekanligim keyinroq maʼlum boʻldi. Sahnadagilarni sovgʻa-salomlar bilan oʻrinlariga kuzatib qoʻyishgachgina Nurgul sahnaga chiqib keldi va uning boshiga boshlovchining boshidagi tojini kiydirib, endi shou boshlanayotgan edi, 58 yildan beri kino sanʼatiga halol xizmat qilib, sochi oqargan, oʻzining taʼbiricha «podshodan qulgacha» barcha rollarni oʻynagan Sardor Gyokxan sahnaga otilib chiqdiyu, mikrofonni olib “tomoshamizni buzdi deb mendan xafa boʻlmanglar. Ming afsus, mana bu oyogʻi yerdan uzilgan ikki hamkasbimiz sahnada biz bilan birga oʻtirishdan or qildi, aslida ular bizning safimizda boʻlishga noloyiq. Siz odamning qiyofasiga qarab baho bermang, uning kimligini xatti-harakatlari bildirib turadi. Biz ortiq bu ikkisining ahmoqona tomoshasini koʻrib, haqoratni jimgina yutib keta olmaymiz. Biz bu yerni hoziroq tark etamiz” – dediyu, toʻqqiz turk ijodkor zalni tark etdi», deya maʼlum qilgan jurnalist.

 

 

Sardor Gyokxanning tanqidlari va aktyorlarning tadbirni tark etishi ortidan Turkiya elchixonasi vakillari ham marosimdan chiqib ketishgan.

 

«Shu bilan bugungi tadbirning fayzini ham olib ketishdi. Yashilchoy ham ortiq zalda qola olmadi», deya yozdi jurnalist.

 

Bu holat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida qizgʻin muhokama qilindi. Aksariyat insonlar Nurgul Yashilchoy va Burak Oʻzchvitni manmanlikda, oʻz yurtdoshlariga hurmatsizlik qilishda ayblagan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//