“Buyuk ipak yoʻli madaniyati, mifologiyasi va arxitekturasi” nomli monografiya nashrdan chiqdi

Saqlash
21:24 / 15.09.2022 1189 0

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti professorlari Rustam Xolmurodov hamda Erkin Musurmonovning “Buyuk ipak yoʻli madaniyati, mifologiyasi va arxitekturasi” nomli monografiyasi nashrdan chiqdi.

 

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Samarqand sammiti munosabati amalga oshirilgan tadqiqotning umumiy gʻoyasiga koʻra, qayerda ilmu madaniyat rivojlangan boʻlsa, oʻsha yerda meʼmorchilik ham taraqqiy qilgan, tamaddunlar kurtak otgan. Kitobda bu masala koʻhna Xitoy madaniyati va mifologiyasi misolida yoritilgan boʻlib, mavzuga bu tarzda yondashish arxitektura sohasidagi tarixiy binokorlik bilan bogʻliq koʻplab muammolarga oydinlik kiritadi.


Xitoy binokorligidagi qayrilgan tomlar va ajdarho qiyofalarida yoki Samarqand madrasalaridagi koʻk gumbazlar, Bahodir Yalangtoʻsh qurdirgan madrasadagi yoʻlbarslar va kiyiklar tasvirlarida ham, albatta, maʼlum bir ramziyliklar bor. Milliy arxitekturadagi bunday oʻziga xosliklarni oʻrganish maʼnaviy qadriyat va tushunchalarning binolar koʻrinishida moddiylashish jarayoni taraqqiyotini koʻrsatib beradi. Nafaqat Oʻzbekistonda, balki Markaziy Osiyoda ham maʼlum xalqlarning madaniyati, mifologiyasi va arxitekturasi monografik tadqiqot koʻrinishida oʻrganilmagan. 


Qayd etilishicha, Buyuk Ipak yoʻlining aynan Oʻzbekiston hududidan oʻtganligini ilmiy asosda madaniy, adabiy va arxitektura yodgorliklari yordamida isbotlash va uni oʻquv jarayoniga tatbiq qilish maqsadida SamDU magistrantlari uchun maxsus “Buyuk ipak yoʻli madaniyati, mifologiyasi va arxitekturasi” ixtisoslik fani dasturi ishlab chiqildi va bu fan magistrlarning 2021-2022 oʻquv yili uchun oʻquv rejasiga kiritilib oʻqitildi. Ayni paytda universitetning ijtimoiy gumanitar yoʻnalishlarida tahsil olayotgan bakalavrlarga ham mazkur fan oʻqitilishi koʻzda tutilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//