Maxsus komissiya ayrim transport vositalari harakatini va qurilish ishlarini cheklash vakolatiga ega

Saqlash
11:34 / 25.11.2025 38 0

Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Prezident farmoni bilan tuzilgan, 16 kishidan iborat, O‘zbekiston Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov raislik qiluvchi maxsus komissiyaga tabiiy changlanish kuchaygan paytda sanoat korxonalari, transport, issiqlik ta’minoti va boshqa sohalarda cheklovlarni joriy qilish vakolati berildi.

 

 

Xususan, transport vositalari harakatini cheklash vakolati bo‘yicha:

 

- Toshkent shahrida yuk tashish avtotransport vositalari harakatini vaqtincha cheklash amaliyotini yo‘lga qo‘yish;

- avtotransport vositalarining, shu jumladan davlat raqamiga mos ravishda to‘q va juft sanalarda harakatlanishni cheklash amaliyotini joriy qilish (elektromobillar bundan mustasno);

- harakatlanishi vaqtinchalik cheklanadigan avtotransport vositalari turlari, ko‘chalar va boshqa hududlarni belgilash huquqi berildi.

 

Maxsus komissiya atmosfera havosi sifatiga ta’sir qiluvchi moddalar yoqqan issiqxonalar va boshqa obyektlar faoliyatini vaqtincha yoki to‘liq to‘xtatishi mumkin bo‘ladi. Toshkent shahridan boshqa hududlarga ko‘chirilishi majburiy bo‘lgan sanoat korxonalari va sanoat zonalarini belgilaydi.

 

Qurilish ishlarini amalga oshirishga cheklov va ularga talablar joriy qilish vakolati beriladi. Oqar suv (daryo ariq, kanal) obyektlarida suv obyektlari qirg‘oq muhofaza mintaqa zonalarida qurilishni taqiqlash va ekologik vaziyatni yaxshilash bilan bog‘liq boshqa vakolatlarga ega bo‘ladi.

 

Maxsus komissiya shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-noyabrdagi "Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida belgilangan topshiriqlar, shu jumladan AI-80 markali benzindan voz kechish bilan bog‘liq chora-tadbirlar ijrosini ham nazorat qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//