Jamiyat
“Uzbekistan GTL” zavodida yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish, uning sifatini doimiy ravishda nazorat qilish maqsadida, “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” aʼzolarining tashrifi davomida yana bir yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarilishiga start berildi. Nafaqat Oʻzbekiston, balki jahon tarixida ilk bor, “Uzbekistan GTL” zavodida xalqaro standart (ASTM D-7566) va texnik talablariga mos boʻlgan sintetik aviakerosin mahsuloti ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyildi.
Sintetik kerosinning 23 ta asosiy fizik-kimyoviy va texnik parametrlari toʻliq talab darajasiga yetkazildi. Asosiy parametrlardan biri boʻlgan muzlash harorati xalqaro standart talab darajasiga (-47°S) yetkazish ishlari yakunlandi.
“Oʻzbekneftgaz” axborot xizmatining maʼlum qilishicha, bugungi kunga qadar, “Uzbekistan GTL” zavodi tomonidan IATA, ASTM International, Def Stan xalqaro tashkilotlarining aviatsiya yoqilgʻisi uchun xomashyo sifatida GTL kerosinidan sintetik komponent sifatida foydalanishga ruxsat etilgani toʻgʻrisida ijobiy xulosalar olingan.
GTL zavodida ishlab chiqarilgan sintetik kerosinining birinchi partiyasi namunasi olinib, xalqaro aviasohani tartibga soluvchi tashkilot (IATA) tavsiyasiga koʻra, muvofiqlik sertifikatini olish uchun SGS kompaniyasining Estoniya, Belgiya va Fransiyadagi laboratoriyalariga tahlil va tegishli xulosa olish uchun yuborildi.
Boshqaruv raisi avvalo joriy yilning 15-iyun kuni “Uzbekistan GTL” zavodida Oʻzbekiston tarixida birinchi sintetik neft, 2022-yil 29-iyun kuni Oʻzbekiston neft-kimyo sanoati tarixida ilk bor sintetik dizel, keyinchalik “GTL” sintetik naftasi ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilganini taʼkidlab, mutaxassislarning yana bir izlanishi samara berganini hamda tabiiy gazdan sintez qilish yoʻli bilan Jahon tarixida ilk bor sintetik aviakerosin ishlab chiqarilganini rasman maʼlum qildi.
Bundan tashqari, Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” aʼzolari tomonidan tashrif chogʻida import oʻrnini bosuvchi neft mahsulotlari va uglevodorod xomashyolari ishlab chiqarilishi, mahsulotni saqlash, sotish hamda yetkazib berish jarayonlari oʻrganildi.
Sintetik aviakerosin ishlab chiqarish hajmini oshirish, xalqaro standart (ASTM D-7566) hamda texnik talablarga rioya qilgan holda sintetik aviakerosin ishlab chiqarilishini nazorat qilish boʻyicha masʼullarga topshiriqlar berildi.
“Uzbekistan GTL” zavodining toʻliq ish rejimiga oʻtilgani sabab sintetik yoqilgʻi mahsulotlarining ishlab chiqarish hajmini bosqichma-bosqich oshirib borish hamda mahsulotlarning yuqori sifatda boʻlishini taʼminlash kerakligi taʼkidlab oʻtildi.
Shuningdek, ishlab chiqarish hajmini oshirib borish natijasida mahsulot tannarxi arzonlashishiga erishish boʻyicha vazifalar belgilab berildi. Joriy yilning 14-sentyabr kunidan boshlab Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi orqali sotuvga joylashtiriladigan sintetik dizel yoqilgʻisining bir tonnasi boshlangʻich narxi 13 mln 897 ming 109 soʻmgacha arzonlashtirilishi belgilandi.
Soʻnggi ikki oy ichida ikkinchi marotaba narx arzonlashtirilib, joriy yilning 29-avgust kuni sintetik dizelning boshlangʻich narxi 15 mln 550 ming 500 soʻmdan 14 mln 504 ming 378 soʻmgacha kamaytirilgan edi.
Zavoddagi 11 mingga yaqin uskuna va asosiy ishlab chiqarish qurilmalarining sinxron ishlashini taʼminlash boʻyicha qilinayotgan ishlar holati ham oʻrganildi va texnologik jarayonlarda mehnat qilayotgan muhandislar, yosh mutaxassislar bilan ochiq suhbat qilindi.
Zavodning ishlab chiqarish sexlari boshliqlari va rahbar xodimlar ishtirokida ishchi yigʻilish oʻtkazildi va sintetik yonilgʻi mahsulotlari ishlab chiqarilishi uzluksizligini taʼminlash, isteʼmolchilarga oʻz vaqtida va sifatli yonilgʻi mahsulotlari yetkazib berilishi boʻyicha zaruriy koʻrsatmalar berildi.
Bugungi kunga qadar esa GTL majmuasida jami 55 ming tonna sintetik dizel yoqilgʻisi va 20,5 ming tonna sintetik nafta ishlab chiqarilgan boʻlib, Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi orqali kunlik ravishda isteʼmolchilarga yetkazilmoqda, deyilgan xabarda.
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q