Farg‘onada fonogramma orqali qo‘shiq aytish taqiqlandi

Saqlash
17:51 / 14.09.2022 827 0

Farg‘onadagi bayram tadbirlarida fonogrammada qo‘shiq aytish taqiqlandi. Bu haqida viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning madaniyat va san’at xodimlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. Unda hokim sohani yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qator tashabbus va vazifalarni e’lon qilgan.

 

Xususan, hokim o‘rinbosari Fayzullo Qosimov rahbarligida viloyat bayram tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh tuzish, guruh tarkibiga viloyat madaniyat boshqarmasi mas’ullari, teatrlar rahbarlari, oliy ta’lim muassasasi rektorlari, taniqli san’atkorlar va ijodkorlar kiritilishi ma’lum qilingan.



Ishchi guruh a’zolari har bir viloyat bayram tadbiri uchun yangi g‘oyalar, dasturlar uchun takliflarni o‘rtaga tashlab, biri boshqasini takrorlamaydigan ssenariylar ishlab chiqish uchun mas’ul bo‘ladi.

 

Qayd etilishicha, bundan buyon Farg‘ona viloyatida o‘tkaziladigan barcha tadbirlarda sahnaga chiqadigan qo‘shiqchilar va qo‘shiqlar ochiq tanlov asosida tanlab olinadigan bo‘ladi. Yangi qo‘shiqlar, yangi ijrolar kerakligiga urg‘u bergan viloyat hokimi “San’atda yoshlar raqobatga chiqsin” degan fikrni bildirgan.


Viloyat rahbarining Farg‘onada viloyat bayram tadbirlarida fonogrammada qo‘shiq aytish taqiqlanishi, ijrochilar sahnada cholg‘uchilar bilan birga jonli ijroda kuylashi borasidagi ko‘rsatmasi san’at ahli tomonidan ma’qullangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//