Bojxonada 22 turdagi 50 ga yaqin madaniy boyliklarni chetga olib chiqib ketayotgan shaxs ushlandi

Saqlash
20:02 / 13.09.2022 757 0

Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi “Andarxon” chegara bojxona posti orqali qoʻshni davlatga 22 turdagi 50 ga yaqin rangli metalldan yasalgan madaniy boyliklarni olib chiqib ketayotgan shaxs ushlandi. Bu haqida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi “Andarxon” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan post orqali qoʻshni davlatga chiqish maqsadida harakatlanayotgan F. M. ga tegishli qoʻl yuklari bojxona nazoratidan oʻtkazilgan. Natijada uning qoʻl yuklari orasida bojxona xodimining ogʻzaki soʻrovida maʼlum qilinmagan, yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasi bilan deklaratsiyalanmagan hamda tegishli hujjatlari boʻlmagan 22 turdagi 50 ga yaqin rangli metalldan yasalgan madaniy boyliklar borligi aniqlangan.

 

Madaniy meros agentligi mutaxassislari xulosasiga koʻra, ushbu tovarlarning 36 donasi badiiy qiymatga ega boʻlgan hamda 8 tasi badiiy qiymatga va tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan buyumlar ekanligi maʼlum boʻldi.

 

Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Shavkatjon Sotvoldiyevning maʼlumotiga qaraganda, Oʻzbekiston Respublikasining “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan badiiy qiymatga hamda tarixiy ahamiyatga ega mahsulotlarni mamlakatimizdan olib chiqilishi taqiqlangan.

 

Ayni kunlarda mazkur holat yuzasidan F. M.ga nisbatan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//