Ilm-fan
Yangi oʻquv darsliklarining mualliflari shu kunlarda maktab darsliklari atrofida boʻlayotgan voqealar yuzasidan Prezidentga murojaat bilan chiqdi.
«Hurmati Shavkat Miromonovich, 2016-yilda Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti ochilishga bosh-qosh boʻlganingizda, bizni yigʻib, taʼlim metodikasini yangilash, unga yangi tendensiyalarni olib kirish va jahon bilan boʻylashadigan taʼlim darsliklarini yaratish vazifasini qoʻygan edingiz. Bizning jamoa shu vazifani bajarish ustida tunu kun ishladi. Yangi, zamonaviy, 21 asr talablariga javob beradigan, oʻquvchini mustaqil fikrlashga, muammolarni yechishga, qaror qabul qilishga, kreativ boʻlishga undaydigan darsliklar yaratildi.
Darsliklar yaratish oson ish emas. Bu ijodiy muhit, ijodiy atmosferani talab qiladigan jarayon. Lekin oxirgi paytlarda boʻlayotgan, ijtimoiy tarmoqlar orqali sizdirilayotgan har xil asossiz xabarlar, asossiz mish-mishlar bu ijodiy muhitni soʻndiradi, mualliflarning ragʻbatini ham oʻldiradi. Darsliklarning ijara masalasi bilan boshlangan mojaro sekin-asta darsliklarning mazmuniga ulanib ketdi va asossiz ravishda darsliklar mazmuniga ham shubha bilan qarash boshlandi. Qandaydir komissiyalar tuzib, darsliklarning mazmunini tekshirish, odamlardan fikr yigʻish kabi... Biz bunga qarshi emasmiz, darsliklar mazmunini oʻrganish kerak boʻlsa oʻrganishsin, baho berishsin. Faqat buni xolislar bersin. Zamonaviy metodikani, metodikadagi zamonaviy tendensiyalarni, hozirgi zamon bolasiga nimani, qanday oʻrgatishni tushunadigan mutaxassis, tushunadigan xolis ekspertlar bersin. Buning ortida qandaydir oʻzining biznes manfaatlarini koʻzlayotgan manfaatdor shaxslar, manfaatdor chinovniklar (amaldorlar tahr.) baho bermasin.
Chunki bu holatda baho xolis boʻlishiga hech qanday kafolat yoʻq. Biz halol raqobatdan qoʻrqmaymiz. Kimdadir hozirgi zamon talablariga, taʼlim standartlariga javob beradigan darsliklarni yaratish niyati boʻlsa, marhamat, yaratsin. Soʻng oʻqituvchiga har ikki darslikni beraylik, tanlovni oʻqituvchi qilsin. Halol raqobatdan taʼlim ham, oʻquvchi-oʻqituvchi ham, ota-ona ham yutadi. Lekin parda ostidagi oʻyinlar, parda ortidagi asossiz gaplardan, bunaqa nosogʻlom kurashdan millat, taʼlim zarar koʻradi, oxir-oqibatda hammamiz zarar koʻramiz», deyiladi unda.
Shuningdek, murojaatda aytilishicha, mualliflarning aksari xorijda oʻqigan, darsliklar yaratilishi jarayonida YUNISEF, YUNESKO ekspertlari doimiy qatnashgan.
«Biz qandaydir taraflarni himoya qilish uchun emas, oʻzimizning gʻoyalarimizni, taʼlimni himoya qilish uchun murojaat qilyapmiz. Manfaatlar oʻrtasidagi ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar taʼlimning rivojlanishiga soya solyapti. Bundan taʼlim, millat jabr koʻryapti, xususan, muallif jabr koʻryapti. Voxalangki, siz bergan koʻrsatma asosida metodika yanada shakllanib, mana shu adabiyot darsliklarida aks etgan. Tarix qilgan xatolarni qaytarmaslikni judayam istardim. Mualliflarning barchasi xorij tajribasini oʻrgangan, aksariyati chet elda oʻqigan. Darsliklar yaratilishi jarayonida YuNISEF, YuNESKO ekspertlari doimiy qatnashgan. Tarqalgan bunday asossiz turli xabarlar taʼlim siyosatiga, taʼlimning nufuziga bolta uradi va jadal qadamlar bilan boshlangan islohotlarni toʻxtatib qoʻyadi. Sizdan iltimos qilardik, shu holatni nazoratingiz ostiga olsangiz. Chunki bizning ertamizni, Yangi Oʻzbekistonni qanday boʻlishini belgilaydigan eng asosiy omil bu taʼlimning mazmunidir» degan mualliflar.
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q