Kundalik.com majburiymi? XTV javob berdi

Saqlash
21:10 / 06.09.2022 1966 0

Xalq taʼlim vazirligi Kundalik.com tizimi bilan bogʻliq muhim savollarga javob berdi. Unga koʻra, Kundalik.com ota-onalar va maktab hamkorligini mustahkamlash maqsadida joriy qilingan taʼlim resursi sanaladi.

 

Kundalik.com – raqamli taʼlim platformasi boʻlib, oʻqituvchilar uchun onlayn rejimda darslarni rejalashtirish, dars ishlanmalarini tuzish, oʻquvchilarning davomati va yutuqlarini jurnal hamda kundalikning elektron shakllarida yuritish imkonini yaratadi. Uning yordamida statistik hisobotlar avtomatik tarzda yuritiladi va qoʻlda yozish shart emasligi bois vaqt behuda sarflashning oldi olinadi.

 

Mazkur tizim Oʻzbekistonning ichki internet tarmogʻi – TAS-IX hududida joylashganligi sababli platforma bilan ishlashda uyali aloqa operatorlari orqali foydalaniladigan internet-trafik sarflanmaydi. Shu bilan birga tizim internet tarmogʻi yetib borgan va yaxshi aloqa sifati taʼminlangan hududlardagi maktablargagina joriy qilingan. Tabiiyki, internet aloqasi mavjud boʻlmagan (masalan, togʻli qishloqlar) hududlardagi maktablar anʼanaviy kundalik daftarlaridan foydalanishi davom etmoqda.

 

Kundalik.com majburiymi?

 

Kundalik.com tizimiga obuna boʻlish ota-onalar uchun ixtiyoriy sanaladi. Foydalanuvchilar toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlar “Oʻzbektelekom” serverlarida saqlanadi. Bu esa oʻquv jarayonlariga aloqador barcha ishtirokchilarning shaxsiy maʼlumotlari ishonchli himoyada ekanligini anglatadi.

 

Mazkur tizimning afzalliklari shundaki, bu orqali, avvalo, oʻqituvchining vaqti tejaladi, ularga elektron jurnaldan foydalanish bepul taqdim etiladi. Misol sifatida aytish lozimki, qator rivojlangan mamlakatlar oʻqituvchilari buning yordamida har chorakda 20 soatdan ortiq ish vaqtini tejaydi. Mazkur tejalgan vaqtni esa oʻqituvchi bolalar bilan ijodiy shugʻullanishga yoki qoʻshimcha oʻquv materiallarini oʻzlashtirishga sarflashi mumkin.

 

Tizimga aʼzo boʻlish narxi qancha?

 

Kundalik.com loyihasi toʻliq investitsiya mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilgan boʻlib, dasturiy mahsulotni yaratish, uni maktablarga joriy etish, saqlash va rivojlantirish uchun byudjet mablagʻlari sarflanmaydi.

 

Mazkur elektron kundalikning narxi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi hamda Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan qogʻoz kundalik narxiga mos tarzda belgilangan hamda yildan yilga arzonlashtirilib borilmoqda. Xususan, 2020-yilda uning yillik obuna narxi (365 kun) 9200 soʻm etib belgilangan boʻlsa, 2021-yilda bu koʻrsatkich 8600 soʻmni, 2022-yilda 8000 soʻmni tashkil etmoqda.

 

Ota-onalar uchun qanday qulayliklari bor?

 

Taʼkidlash lozimki, Kundalik.com tizimi ota-onalar uchun qator qulayliklarni yaratadi. Jumladan, onlayn tarzda:

 

• farzandlarining darsga qatnashayotgani;

 

• darsni qay darajada oʻzlashtirib borayotgani;

 

• ertangi kungi uy vazifalari xususida tezkor maʼlumotlarga ega boʻlishi mumkin.

 

Xulosa qilib aytganda, Kundalik.com tizimi oʻqituvchilar va ota-onalarning oʻzaro mustahkam hamkorligini taʼminlashda ishonchli koʻprik boʻlib xizmat qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//