Jamiyat
2022-2023-o‘quv yili uchun maktab o‘quvchilari ijaraga oladigan darsliklar narxi e’lon qilingach, uning qimmatligi ijtimoiy tarmoqlarda turli munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ba’zilar maktab darsliklari bepul bo‘lishi lozimligi, bu narx 3-4 ta farzandi maktabga boradigan oilalar uchun og‘irlik qilishini aytmoqda. Ayrimlar esa o‘zbek xalqi yeb-ichish, qimmat telefon va boshqa keraksiz narsalarga pul sarflashdan og‘rinmasligi, biroq kitobga kelganda ayyuxannos solishini ta’kidlayapti.
Noroziliklarga sabab kitoblar ijarasi o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan keskin oshib ketganidir. Birinchi sinflar uchun bepul, 2-11 sinflar uchun 102 700 so‘mdan 119 800 so‘mgacha etib belgilangan.
Xalq ta’limi vazirligi Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, joriy o‘quv yilida o‘rtacha bir dona darslik (mashq daftari) uchun yagona ijara to‘lovi 5 707 so‘mni tashkil etmoqda va o‘tgan o‘quv yilidagi miqdor (2 740 so‘m)ga nisbatan 2 967 so‘mga (108 foiz) oshgan.
Qayd etilishicha, joriy yilda Prezident farmoni bilan umumta’lim maktablarining 3-, 6-, 7- va 10-sinflari uchun to‘liq, shuningdek 2- va 3-sinf uchun mashq daftarlari, barcha sinflar uchun ingliz tili, nemis tili va rus tili fanlaridan jami 60 million nusxa yangi avlod darsliklari (2021-yilda 25 million darslik) chop etilmoqda.
Joriy yilda yangi darsliklarning chop etilish harajatlarining, xususan dunyo bozorida qog‘oz narxi (faqatgina 2022 yilning o‘zida qog‘oz narxi 60-70 foizga oshgan) va qog‘ozni mamlakatimizga yetkazib berish bo‘yicha transport harajatlarining keskin oshib ketishi, tabiiyki darsliklarni chop etish uchun harajatlarning ham oshib ketishiga olib kelgan.
“Ijara to‘lovi miqdorlari darsliklar uchun amalga oshirilgan xarajatlardan kelib chiqib, bir dona darslik uchun yagona summasini to‘plamdagi darslik va mashq daftarlari soniga ko‘paytirish yo‘li orqali belgilanadi. Bunda yagona summa barcha sinf va ta’lim tillar uchun bir xil etib belgilanadi. Ijara to‘lovi summasini ota-onalar darslik to‘plamini to‘liq olgach 1 oktyabrga qadar amalga oshirishlari mumkin”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Deputat Rasul Kusherboyev esa kitoblarni pullik ijaraga berish Konstitusiyaga zid, deb hisoblashini bildirdi.
“O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 41-moddasida "Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi", deb belgilangan.
Ushbu Konstitusion norma talablaridan kelib chiqilsa davlat umumta’lim maktablarida ta’lim berish bilan bog‘liq barcha jarayonlar bepul hisoblanadi. Bunda darsliklar bilan o‘quvchilarni ta’minlash ham.
Shu bois, maktablarda darslik kitoblarni pullik ijaraga berish ham Konstitusiyaga zid, deb hisoblaymiz. Bu bizning nuqtai nazarimiz va uni to‘g‘ri, deb hisoblaymiz. Biroq bu boradagi yakuniy xulosani Konstitusiyaviy sudimiz bildirganida yanada maqsadga muvofiq ish bo‘lardi, deydi u rasmiy telegram kanalida.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q