«Bolani voyaga yetkazish va tarbiyalash bo‘yicha majburiyat aniq belgilanishi kerak» – senator

Saqlash
22:45 / 23.08.2022 803 0

O‘zbekistondagi ayrim qonunlarni amalga oshirish mexanizmlari aniq belgilanmagan, ko‘plab havolaki normalarning mavjudligi sababli sohalarning asosan qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinib kelingan. Bu Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijasida aniqlangan.

 

Qo‘mita raisi Baxtiyor Sayfullayevning so‘zlariga ko‘ra, monitoring o‘tkazishga bir qancha omillar, jumladan, senatorlarning joylardagi o‘rganishlari, aholi bilan bevosita muloqotlar va tahlillar sabab bo‘lgan.

 

«Shuningdek, ayrim qonunlardagi normalar boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan normalarga zidligi amaliyotda nomuvofiqliklarni keltirib chiqarmoqda va bu esa fuqarolarimizning ortiqcha ovoragarchiliklariga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun ham», – deya ta’kidladi senator.

 

Ushbu hujjat qabul qilinganiga (prezident 2008 yil 7 yanvarda imzo chekkan) oradan 15 yilga yaqin vaqt o‘tgan, undagi 10 dan ortiq havolaki normaning mavjudligi hamda qonunchilik hujjatlaridagi normalarning bir-birini takrorlashi sohadagi munosabatlar asosan qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinishiga olib kelmoqda.

 

Shuningdek, qonunda bolada huquqiy ong va huquqiy madaniyatni shakllantirish bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan bo‘lsa-da, uning mexanizmlari aniq belgilanmagan, deyiladi xabarda.

 

«Ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxsning bolani voyaga yetkazish va tarbiyalash bo‘yicha majburiyatlari nazarda tutilmagan, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolaning sog‘lig‘i va rivojlanishiga zarar yetkazuvchi axborot yoki ma’lumotdan himoya qilinishiga oid normalar ham mavjud emas. Bolani voyaga yetkazish va tarbiyalash bo‘yicha majburiyat aniq belgilanishi kerak», — dedi Baxtiyor Sayfullayev.

 

Yana bir muhim jihat – do‘konlar, savdo markazlari va bozorlarda sotuvga qo‘yilgan mahsulotlarning hamda ular reklamalarining vakolatli davlat organi tomonidan bolaning sog‘lig‘i va dunyoqarashiga zarari yuzasidan doimiy nazorat o‘rnatishi bilan bog‘liq masalalar yoritilmagani ham qayd etildi.

BMTning «Bola huquqlari to‘g‘risida»gi konvensiyasida esa ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi vakillar bolalar ularning sog‘lig‘i yoki dunyo qarashiga zarar yetkazmaydigan axborot yoki ma’lumotdan foydalanishiga javobgar ekanligi belgilangan.

Bundan tashqari, Rossiya qonunchiligida bolaning ota-onasi (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) qonunchilikka muvofiq bolaning yoshini hisobga olgan holda va bolaning muomala layoqati doirasida, uning huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish va himoya qilishga qaratilgan mustaqil harakatlarni amalga oshirishda yordam berishi qayd etilgan. Gruziyaning qonunchiligida vakolatli davlat organlari o‘smirlarga o‘z huquqlarini ro‘yobga chiqarishga, tanqidiy fikrlashni rivojlantirishga, ularni mustaqil hayotga tayyorlashga yordam berishi o‘z aksini topgan. Finlyandiya qonunchiligida esa ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bolani voyaga yetkazish va unga g‘amxo‘rlik qilishga majbur ekanligiga oid normalar keltirilgan.

 

«Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunda yuqorida qayd etilgan masalalarning nazarda tutilmaganligi amaliyotda ko‘plab muammolarni keltirib chiqarishi, aholining ortiqcha ovoragarchiligiga sabab bo‘lishi mumkin, deydi senator.

 

Shu bois, qo‘mita raisi «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunni manfaatdor idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlar, amaliyotchilar, mutaxassislar, shuningdek xorijiy ekspertlar bilan birgalikda to‘liq o‘rganib chiqqan holda, takomillashtirish lozim deb hisoblashini ma’lum qildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//