“Oʻzavtosanoat” Sirdaryoda portlagan avtobus voqeasi boʻyicha munosabat bildirdi

Saqlash
18:56 / 23.08.2022 601 0

Joriy yilning 18-avgust kuni Sirdaryo viloyatida avtomobillarga gaz quyish shoxobchasida “Isuzu” rusumli avtobusning gaz balonlaridan biri portlagan va natijada 6 nafar fufaro voqea joyida vafot etgani haqida xabar berilgan edi. 

 

“Oʻzavtosanoat” AJ ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida oʻsha vaqtning oʻzida tizimdagi Komplayens xizmati xodimlari hamda “Samarqand avtomobil zavodi” MCHJ QK masʼul xodimlari bilan voqea joyiga borib oʻrganilganini maʼlum qildi.

 

Qayd etilishicha, mazkur avtobus dizel yoqilgʻisida harakatlanishga moslashgan holda 2012-yilda “Samarqand avtomobil zavodi” MCHJ QKda ishlab chiqarilib, MCHJning Xorazm viloyatidagi rasmiy dileri orqali sotilgan.

 

Keyinchalik, avtobusni sotib olgan korxona tomonidan 2014-yilda 60 litr sigʻimli, 6 dona gaz balonlar avtobus konstruksiyasiga oʻzgartirish kiritilgan holda, avtobusning ust qismiga oʻrnatilgan.

 

Bundan tashqari, ushbu avtobus bir yillik kafolat davrida kafolat talablari boʻyicha belgilangan davriy koʻrikdan oʻtkazish masalasida rasmiy dilerga murojaat qilmagan. 

 

Taʼkidlanishicha, kafolatli xizmat koʻrsatish sohasi siyosatiga koʻra, avtobus konstruksiyasiga oʻzgartirish kiritilgan hollarda, berilgan kafolat doirasidan oʻz-oʻzidan chiqib ketadi.

 

Eslatib oʻtamiz, ushbu holat hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʻrganilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//