Shavkat Mirziyoyev AQSH Kongressi delegatsiyasini qabul qildi

Saqlash
14:34 / 23.08.2022 677 0

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-avgust kuni AQSH Kongressi aʼzolari Trent Kelli va Derin Laxud ishtirokidagi delegatsiyani qabul qildi.

 

Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan AQSH oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

 

Parlamentlar oʻrtasida faol almashinuvlarni hamda kongressmenlar vakillik qilayotgan Missisipi va Illinoys shtatlari bilan amaliy hamkorlikni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratildi.

 

Keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlarda erishilgan yuqori daraja qayd etildi. Samarali muloqotlar kengaymoqda, oʻzaro tashriflar amalga oshirilmoqda. Mamlakatlar oʻrtasidagi tovar ayirboshlash oʻtgan yilda 53 foizga, joriy yil boshidan esa yana 20 foizga oshdi. Bozorda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan AQSH kompaniyalari soni ortib bormoqda.

 

Misol tariqasida “Silverleaf” kompaniyasining Jizzax viloyatidagi agroklasterni rivojlantirish borasidagi sermahsul faoliyati koʻrsatib oʻtildi.

 

Davlat rahbari AQSH Kongressida faoliyat yuritayotgan Oʻzbekiston boʻyicha kokus ishini yuksak baholadi.

 

Sogʻliqni saqlash, taʼlim, qishloq xoʻjaligi, sanoat va yuqori texnologiyalar sohalarida oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

 

AQSH ushbu hududlaridan ishbilarmonlar delegatsiyalarining mamlakatga tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//