Sport
Oʻzbekiston terma jamoasi Islom birdamligi oʻyinlarida 158 ta medal bilan ikkinchi oʻrinni egalladi. Musobaqaning soʻnggi kunida sportchilar 24 ta — 5 ta oltin, 8 ta kumush va 11 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Islom birdamligi oʻyinlarida Mavlon Muhammadjonov -54 kg vazn toifasida kikboksing boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasiga dastlabki oltin medalni olib keldi. U finalda ozarbayjonlik sportchi ustidan gʻalabaga erishdi.
-75 kg vazn toifasida jang qilgan Mahmud Hayotov kikboksning ful kontakt yoʻnalishida gʻolib boʻldi. Hayotov finalda ozarbayjonlik sportchidan ustun kelib, oltin medalga sazovor boʻldi.
Sportchilardan Jumanazar Navroʻzov, Jamoliddin Nosirov, Nazarbek Mahmudov, Faxriddin Eminov, Murod Azimov, Mahliyo Abdumannopova, Robiya Qoʻchqorovalar bellashuvlarda finalgacha yetib borib, yakunda kumush medal bilan taqdirlandi.
Kikboksing boʻyicha Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi aʼzolaridan oʻz vazn toifalarida yarim finalgacha yetib borgan Munisa Qoraboyeva, Dilrabo Toirova, Shirinoy Zohidova, Gulsanam Akmaljonova hamda erkaklar terma jamoasidan Husanjon Baratov, Nurbek Urushboyev, Davlatbek Rayimjonov, Muhammad Yusuf Gʻaniyev, Laziz Bekmatov, Sherali Musoyev, Olimjon Sultonovlar delegatsiya hisobiga bronza medallarini olib kelishdi.
Bir kun avval uchlikda kumush medalni qoʻlga kiritgan 47 yoshli Oksana Chusovitina sport gimnatikasining tayanib sakrash dasturida oltin medalga sazovor boʻldi.
Dildora Aripova sport gimnastikasining toʻsinda ijro etiladigan dasturida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritib, oltin medalga ega boʻldi.
Islom birdamligi oʻyinlarining sport gimnastikasi bellashuvlarida Ominaxon Halilova erkin dasturda ikkinchi natijani qayd etib, delegatsiyaga kumush medalni taqdim qildi.
Karate bahslarining ikkinchi kunida -61 kg vazn toifasida ishtirok etgan Zulxumor Tursunaliyeva birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. U finalda turkiyalik raqibasini magʻlubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor boʻldi.
Islom birdamligi oʻyinlari yakuniga koʻra, Turkiya terma jamoasi 145 ta oltin, 107 ta kumush va 89 ta bronza — 341 ta medal bilan birinchi, Oʻzbekiston termasi 51 ta oltin, 42 ta kumush va 65 ta bronza — jami 158 ta medal bilan ikkinchi, Eron esa 39 ta oltin, 44 ta kumush va 50 ta bronza — 133 ta medal bilan uchinchi oʻrinni egalladi. Qoʻshni davlatlar — Qozogʻiston 89 ta medal bilan beshinchi, Qirgʻiziston 31 ta medal bilan toʻqqizinchi, Turkmaniston 23 ta medal bilan oʻn ikkinchi va Tojikiston 8 ta medal bilan turnirni 29-oʻrinda yakunladi.
18-avgust kuni oʻyinlarning yopilish marosimi oʻtkazildi. Navbatdagi Islom birdamligi oʻyinlariga 2025-yilda Kamerun poytaxti Yaunde shahri mezbonlik qiladi.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q