Jamiyat
Qariyb ikki oydirki, dunyoda koronavirus pandemiyasining yangi toʻlqini avjida. Mutaxassislar buni COVID-19ning yangi mutatsiyalari keng tarqalishi bilan izohlayapti.
Xususan, «omikron»ning qator subvariantlari, ayniqsa, «kentavr» nomli oʻta yuqumli kichik shtammi, shu bilan birga, «deltakron» deb atalgan gibrid mutatsiyasi odamlarda jiddiy xavotirlarni uygʻotayotgan edi.
Kecha rossiyalik shifokorlar koronavirusning ushbu turiga chalingan bemorlarda kasallik qanday kechayotgani bilan bogʻliq tahlillarini eʼlon qildi.
Unda aytilishicha, keyingi paytlarda mamlakatda «kentavr»ni yuqtirgan bemorlar soni koʻpayishi qayd etilgan. Biroq bu subvariant “delta” shtammi singari barchaga birdek xavf solayotgani yoʻq.
Undan keksalar va surunkali kasalliklarga chalinganlar koʻproq aziyat chekmoqda. Qolaversa, «kentavr» oqibatida oʻpkaning zararlashi kuzatilayotgani yoʻq.
Mazkur mutatsiya asosan rotavirusga xos alomatlar bilan namoyon boʻlmoqda. Bemorlarning 50 foizida esa diareya va qusish holatlari qayd etilyapti. Bundan tashqari, bosh ogʻrigʻi va baʼzida bezovtalikdan shikoyat qiluvchilar ham bor.
«Kasallik 5-7 kun davom etyapti, — deydi rus shifokorlari. — Beshinchi kunga borib PZR testi manfiy natijani koʻrsatmoqda. Trombofiliya, yurak-qon tomir xastaliklariga chalingan, intoksikatsiya va yuqori tana haroratiga taʼsirchan bemorlarda xastalik birmuncha ogʻir oʻtmoqda».
Shuningdek, mutaxassislar «deltakron»ga xos asosiy belgilar haqida ham maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, bu shtamm koronavirusning avvalgi mutatsiyalariga nisbatan yuqumli. Shu bilan birga, «omikron»ga taqqoslaganda, statsionar davolanishni koʻproq talab etadi. Yaʼni kasallik biroz qiyin oʻtadi.
“Delta” shtammida tana haroratining koʻtarilishi uzoq vaqt kuzatilgan boʻlsa, «omikron»da bu holat 1-3 kun davom etadi. Isitmaning yuqori koʻrsatkichi ham faqat bir kun qayd etiladi.
Shu bilan birga, «omikron»ga chalinganda oʻpkaning zararlanishi xavfi minimal darajada. Tomoq ogʻrigʻi va quruq yoʻtal unga xos belgilar sirasidan.
“Delta” taʼm va hid bilish qobiliyati yoʻqolishi, oshqozon-ichak traktidagi buzilishlar bilan namoyon boʻladi. “Omikron”ga chalinganlar esa koʻproq holsizlik va bosh ogʻrigʻidan shikoyat qilishadi.
«Deltakron» ana shu har ikki shtammga xos alomatlarni oʻzida qisman mujassam etgan. Yaʼni u qisqa muddatli yuqori tana harorati, hid bilish qobiliyatining yoʻqolishi, oʻpkaning zararlanishi bu gibrid variantga tegishlidir.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q