Toʻraqoʻrgʻon IESda favqulodda oʻchish sodir boʻldi

Saqlash
21:58 / 17.08.2022 571 0

Namangan viloyatidagi Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasi faoliyati favqulodda toʻxtatildi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi.

 

Taʼkidlanishicha, viloyatdagi “Oʻztransgaz” AJga qarashli magistral gaz quvuri oʻtgan yer maydonida nomaʼlum shaxslar kelishmasdan yerni qazish ishlarini olib borganligi natijasida gaz quvuriga shikast yetkazilgan.

 

Ushbu gaz quvuri Toʻraqoʻrgʻon IESni yoqilgʻi bilan taʼminlaydi. Mazkur gaz quvuriga yetkazilgan shikast natijasida Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasi favqulodda toʻxtatildi, deyiladi xabarda.

 

Hozirgi vaqtda nosozliklarni bartaraf etish, shuningdek, elektr taʼminoti uchun zaxira quvvatlarini ishga tushirish boʻyicha barcha choralar koʻrilmoqda.

 

Boshqa elektr stansiyalarida zaxira energobloklarini ulash boʻyicha ishlarni bajarish uchun maʼlum vaqt zarurligini inobatga olgan holda, ayrim hududlarda elektr taʼminotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkin.

 

Mazkur holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Vazirlik keltirilgan noqulayliklar uchun isteʼmolchilardan uzr soʻramoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//