Jamiyat
Ijtimoiy tarmoqlarda “qoʻl harakati bilan davolovchi tabib” videosi tarqalmoqda. Izohlarda bu tabib Oʻzbekiston Tabobat akademiyasida rasmiy roʻyxatdan oʻtgani aytilmoqda. Mazkur videolarda tabib deb atalayotgan erkak bemorlarning tanasi atrofida turli qoʻl harakatlarini bajarayotgani aks etgan. Shundan soʻng tabib bemordan “Yaxshi boʻldingizmi?” deb soʻrab, bemorlardan tasdiqlatib olmoqda va ushbu videolarni oʻzining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylamoqda.
“Daryo” mazkur tabib boʻyicha izoh olish uchun Xalq tabobati assotsiatsiyasi bilan bogʻlandi. Tashkilot raisi Roʻzimuhammad Xonnazarov bu boʻyicha quyidagi fikrlarni bildirib oʻtdi.
«Mazkur videodagi shaxs qoʻqonlik Iqbol Soliyev. Bu insonni men yaxshi taniyman. Bir necha bor suhbatlashganman. Chunki biz bugun tabiblar va tabiblikka daʼvogarlar haqida maʼlum bir darajada maʼlumotlarga egamiz. Internetda tarqalayotgan xabarlarda u Oʻzbekiston Tabobat akademiyasida rasmiy roʻyxatdan oʻtganligi taʼkidlangan. Hozirgi paytda qaysi tabibni uchratsangiz, ʻfalon akademiyaning aʼzosiʻ yoki ʻakademigiʻ boʻlib chiqadi. Albatta bu alohida bir mavzu boʻlib, hali bunga toʻxtalib oʻtamiz.
Avvalo shuni taʼkidlab oʻtish kerakki, xalq tabobati tabiiy giyohlar, hayvon mahsulotlari, maʼdanlar yordamida turli kasalliklarni davolashdan iborat amaliy faoliyatdir.
Shu bilan birga, xalqimiz orasida azaldan silovchilar, kinnachilar, duoxonlar mavjud boʻlib, ular qoʻl berish yoʻli bilan oʻz iqtidorlarini xalq xizmatiga yoʻnaltiradi. Bu insonlar oʻzlarini ʻgʻayrioddiyʻ inson ekanliklarini bot-bot taʼkidlab, oʻzlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali mashhur qilishga harakat qiladi. Aniqroq qilib aytadigan boʻlsak, mijoz qidiradi.
Videodagi tabib esa oddiy qoʻl harakatlari yordamida bir lahzada insonlarga shifo ulashayotgani aytilmoqda. Men bu insonning harakatlarini tasdiqlash yoki inkor qilish fikridan yiroqman. Chunki insonlarda uchrab turadigan ʻgʻayrioddiylikʻ haqida hazrat Ibn Sinodan soʻrashganda u zot ʻUshbuni rad etishga shoshilmangʻ degan ekanlar.
Roʻzimuhammad Xonnazarov Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova
Tabobatda bioenergiya bilan davolash amaliyoti mavjud. Buni inkor etmayman. Bunda insondagi 5 ta omil – harorat (36,6 S), bioquvvat, magnit maydoni, infraqizilnur, energiya axboroti orqali bemor kishiga taʼsir oʻtkaziladi. Buning uchun muayyan vaqt talab qilinadi.
Ammo videodagi holat rost boʻlsa, agar bu tabib qoʻl harakatlari bilan ogʻir bemolarni shunday osonlik bilan bir lahzada davolayotgan boʻlsa, atrofda kasal odam qolmas edi. Kasalxonalarimizda shifo istab yotgan koʻplab ogʻir bemorlar, nogironlar, xastalar bor. Unda nega ularni oyoqqa turgʻizib yubormayapti?
Bunday holatlarning yuzaga kelishiga sabab, avvalambor, odamlarning tibbiy bilim va madaniyati yetarli darajada emasligi hisoblanadi. Shuningdek, koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlardan shifo topmayotgan bemorlar moʻjiza istab toʻgʻri shu kabi shaxslarning tuzogʻiga boradi. Odamlarimiz sodda, samimiy deymiz. Bu soddalikdan ham koʻra koʻproq tibbiy madaniyat, birlamchi tibbiy bilimning yoʻqligidan darak beradi.
Masalan, Germaniyada hech qachon toʻsatdan bunday tabiblar paydo boʻlgani haqida eshitmaysiz. Chunki u yerdagi oddiy aholining tibbiy bilimi bizdagi baʼzi soxta tabiblar va shifokorlarnikidan yaxshiroq deb oʻylayman. Shu sababli kimdir qoʻl bilan davolayman, deb daʼvo qilib chiqadigan boʻlsa, unga savol berishni bilishadi.
Bizda ham aholining tibbiy madaniyati va koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati oshsa, ayrim qoʻshtirnoq ichidagi tabiblarga boʻlgan ommaviy qiziqishlar oʻz-oʻzidan barham topadi», – dedi Xalq tabobati assotsiatsiyasi raisi Roʻzimuhammad Xonnazarov.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q