Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga joʻnab ketdi

Saqlash
20:56 / 17.08.2022 709 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ikki muqaddas masjid xodimi – Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatga joʻnab ketdi.

 

Avvalroq, Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov anʼanaviy brifingda bu haqida maʼlum qilgan edi.

 

Tashrif dasturiga muvofiq Jidda shahrida oliy darajadagi muzokaralar boʻlib oʻtadi. Ularda mamlakatlar oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilinadi.

 

Alohida eʼtibor “yashil iqtisodiyot”, yuqori texnologiyalar va raqamlashtirish, innovatsiyalar, kichik biznes va tadbirkorlik sohalariga qaratiladi.

 

Sammit yakunida ikki tomonlama hujjatlarning katta toʻplami imzolanishi kutilmoqda.

 

Shuningdek, davlat rahbari Saudiyaning yetakchi kompaniyalari, nufuzli xalqaro tuzilmalar – Islom hamkorlik tashkiloti va Islom taraqqiyot banki rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazadi.

 

Shu bilan birga, Prezident Makkayi Mukarrama va Madinai Munavvarani ziyorat qiladi. 

 

“Shuni aytib oʻtish kerak – ushbu tashrif oxirgi 30 yilda Oʻzbekiston prezidentining Saudiya Arabistoniga birinchi tashrifi boʻladi” — dedi Sherzod Asadov.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//