“Bu sharmandagarchilik boʻladi” – senator Surxondaryoda ochiladigan muzeyga bosqinchilar nomi berilayotganini tanqid qildi

Saqlash
17:07 / 08.08.2022 1256 0

Surxondaryo viloyati Boysun tumanida ochilishi xabar qilingan muzeyning Yunon-Baqtriya tarixi muzeyi deb nomlanishi mutlaqo notoʻgʻri qaror. Bu haqida Senatning 29-yalpi majlisida Fanlar akademiyasi tarix instituti direktori, senator Azamat Ziyoyev aytib oʻtdi.

 

Turizm va madaniy meros vazirligi 2022-yil 5-iyul kuni Surxondaryo viloyatida Yunon-Baqtriya tarixi muzeyi tashkil etilayotgani haqida xabar bergandi. Senator Azamat Ziyoyev mazkur muzeyning dushmanga atab nomlanishi aqlga sigʻmasligini taʼkidladi.

 

“Surxondaryo viloyatida sayyohlikni rivojlantirish masalasi koʻtarildi. Matbuotda Boysun tumanida Yunon-Baqtriya muzeyini ochish haqida eʼlon berildi. Yunon-Baqtriya degan tushuncha gʻarb olimlari tomonidan toʻqib chiqarilgan. Xabarimiz bor, yunonlar miloddan oldingi 4-asrda bizning yurtimizni bosib olgan. Talon-toroj, buzgʻunchiliklar qilgan. Minglab odamlarimizni oʻldirgan. Ilmda xuddu shu davrda bizni yunonlar bilan bogʻlash bor. Bu tabiiy. Lekin Yunon-Baqtriya deb muzeyga nom qoʻyish, bosqinchini nomi bilan ularga atab muzey ochish, bu hech qanaqa aqlga sigʻmaydi. Hech qaysi bir aqli raso millat, davlat oʻzini bosib olgan, oʻzini xor qilgan dushmanga atab muzey ochmaydi. Men tarixchi sifatida, tarixchilar nomidan talab qilamanki, bunaqa ishlarni qilishdan oldin maslahatlashib olinsa, ertaga uyatga qolmaymiz. Bu sharmandagarchilik boʻladi”, – dedi tarix fanlari doktori.

 

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Tarix instituti direktori Azamat Ziyo oʻzining Feysbukdagi sahifasida mazkur muzeyning ochilishiga qarshiligini bildirib, quyidagicha yozgan edi: 

 

«Mana shunday paytlarda nima deyishingni ham bilmay qolasan. Axir yunonlar gʻirt bosqinchi boʻlgan-ku! Qaysi aqliraso millat va davlat oʻz bosqinchilariga atab muzey ochadi?

 

Bu ketishda balki ertaga ahamoniylar va arablar, indinga moʻgʻullar va oʻrislar bosqiniga oid muzeylar ochilar?! Nimalar qilyapmiz oʻzi?! 3000-yillik davlatchilik tariximizni endigina yuzaga chiqarib turgan pallada, uni yana ulashish boshlanmoqdami», degan senator. 

 

Maʼlumot uchun: Azamat Ziyoyev Senatning avvalgi majlislaridan birida Oʻzbekiston taʼlim tizimini haligacha sovetcha ekanini, tizim hali ham eskicha andozalar asosida ishlab kelayotganini tanqid qilgandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//