Jamiyat
“Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident Qarori imzolandi.
Unga ko'ra, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondining muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan quyidagi takliflariga rozilik beriladi:
▪️ quyidagi toifadagi bemorlarning tibbiy tekshiruvdan o‘tish, jarrohlik amaliyoti va davolash xarajatlarini qoplash:
(i) og‘ir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolalarda jarrohlik amaliyotini o‘tkazish;
(ii) 2,3 ming nafar onkologik, gemotologik va onkogematologik tashxis qo‘yilgan bemorlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, ularni davolash va jarrohlik amaliyotini o‘tkazish;
(iii) kamida 350 nafar bemorlarda jigar va buyrak transplantatsiyasi amaliyotini o‘tkazish;
▪️ ijtimoiy himoyaga muhtoj quyidagi bolalarning omonat hisobvaraqlariga 200 AQSH dollari miqdoridagi pul mukofotini o‘tkazish:
(i) yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar (vasiylik, homiylik va patronatdagi bolalar);
(ii) Mehribonlik uylari, oilaviy bolalar uylari, kichik hajmli bolalar uylari hamda “SOS” bolalar mahallasi tarbiyalanuvchilari;
(iii) Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan ota-onalarning farzandlari;
(iv) “Taskin Children's Hospice” bolalar onkologik shifoxonasida davolanayotgan bolalar;
(v) 500 ta masjidda aholi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida ularda zamonaviy tahoratxonalar qurish, rekonstruksiya qilish yoki ta’mirlash hamda joylardagi qabristonlarni obod qilish.
Mazkur qarorning 1-bandi “a” kichik bandida nazarda tutilgan bemorlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, jarrohlik va davolash amaliyoti Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilaydigan tibbiyot tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi. Bunda:
▪️ bemorlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, jarrohlik va davolash amaliyotini o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlar doirasida donorlarning xarajatlarini qoplash ko‘zda tutiladi
▪️ tibbiyot tashkilotlari tomonidan davolash tadbirlari tasdiqlangan standartlar hamda klinik protokollar asosida o‘tkazilishi ustidan nazorat Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, qarorda nazarda tutilgan tadbirlar davlat maqsadli jamg‘armalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan ajratiladigan 690 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘lar hisobidan “Vaqf” xayriya jamoat fondi orqali moliyalashtiriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda keng jamoatchilik vakillarining quyidagi takliflari ham ma’qullanadi:
(a) muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish hamda ushbu maqsadlarda ko‘ngilli xayriya hasharlarini o‘tkazish;
(b) ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi toifalari uchun ehson dasturxonlarini yozish hamda ziyoratgohlar va diniy ta’lim tashkilotlarida qurbonlik tadbirlarini tashkil etish.
Qaror ijrosini tashkil etish, ta'minlash va nazorat qilish jarayonida muqaddas qadamjolarni obodonlashtirish va mehr-saxovat tadbirlarini uyishtirish hamda muvofiqlashtirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari raisligida hududiy kengashlar tashkil etiladi va ularning namunaviy tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlanadi.
Qarorga muvofiq quyidagilar hududiy kengashlarning asosiy vazifalari etib belgilandi:
(a) aholini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mehr-saxovat va xayr-ehson tadbirlarining manzilli amalga oshirilishini ta’minlash hamda ushbu yo‘nalishda vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalari va tuman (shahar) hokimlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
(b) yurtimizdagi muqaddas qadamjolar, masjidlar va qabristonlarni obod qilish va aholida ajdodlar xotirasiga hurmat-ehtirom ko‘rsatish tuyg‘ularini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishini tashkil etish;
(v) mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlar doirasida yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor bartaraf etish.
Bundan tashqari, “Vaqf” xayriya jamoat fondi orqali tibbiy tekshiruv, jarrohlik va davolash amaliyoti xarajatlarini qoplash quyidagi tartibda moliyalashtirish tartibi o'rnatiladi:
(a) tibbiy tekshiruv, jarrohlik va davolash amaliyoti o‘tkaziladigan kasalliklar ro‘yxati Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi;
(b) bemorlarni tegishli tibbiyot tashkilotiga yo‘llash va davolash Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator – “UZINFOCOM” MCHJ bilan birgalikda ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni axborot moduliga kiritish orqali amalga oshiriladi;
(v) tibbiy tekshiruv, jarrohlik va davolash amaliyoti o‘tkazilgan bemorlarga ko‘rsatilgan xizmatlar xarajatlarini qoplash Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotnomaga asosan ushbu ma’lumotnoma taqdim etilgan vaqtdan e’tiboran besh ish kuni ichida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 17-fevraldagi “Muborak Ramazon oyida ehtiyojmand aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi PQ–67-son qarori doirasida “Vaqf” xayriya jamoat fondiga O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan tasdiqlangan kasalliklar va tibbiyot tashkilotlari ro‘yxatiga muvofiq davolanish yoki jarrohlik amaliyotini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash huquqi beriladi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita esa O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Agentlik bilan birgalikda mazkur qarorda nazarda tutilgan Qurbon hayitini munosib nishonlash bilan bog‘liq xayr-u saxovat va muruvvat tadbirlarining mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
112359
Jamiyat
95023
Jamiyat
91212
Jamiyat
75927
Jamiyat
//
Izoh yo‘q