Madaniyat
Taniqli ispan yozuvchisi va tarixchisi Antonio Torremocha Silvaning “Samarqandga elchilik” nomli tarixiy romani nashrdan chiqdi. Asar Amir Temur saroyiga tashrif buyurgan kastiliyalik elchi Rui Gonsales de Klavixoning diplomatik missiyasiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda Kastiliya qiroli Genrix III tomonidan Usmonlilar imperiyasining kuchayishi fonida Temuriylar davlati bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatish maqsadida Samarqandga yuborilgan elchining sayohati hikoya qilinadi.
Roman syujeti 1403–1406-yillardagi voqealarni qamrab olgan.
Muallif ispan elchiligining O‘rta yer dengizi, Konstantinopol, Kichik Osiyo, Fors va Markaziy Osiyo orqali Temuriylar davlati poytaxti va o‘sha davrning eng yirik siyosiy, ilmiy va madaniy markazlaridan biri bo‘lgan Samarqandgacha bo‘lgan yo‘lini batafsil tasvirlagan.
Kitobda Temuriylar davridagi Samarqandning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, Buyuk Ipak yo‘li karvon yo‘nalishlari, saroy madaniyati, diplomatik marosimlar, xalqaro savdo va XV asrda Sharq va G‘arb o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning muhim markazi bo‘lgan shahar muhiti haqida so‘z yuritilgan. Shuningdek, madaniyatlararo muloqot, diplomatiya va shaxsning o‘rta asrlar xalqaro munosabatlaridagi roli mavzulariga ham to‘xtalib o‘tilgan.
Romanning tarixiy asosini XV asr boshlarida Temuriylar davlati va Yevropa davlatlari o‘rtasidagi haqiqiy diplomatik aloqalar tashkil etadi.
Jumladan, Amir Temurning 1402-yilda Anqara jangida Usmonli sultoni Boyazid I ustidan qozongan g‘alabasidan so‘ng Yevropa davlatlari Samarqand bilan ittifoqchilik munosabatlarini faol izlay boshladi. Kastiliya qiroli Genrix III Temur saroyiga diplomatik va savdo aloqalarini o‘rnatish maqsadida Rui Gonsales de Klavixo boshchiligida maxsus elchilik yuboradi.
Ispan missiyasining Samarqandgacha bo‘lgan yo‘li bir yildan ortiq vaqtni olgan va Konstantinopol, Kichik Osiyo, Fors hamda Markaziy Osiyo orqali o‘tgan. Klavixo o‘z qaydlarida ko‘rgan shaharlar, karvon yo‘llari, diplomatik marosimlar va Temuriylar davlati hududidagi xalqaro savdo ko‘lamini batafsil tasvirlab bergan.
Samarqand ispan diplomatida alohida taassurot qoldirgan bo‘lib, u shaharni Sharqning eng boy va muhtasham shaharlaridan biri deb atagan.
Klavixo o‘z xronikalarida ulkan saroylar, bog‘lar, bozorlar, me’moriy majmualar va Sharq hamda G‘arb madaniyatlari va savdo yo‘llari kesishgan shahar muhiti haqida so‘zlaydi. Uning guvohliklari bugungi kunda Markaziy Osiyo va Amir Temur davri haqidagi eng muhim Yevropa manbalaridan biri hisoblanadi.
Nashriyot annotatsiyasida qayd etilishicha, roman “deyarli imkonsiz missiya xronikasi” va “Osiyo hukmdorining ko‘ziga tik qarashga jazm etgan ispanning epik tarixi” sifatida taqdim etilgan.
Mazkur kitob Rui Gonsales de Klavixoning o‘zi tomonidan yozilgan mashhur o‘rta asr xronikasi – “Temur huzuriga elchilik” asari asosida yaratilgan.
Roman joriy yil may oyida sotuvga chiqarilgan bo‘lib, hajmi 352 sahifadan iborat.
Kuzatuvchilar fikricha, romanning nashr qilinishi Ispaniyada Pireney yarimoroli va Markaziy Osiyo, jumladan, hozirgi O‘zbekiston hududi o‘rtasidagi diplomatik va madaniy aloqalar tarixiga qiziqish saqlanib qolayotganidan dalolat beradi.
Madaniyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
112357
Jamiyat
95022
Jamiyat
91209
Jamiyat
75926
Jamiyat
//
Izoh yo‘q