Avgustda ham jazirama kuzatiladimi?

Saqlash
20:05 / 01.08.2022 714 0

Yozning soʻnggi oyi avgust ham kirib keldi. Odatda yoz mavsumining eng issiq davri chilla avgust oyining boshida tugaydi.

 

Iqlimiy maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda oʻrtacha avgust oyi iyul oyiga nisbatan 1,5-2,5 darajaga salqinroq boʻladi.

 

Hududning aksariyat qismida avgust oyi haroratining yeng yuqori choʻqqi qiymatlari iyul oyi maksimumlaridan past boʻladi. Shunda, Toshkentda iyul oyidagi eng yuqori havo harorati 44,6 daraja (bunday harorat 1997-yilda qayd etilgan), avgust oyida yesa 43,1 daraja (1944-yilda) ni tashkil etadi. Respublikaning chekka janubida, Termizda iyul oyida eng yuqori harorat 48,6 daraja (1914-yilda), avgust oyida esa 46,3 daraja (1947-yilda) boʻlgan.

 

Bu yil avgust nisbatan qulay harorat qiymatlari bilan boshlanadi. Oyning birinchi besh kunligida kunduzgi havo harorati 33-38 daraja atrofida boʻladi. Xuddi shunday harorat foni oyning oxirigacha ustunlik qiladi. Lekin shu bilan birga markaziy hududlarda harorat qisqa muddatli davrga 40-41 darajagacha, janubda va choʻl zonasida 41-42 darajagacha koʻtarilish (1-2 kun) ehtimoli bor.

 

Avgust oyining ayrim kunlarida respublika boʻyicha baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//