Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlari uchrashuv oʻtkazdi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-avgust kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Saqlash
11:58 / 06.08.2021 1138 0

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-avgust kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Mamlakatimiz yetakchisi Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik zonasida oʻtayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi yuqori darajada tashkil etilganini, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda bu yana bir muhim bosqich boʻlishini taʼkidladi.

Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlari ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini, mintaqaviy va xalqaro darajadagi aloqalarni muhokama qildilar.

Davlat rahbarlari pandemiyaning qiyin davriga qaramay, Oʻzbekiston bilan Turkmaniston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuvda avval erishilgan kelishuvlarning bajarilish holati koʻrib chiqildi. Ijobiy oʻsish surʼatlarni davom ettirish uchun yangi loyihalar ishlab chiqish, chegaradosh hududlar va ishbilarmonlar oʻrtasidagi aloqalarni faollashtirish kerakligi taʼkidlandi.

Transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, Janubiy Osiyo va Janubiy Kavkaz yoʻlaklari orqali yangi tashqi bozorlarga chiqish, shu jumladan Ashxobod bitimiga muvofiq xalqaro transport va tranzit yoʻlagini yaratish istiqbollari muhokama qilindi.

Muloqotda boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvga tayyorgarlik masalalari koʻrib chiqildi. Hamkorlikning yangi “oʻsish nuqtalari”ni topish, samarali loyiha va shartnomalar tayyorlash uchun yaqin vaqtlarda Hukumatlararo komissiyasi va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yigʻilishini oʻtkazishga kelishib olindi.

Madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlari strategik sheriklik munosabatlarini xalqlarimiz farovonligi yoʻlida oʻzaro ishonch va hurmat tamoyillari asosida izchil mustahkamlab borish borasida qatʼiy ekanliklarini taʼkidladilar.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//