“Shoir kim?”, “O‘quvchilar qoidani biladi, lekin nega xato yozadi” – “Til va adabiyot ta’limi” jurnalining yangi sonida nimalarni o‘qiymiz?

Saqlash
18:19 / 15.05.2026 15 0

Ona tili fani o‘qituvchilarini eng ko‘p qiynaydigan, tanaffuslarda hamkasblar bilan doimiy bahs-munozaraga sabab bo‘ladigan savollardan biri shu: nega o‘quvchilar nazariy qoidalarni yoddan bilsa-da, matn yoki esse yozishda imlo xatolarini ko‘p qilaveradi? Buning sababi doim ham o‘quvchining layoqati yoki quntiga bog‘liq emas, balki nazariyani amaliyotga ko‘chirishni ta’minlaydigan uzluksiz mashqlar yetishmasligida. Maktab ta’limida fanni kompleks o‘qitishga urg‘u berilgani va dars soatlari cheklangani sababli savodxonlik ko‘nikmasini avtomatizm darajasiga olib chiquvchi intensiv mashqlarga har doim ham yetarli vaqt ajratishning imkoni yo‘q. Natijada o‘quvchi qoidani bilsa-da, uzluksiz amaliyot yetishmasligi sababli yozuvda qo‘llashda oqsaydi.” Mazkur parcha Orif Tolibning “O‘quvchilar qoidani biladi, lekin nega xato yozadi” maqolasidan olingan. O‘zbek tili imlosidagi asosiy chalkashliklar va uning yechimiga qaratilgan “Ibratli imlo” haqidagi mulohazalarning to‘liq matni bilan “Til va adabiyot ta’limi” jurnalining 2026-yil 1-sonida tanishing.

 

Mening shoirim esa hayotning turli zarbalariga duch keldi. Ularni mardona qabul qildi-yu, o‘zgani emas, faqat o‘zini malomat ayladi. Fosh etishga, tosh otishga, o‘zidan farishta yasab jar solishga ishtiyoqmand bo‘lmadi. Uning she’rlarida “gunoh”, “adashish”, “xato” so‘zlarining ko‘p uchrashi shundan bo‘lsa kerak. “Hayotim davomida ishonuvchanligim ortidan ko‘p xatolar qildim”, degan mardona e’tiroflari bor inson: “Ammo hasad qilmay yashash, haqiqatni sevish oldida bu xatolar hech narsa emas”, deyishga haqlidir.” “Shoir kim?” ruknida “Gulning xayolidan bo‘lgandim paydo” sarlavhasi ostida Nodira Ofoqning Halima Ahmedova hayoti va ijodiga “hassos safar”ini o‘qiysiz.

 

Aksariyat mamlakatlarda ta’lim jarayonida amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, tilni real hayotda qo‘llashga yo‘naltirish, shuningdek, talabalarda mantiqiy va tizimli fikrlashni rivojlantirishga qaratilgan yondashuvlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu nuqtayi nazardan “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” fanini, xususan, uning morfologiya bo‘limini o‘qitishni zamonaviy talablar asosida loyihalash va tashkil qilish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Bu esa talabalarda morfologik kompetensiyalarni rivojlantirishda jahon tajribasini o‘rganish va uni mavjud metodika bilan integratsiyalash zaruratini yuzaga keltiradi.” Saparboy Atiyazovning metodik tavsiyalari o‘rin olgan “Talabalarning morfologik kompetensiyalarini rivojlantirish” maqolasini mazkur sonda o‘qiysiz.

 

Jurnalning keyingi sahifalarida “2070-yilga yo‘l olgan bilimlar” (Nargiza Yunusova), “Isonafaslik rindi Sheroz” (Rustam Jabborov), “Anvar Obidjon chin va zil ustasi” (Gulgun Usmonova) maqolalari hamda “Kelajak uchun xotrijiy til” boshlandi” yangiliklarini o‘qishingiz mumkin. Shuningdek, rus tili bo‘limida “Художественное чтение открывает глаза человека на мир” (Mirdjalol Tursunov), “Литературная интеллектуальнаф игра “что? где? Когда?” (Zamira Nurmanovna), “Метафора есть орудие мысли: о древней метафоре современным взглядом” (Kodirjon Nosirov), “Философия и поэтика Баха Ахмедова в контексти современной руччкоязычной литературы Узбекистана” (Aselb Ismailova) maqolalari o‘rin olgan.

 

Biz qatag‘onda boy berilgan milliy salohiyat ko‘lamini to‘la his etmaymiz. Mabodo 1937-yili Oybek qurbon bo‘lganida bugun unga umummilliy e’tirofning g‘arbona ramzi  sifatida haykal qo‘yilmas edi. Chunki adabiyotga asosiy xizmatini keyin qildi: “Qutlug‘ qon”, “Navoiy”, “Bolalik”, asr oshgan xastalik she’rlari. Avvalgi ijodini  kamsitmaymiz, albatta. Ayniqsa, yoshlikdagi siyosiylashmagan sof lirikasi tahsinga loyiq. Oybekni ayblamoqchi emasman. Zalolat botqog‘idan harna toza chiqishga, millat bolalarini ma’rifatsiz qoldirmaslikka, kurashni to‘xtatmaslikka tirishdi. Hozir o‘ylanib qolganim, qancha oybeklarimiz juvonmarg ketgan: ro‘yobga chiqmagan talantlar, ishga solinmagan salohiyatlar. Faqat adabiyotda emas, barcha sohada: ilm-fan, harbiy jabha, siyosat, iqtisod... To‘qsonning aldamchi iliq-miliq havosiga ishonib gullagan bog‘ misoli bor hosilidan ayrilib qolgan millatimiz.” “Muharrir minbari”dan olingan ushbu parchani jurnalning mazkur soniga xulosa o‘rnida keltirdik. “Til va adabiyot ta’limi”ni mutolaa qiling, millatning og‘riqlarini his qiladigan farzandlari qatorida bo‘ling.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//